Muhojirning qadrini bilgan bildi...
Bizning «gastarbayter»lar bir yilda, ba’zi raqamlarga ishonadigan bo‘lsak, O‘zbekistonga 6 milliarddan 20 milliard dollargacha pul jo‘natishgan. Bu pullar mamlakatning kundalik turmushi uchun zarur bo‘lgan valyuta ehtiyojini qondirib turdi. Shuningdek, asosan muhojirlar jo‘natgan pul mamlakatdagi tadbirkorlik rivojlanishining asosi bo‘lib, farovon hayotni ta’minladi. Usta ham, savdogar ham, hunarmand ham shu pulga xizmat qilib, o‘z biznesini rivojlantirgan.
Biz yil davomida jon kuydiradigan paxtadan olinadigan yillik daromad bir milliard dollar atrofida ekanligini bildik. Mamlakatga paxtadan o‘nlab barobar ko‘p daromad olib kelayotgan muhojirni hamma xohlagan narsasida aybladi. 2013 yilning oxirida Rossiyada boshlangan iqtisodiy inqiroz muhojirlarning daromadini keskin pasaytirib yubordi, bu o‘z navbatida bizdagi pul tushumi ham kamayishiga olib keldi. Ko‘plab muhojirlar ortga qaytdi. Bizda bo‘lsa 3000 so‘m atrofida barqaror turgan AQSh dollarining kursi keskin osha boshladi. Shundagina muhojirning qadrini tushungan tushundi, tushunmagan ularni yana to‘g‘ri kelgan narsada ayblab yuraverdi.
So‘nggi bir yilda, Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgandan so‘ng hukumat va OAV nihoyat muhojirlar muammosi haqida ochiq gapira boshladi. Mamlakat Prezidentining o‘zi muhojirlarni ortga qaytarish muhimligini, ularning Rossiyada yurishiga bosh aybdor davlat ekanligini ta’kidladi.
Muhojirlar bilan bog‘liq fojialar haqida ham ro‘y-rost gapirilmoqda. Oqto‘bada 52 o‘zbek halok bo‘lgach, Farg‘ona viloyati hokimidan tashqari butun millat o‘z vatandoshlari haqida kuyuna boshladi.
Hali kun kelib, bu o‘ziga xos ijtimoiy voqelik — muhojirlar hayoti haqida kitoblar yozilishiga, tarixchi va jamiyatshunoslar buni chuqur o‘rganishiga shubha qilmayman.
Faqat bir jarayonga e’tibor qaratmoqchiman. Turli sabablarga ko‘ra intellegensiya, qanchadan-qancha o‘qituvchi, muhandis, shifokor, dasturchi, san’atkorlar ham yurtni tark etishdi. Hozirgi kunga kelib mamlakatda kadrlar muammosi haqida gapirilmoqda. Endigina kadrlarning chetga chiqib ketishi qanchalik yirik muammo ekanligini tushuna boshladik. Hali buning jabrini ancha tortamiz.
Xohlagan davlat qudratining asosini kadrlar tashkil qiladi, kuchli mutaxassislargina mamlakatni rivojlantira oladi. Shuning uchun ham yerosti boyligi deyarli bo‘lmagan Yaponiya va Singapur dunyoning eng rivojlangan davlatlari safida yurishibdi.
Hozir Yevropa, AQSh, Rossiya va arab davlatlarida necha yuz ming yoki necha million professional kadrlarimiz ishlab yurganini, boshqa mamlakatning rivojiga hissa qo‘shayotganini aytish qiyin. Lekin mamlakatni oyoqqa turg‘izish uchun, iqtisodiyotni jonlantirish uchun biz bu kadrlarga muhtojmiz. Mamlakat Prezidentini ham AQShdagi safarida bunga alohida urg‘u berdi.
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter