Kafillik azobi yohud do‘stini «tushirib» ketgan firibgar qismati

Havo issiq. Quyosh tafti baland. Toshkent politexnika institutini tamomlaganidan beri Kogon tumanidagi elektromontaj kompaniyasida yordamchi mutaxassis bo‘lib ishlayotgan Sherzod ishdan qaytar ekan, ko‘nglida bir yengillik tugdi — u o‘z ishongan do‘stiga «kafil» bo‘lib, «chuv» tushgani - oxirgi qarzidan xalos bo‘lish arafasida. Bankka kirib, kassaga yaqinlashdi. Kassir qiz tanish nigohni ko‘rib, u bilan iliq salomlashdi. «Mana, oxirgi qarzingizdan ham qutildingiz, sabringizga qoyil. Siz kabi do‘stni ko‘rmadik”,-dedi miyig‘ida kulib, 3 200 000 so‘m pullarni sanab olar ekan.
«Ha-a, endi yana uyimga jamiyat qo‘ygan «ishonchli odam» sifatida qaytishimni xayolimda tasavvur qilyapman»,-sokin so‘zladi Sherzod.
***
Ikki yil avval uning juda yaqin do‘sti — hamkurs, hammaslagi — Oybek kelib, o‘z holatini tushuntirdi:
- Do‘stim, men biznes boshlayapman. Kredit olmoqchi edim. Lekin, bank kafil talab qilayapti. Sendan boshqa ishongan odamim yo‘q…
Oybekning og‘a-inilari bo‘lsayam, ular bilan chiqisha olmaydi. Sherzod buni yaxshi biladi.
- Ha, mayli, do‘stim, men yordam qilmasam, kim senga yordam qiladi? Do‘st qaysi kunga yaraydi?- dedi,- Axir, do‘stlik shuning uchun kerak-ku?
- Bir yilga qolmay yopaman, do‘stim. Senga muammo tug‘dirmayman. Rahmat,-dedi Oybek.
Sherzod ikkilanib turmadi. Banklardan biriga borishdi. Hujjatlar imzolandi. Do‘stining 80 million so‘mlik kichik biznes kreditiga kafil bo‘ldi.
Dastlabki uch oy Oybek kreditni o‘z vaqtida to‘ladi. Lekin, negadir, u keyingi paytlarda ko‘rinmay qoldi. Do‘stlar davrasida ham ko‘rinmadi, oilaviy bordi-keldilar ancha pasaygan. Telefoni «doiradan tashqari» degan javob qaytarar, sms xabarlar javobsiz qolgan …
Do‘stidan xavotir olgan Sherzod uning xonadoniga qarab yo‘l oldi. Darvozasini qoqdi. Ayoli chiqdi.
- Do‘stingiz, hatto, mening nomimga tegishli bo‘lgan avtomashinani ham sotib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lganlar. Bir oydan buyon javobsiz. Faqat bittagina sms keldi: «Menga yuk bo‘lmalaring va izlamalaring. Menga yomonlik istasang, to‘rt tomonga jar sol!»-ko‘zyoshga ko‘milib o‘qib berdi ayoli,- Na ota-onamga ayta olaman, na og‘a-inilariga. Ota-onamga aytsam, meni olib ketishadi, ikki bolam bilan ota uyimda sig‘indi bo‘laman, og‘a-inilari, hatto, eshitmadiyam...
- Tushundim, kelin..,- Sherzod bir og‘iz lom-mim deya olmadi. Ammo, ichida, baribir, do‘stimni topaman, uning o‘zgarishi mumkin emas, deya o‘ylandi.
Darvoza oldidan qaytar chog‘i cho‘ntagida bugun olgan maoshidan bir qismini olib, do‘stining ayoliga suyanib turgan qorako‘z qizaloqqa «shirinlik olib yeya qol” »,-deya uzatib, xayrlashdi.
Tuni bilan do‘stining «yo‘qolgani»yu, unga kafil bo‘lganini o‘ylab, ancha siqildi. Xuddi «syurpriz» tayyorlab qo‘yilgandek, bankdan ham unga tong sahardan qo‘ng‘iroq keldi:
- Sherzodbek Mametov, shu oy to‘lov bo‘lmagan. Siz kafil sifatida javobgarsiz.
Bu qo‘ng‘iroq Sherzodning hayotidagi «to‘lqin»larning boshlanishi bo‘ldi. U qo‘ng‘iroqdan keyin xuddi sarosimaga tushib qolib, Oybekni qidirdi — ammo, undan darak yo‘q. Bir xayoli ichki ishlar organlariga ham murojaat qilmoqchi bo‘ldi. Lekin, boshqa do‘stlariyu, tanish-bilishlari, uning oilasi oldida yaxshimas. Do‘sti uchun bir-ikki oy to‘lab tursa, hechqisi yo‘q. Kelgach, qaytarar. Shunday o‘yladi Sherzod.
***
Sherzod uchun endi har oy o‘rtacha 3,2 million so‘mni bankka to‘lash «vazifa» emas, balki hayot tarziga aylandi. Oilasi, bolalari oldida boshi egildi. Holatni xat-qog‘oz qilsa, g‘ururga to‘g‘ri kelmaydi. Shikoyat qilib, Oybekning ayolining ham oldiga bora olmaydi. U ham ojiza qolgan. Sherzod bir necha oy davomida tungi smenalarda ishladi. O‘zi bir navi sudrab yurgan mashinasini ham sotishga majbur bo‘ldi. Hatto, o‘zining xotiniga ham to‘yda qilgan zeb-ziynatlarini lombardga qo‘ydi.
Xotinining: «Bu dunyoda odamdan arzon narsa yo‘q ekan. Do‘stingiz shuncha qadrsizlasa ham jimsiz. Boshqalarning ko‘ngli uchun o‘z oilamizni qurbon qilmang»-degan gapidan ichki azobda qolsa ham unga: «sabr» dedi.
Do‘stlari orasida: «Oybek Qozog‘istonda ekan, oilasiyu, do‘stlariga xiyonat qilib kelgan nomard uchun o‘zingni qiynama!»-deganlar ham bo‘ldi. Ularga javoban: «Men unga ishonib, do‘stlikni kafolatlab, bilib-bilmay, kafil bo‘ldimmi, qonun oldidayam, bank oldidayam javobgarman. Yaxshilik har doim mukofot bilan qaytmas ekan, lekin, u insonni ichki qudratga ega qilar ekan»,-degan Oybek.
***
Ikki yillik «kafil»likni eson-omon o‘tkazgan Sherzod bankdan chiqar ekan, ko‘ksiga shabboda tekkandek chuqur nafas oldi. Achchiq-achchiq «qah-qah» otib kuldiyam, hatto. Shu payt telefonining jiringlashidan sergak tortdi. Hamkasbi - kompaniya mas’ullaridan biri uni korxonaga tez yetib kelishini so‘radi.
- E’tirozga hojat yo‘q. Sizning ishdagi muvaffaqiyatingiz, kompaniya taqdiri uchun faollik bilan harakatdan to‘xtamaganingiz yuqori turuvchi rahbariyat tomonidan ko‘rib chiqildi. Sizni kampaniya direktori o‘rinbosari lavozimiga loyiq ko‘rishdi,-deyishdi unga.
Sherzod hozir katta kampaniyaning mas’ul - «ishonchli rahbar»laridan biri sifatida tanilgan. Mehnati va fidoiyligi bilan obro‘ qozongan. Lekin u «do‘stga kafillik» hujjatini hozirgacha saqlaydi — hayotidagi eng og‘ir, eng katta saboq sifatida.
***
Ikki yillik qiyinchilik, tunlari uyqusiz ishlash, qarz va mardlikning og‘ir yukini ko‘tarib yurgan Sherzod bir kuni xotini bilan choyxonada o‘tirgan paytida do‘sti Zohid bilan tasodifan uchrashib qoldi. Salom-alikdan so‘ng unga:
- Sherzod, Oybekni eshitdingmi?
- Yo‘q? – sovuq so‘radi Sherzod.
- Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilibdi. Qozog‘istonda firibgarlik qilgan, keyin Toshkentda ham ikki odamni «investitsiya» deb aldab, pullarini «yeb» qo‘ygan. Hozir qo‘lga olingan, sud-tergov harakatlari olib borilayapti ekan. Undan jabr ko‘rganlar chaqirilib, bundan ilgarigi boshqa jinoyatlarga daxldorligi yuzasidan ham ish olib borilayotgan ekan,-dedi Zohid.
***
Sherzod shunday vaziyatda ham do‘st, deb bilganini «sotish» uchun emas, uning ko‘zlariga tik boqish uchun sud zaliga kirib keldi. Sud zalida Oybek bilan ko‘zma-ko‘z keldi. Qachonlardir ishongan, «biznes qilyapman», deb qalbini shirin so‘zlar bilan pishitgan «do‘st»i — sudya oldida boshi egilib turardi...
U ikki yillik o‘z holatini, qanday og‘ir vaziyatlarda kredit qarzini to‘laganini, oilasi qanday ziyon ko‘rganini ichki og‘riq bilan bir-bir ko‘z oldidan o‘tkazsa-da, negadir, ko‘nglida xotirjamlik sezdi. Bu «do‘sti»ning qayg‘usidan xursand bo‘lish emas, balki, birovlar haqiga xiyonatning javobsiz qolmasligidan mamnunlik ifodasi edi.
Oybek Turobovga qasddan qasddan moliyaviy majburiyatlardan qochgani, fsqarolarni aldab, mol-mulkini o‘zlashtirgani yuzasidan ayblov e’lon qilinib, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining turli bandlari bilan javobgarlikka tortildi.
Oybek 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. U sud zalidan olib chiqilayotganda, Sherzodga qaradi. Yuzidan faqat bitta narsa sezilib turardi: do‘stlikka xiyonat qilgani va uni anglab kechirim so‘rash istagi.
Suddan so‘ng Sherzod chuqur nafas oldi. «Men do‘st, deb bilganimga yordam qilishdan tiyilmadim. Ammo, bitta narsa saboq bo‘ldi: «Yordam qilish – bu jasorat. Lekin, ishonchni kimga berish – bu aql va sinov natijasidir!»
Sherzod, nafaqat, kafil sifatida to‘lagan qarzdan, balki qalbidagi og‘riqdan ham ozod bo‘ldi. Chunki, u o‘ziga xos insoniylikni yo‘qotmadi — adolat kelguncha, sabr qildi.
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter