Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Мустаҳкам Тангриёрова

Оққан дарё оқаверади. 

Hokimning kepkasi, tekislanmagan stadion, 70 yoshida IT-maktabda o‘qigan otaxon, qozonpatir — Xalqaro mediatur taassurotlari (ikkinchi maqola)

Hokimning kepkasi, tekislanmagan stadion, 70 yoshida IT-maktabda o‘qigan otaxon, qozonpatir — Xalqaro mediatur taassurotlari (ikkinchi maqola)

O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi va Jizzax viloyati hokimligi hamkorlikda o‘tkazgan mediaturda taqdim etilgan ma’lumotlar hamda jurnalistlar o‘z ko‘zlari bilan ko‘rganlari manzarasida kichikroq ko‘ringan detallar e’tiborimizni tortdi. Aslida ularni kichik deyish ham noto‘g‘ridek...


Mavzu doirasida: Sharof Rashidov yashagan vagon, Zulfiyaxonimning atlas ko‘ylagi, o‘zbeklar yig‘ayotgan «Kia» — Xalqaro mediatur taassurotlari (birinchi maqola)


Viloyat hokimi nima deydi?

Tadbir dasturidagi joylarga bir-bir kirib chiqib, diktofon va kameralar ma’lumotlar bilan to‘lib borarkan, kutilmaganda viloyat hokimi Ergash Saliyev jurnalistlarni qabul qiladigan bo‘lib qoldi.

Ochig‘i, viloyat, undagi barcha nuqtalar haqida bizga ma’lumotlarni peshma-pesh telegrammda tashlab turishganda, hokimbobo bundan oshirib yana nima der ekanlar, degan o‘y birrov kelib-ketdi. Lekin 66 yoshli Ergash Saliyevni hamrohlarim nega bunchalik hurmat qilishi sababini shu kuni bildim.

Hokim har qanday rasmiy raqamlarni oddiy dehqoncha tilda, hayotiy misollarga qorishtirib tushuntira bilishi e’tiborimni tortdi. Deylik, sohalarni rivojlantirish, sarmoya kiritish uchun Jizzaxning boshqa viloyatlardan farqli jihatlari haqida gapiradi: 

«Jizzax O‘zbekistonning qoq markazida joylashgan. Lekin o‘zim 41 yoshimgacha Samarqanddan Toshkentga qatnaganimda yonidan o‘tavergan ekanman. Faqat Forishga — ona qishlog‘imga birda kelib turgan ekanman. Buyog‘iga 25 yildan beri bilyapman, viloyatni chetlab o‘tish emas, ichkarilariga kirib boraversa arzigulik narsalar bor ekan. Sarmoyadorlarni, xorijiy va mahalliy sayyohlarni jalb etish, ichkariga kiritish yo‘llarini izlay boshladik...»

«Jizzaxda bir vaqtning o‘zida to‘rt faslning ob-havosini ko‘rish mumkin. Tunov kuni xorijlik ishbilarmon mehmon bitta futbolkada kelgan ekan. Zominda dildirab qolibdi-yu, kelib hayratini yashirolmadi».

«O‘zbekistondagi yagona Aydarko‘l bizda joylashgan. Aniqrog‘i, flora va faunasi boy qismi bizga to‘g‘ri keladi. Baliqchilik klasterlari bilan qiziqib kelishganda...»

Forishdagi O‘zbekistondagi bazalt bo‘yicha yagona yirik klaster haqida gapirilganda, bazaltdan olingan geoto‘r bilan yangitdan barpo etilayotgan Samarqand Xalqaro aeroporti uchish yo‘laklari mustahkamlanayotgani shunchaki tilga olingandek. Bu ma’lumot viloyatda o‘n yilcha avval 30 ta qo‘shma korxona bo‘lgani, bugunda esa qo‘shma va xorijiy korxonalar soni 200 dan oshgani haqidagi raqamlar bilan yo‘g‘rilib aytildi.

Hokimning aytishicha, 2017 yilda ikki yarim mingta sanoat korxonasi bo‘lgan, bugunda esa 5 ming 600 ta shunday korxona ishlayapti.

«Navbatdagi drayver — qishloq xo‘jaligi. 116 ming gektar yerni o‘zlashtirish kerak. 50 ming gektar yer o‘zlashtirildi. 25 ming gektar uzumzor va 25 gektar bog‘. O‘zim tumanda hokim bo‘lganman. 25 ming gektar yer bu kattagina tumanning maydoniga teng. Keyingi bir-ikki yillarda meva beradi. Qayta ishlash uchun qo‘shimcha binolar kerak bo‘ladi, kadrlar kerak bo‘ladi».

Kun bo‘yi har qadamda uchrayotgan, ko‘pchiligimiz kiyib olgan oq kepka va futbolkadagi belgini ham o‘zi tushuntirib berdi (chunki boshqalar shuni aytishni, jurnalistlar esa so‘rashni xayollariga keltirmagan edilar): «Lotincha “J” harfi bilan ifodalangan belgi Jizzaxning logotipi. Bu media tur ishtirokchilariga, sarmoyadorlarga, yangiliklarga, mehmonlarga eshigimiz doim ochiq, degani».

Xullas, Ergash Saliyev mediaturning barcha ishtirokchilariga shunday kepka sovg‘a qildi. Bu eng yaxshi sovg‘a edi.

Jizzax IT-sohada yetakchi bo‘la oladimi?

Jurnalistlar Hindistonning Sambhram universiteti Jizzax filialidagi ta’lim jarayoni bilan ham tanishdilar. Dargoh 2021 yilning noyabrida ish boshlagan. Shuning uchun bir yarim mingta talabaning bari birinchi kurs. O‘quv ikki yo‘nalishda — biznes boshqaruvi va IT-boshqaruv yo‘nalishida olib borilyapti. Hozircha darslar ikki — ingliz va o‘zbek tillarida o‘tilyapti. Biroq kelgusi o‘quv yilidan talabalar faqat ingliz tilida o‘qitiladi.

Nima uchun aynan Hindiston? «Hindistonda 26 ta shtat bor, Bangalor (Karnataka shtati markazi) esa tabobat vodiysida joylashgan. Universitetga asos solgan tadbirkor bangalorlik ekani inobatga olingan. Qolaversa, Hindiston yiliga 115 milliard dollarlik IT-mahsulot eksport qilca (dunyoda birinchi o‘rinda turadi), Bangalorga buning 54 milliard dollari to‘g‘ri keladi», — izoh berishdi viloyat hokimligida.

Jizzax IT-parki 24/7 tartibida faoliyat yuritadi. Bu yerda ta’lim, infratuzilma, strartaplar, rezidentlik, xorijdagi amaliyotlar, raqamli iqtisodiyot yo‘nalishlarida ish olib boriladi.

Ta’limning o‘zi kompyuter savodxonligidan tortib, veb-dasturlash, mobil ilova yaratish, veb-dizayn kabi bo‘limlardan iborat. «Masalan, bizda 70 yoshli otaxon kompyuterni o‘rgandi», deyishadi markaz mas’ullari.

Uni-buni qo‘ying, viloyat hokimiga ko‘ra, Jizzaxda IT-maktab va IT-bolalar bog‘chasi bor. Bularning hammasi bir-birini to‘ldirib, klasterni tashkil qiladi.

Tekislanmagan stadion

Jizzaxda noodatiy, kamyob yo‘nalishga e’tibor berishlari sezildi. Mediatur ishtirokchilariga shunday ob’yektlardan biri — «Velotrek» sport majmuasini ko‘rsatadigan bo‘lishdi.

Bordik. Qarasam, stadion maydoni g‘adir-budur bo‘lib yotibdi. Tuya o‘rkachiga o‘xshatib rosa «zigzag» yasashibdi. Shu yerda bolachalar mashq qilar emish... Yuragim orqaga tortib ketdi. Ona sifatidagi ehtiroslar o‘z yo‘liga-ku, velotrek sport turining talabi ana shu o‘nqir-cho‘nqirdan marraga yetish. 

Jizzaxda 3 400 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy «Velotrek» BMX sport majmuasi 2021 yili bunyod etilgan.

Jizzaxliklar bunday stadion dunyoda atigi 32 ta, bizda qurilgani 33-si, deb faxr bilan gapiradilar.

Velotrek stadioni o‘zbek o‘g‘il-qizlari jahon miqyosidagi musobaqalariga chiqishlari uchun tayyorgarlik ko‘rishda muhim bo‘libgina qolmay, bu yer xalqaro o‘yinlar uchun maydon bo‘lishi ham kutilayapti.

Konferensiya va sport zali, VIP maydon, 2 ta tennis korti, 2 ta mini-futbol uchun maydon va 100 o‘rinli mehmonxona aynan shu maqsadga mo‘ljallangan.

Zomin — O‘zbekiston Shveysariyasi

O‘zbekistonda sayyohlik deganda Samarqandu Buxoro hamda Xiva tarixiy obidalarini ko‘rish uchun keladigan, asosan yetuk yoshdagi kishilarning tashrifi tushuniladi. Lekin ekoturizm uchun ham O‘zbekistonda sharoit yetarlicha ekani yaqinlargacha aytilmadi. Aytilganda ham tinglanmadi. Jizzaxliklar ekoturizmni etnografik yo‘nalish bilan boyitishga allaqachonlar kirishishgan.

Tog‘terak qishlog‘ida yashovchi Rustam Qarshiboyev «Mehmon uyi» uchun 30 million so‘m kredit olib ish boshlagan. «Hozirda yiliga 50 million so‘m daromad olaman», — dedi u.

«Mehmon uyi» degani sharqirab suv oqib yotgan katta ariq ustidagi chorpoyalarda, (stol-stulli joylar ham bor) mehmonlar tabiatdan bahra olishi uchun sharoit yaratilib berilgan qo‘nimgoh. Bir necha kun qoladiganlar uchun ichkarida joy ham hozirlangan. Biz guvohi bo‘lgan eng qiziq jarayonlar bu qozonpatir, g‘ilmindi, qurutob, kuvida sariyog‘ tayyorlash bo‘ldi.

Shu yerda hafsala bilan sutda xamir qorayotgan Ruqiya Shayzaqovani uchratdik. U oddiy kunlarda 20-30 ta, dam olish kunlarida esa 40-50 ta patir tayyorlanishini aytadi. «Dam olishga keluvchilar soni va ularning buyurtmasiga qaraymiz-da, opa», deydi qo‘llari chaqqon-chaqqon harakatlanayotgan ayol. 

Xamir yarim soat tindirilgach, uni chiroyli qilib yasaydi, chakich uradi. Bu payt qozon qizib turgan bo‘ladi. «Ovqat pishiriladigan qozon bo‘lmaydi, yopishib qoladi, — deydi Ruqiya. — O‘rik yoki olma mevasi o‘tinlari kerak, cho‘g‘da pishadi-da», — deb harakatda davom etadi.

Avvaliga qozonga patirning teskarisi yopiladi. Biroz qotgach, olinib, o‘ngi yopiladi. Qopqoq qoplanmaydi, balki qozon cho‘g‘ ustida aylantiriladi... Oxirida qozon butkul to‘nkarilib qo‘yiladi. Operatorni birga olmaganimdan pushaymon bo‘ldim... Jarayonni sayyoh tomosha qilsa-chi, hayratdan ko‘zlari katta-katta ochilib ketmaydimi? 

«Mehmon uylari»ni ortda qoldirib, Zomin tog‘lari bo‘ylab yuqorilaymiz. Borgan sari yengilroq nafas ola boshlaysiz, havoning hidini tuyasiz...

Zominning dengiz sathidan ikki yarim ming metr yuqorisida tekislik bor. «Suffa» (supa — forschada) deyishadi.

Jizzax viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sindor Rahmonkulov  «Zomin» turistik-rekreatsion zonasi loyihasi taqdimotini ana shu joyda o‘tkazdi. 

Sindorning aytishicha, Zomin tumani hududida turistik zona tashkil etish uchun 2 007,2 gektar yer maydoni ajratilgan.

Turistik zonada infratuzilma ob’yektlarini qurish  uchun ham alohida yer maydonlari berilgan.

Hududda avtoturargoh, osma dor yo‘li va 3 ta mehmonxona qurilishi rejalashtirilgan. Bugunda mehmonxonalardan birining asosida beton ishlari olib borilmoqda. «Eng muhimi, ekologiyaga ziyon yetkazmasdan va insonlar xavfsizligi ta’minlangan holda ishlash», — dedi Sindor Rahmonqulov.

Sayyohlar ko‘proq kelaversa, ularning qadami bilan yurtga rizq keladi. Ruqiya va u kabi  qozonpatir yopib, ro‘zg‘origa rizq olib keladigan 50 ta ayol qishloqdoshi safiga yana 50 tasi qo‘shilar ehtimol. Shuhrat (Eshmat, Toshmat) kreditga mashina olib endi toqqa tomon qatnaydigan bo‘lar. Rustam qaysidir qiynalib qolgan qarindoshiga «Mehmon uyi» ochishni o‘rgatar.

Jurnalist uchun ham bir ayyom

«Yangilanayotgan Jizzax — jurnalistlar nigohida» xalqaro mediaturi viloyatdagi ishlarini ko‘rsatgan dargohlar uchungina emas, jurnalistlar uchun ham o‘ziga xos tadbir, sinov, o‘rni kelganda, ayyom bo‘ldi. Mediatur doirasida o‘nlab jizzaxlik ommaviy axborot vositalari xodimlariga O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi biletlari topshirildi. Viloyat hokimi gazeta-jurnallar hamda internet nashrlari o‘qilishi yo‘lida targ‘ibot ishlarini kuchaytirishini, jurnalistlar uchun uy-joy masalasini ko‘rib chiqishini aytdi.     

Mediaturda 15 nafar xorijiy jurnalist qatnashdi. O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov tadbirning xalqaro deb ta’riflanishini aynan xorijiy hamkasblar qamrovi kengligi bilan bog‘ladi. Toshkentdan jo‘nagan mahalliy jurnalistlar ham ozchilik emas edi. Birinchi kunda alohida mikroavtobusda harakatlanayotgan muxbirlar orasida ruhiy masofa saqlangandek bo‘ldi. Keyin hamma birlashib ketgandek tuyuldi.

Turkiyaning «Anadolu» davlat agentligi muxbiri Baxtiyor Abdukarimov bunday ko‘p sonli xorijiy va aynan shuncha sondagi mahalliy jurnalistlarning hamkorlikdagi safari O‘zbekistonda birinchi marta kuzatildi, dedi.

«Jizzax mediaturi xorijiy va mahalliy muxbirlar o‘rtasidagi ko‘rinmas devorni ko‘targandek bo‘ldi, nazarimda. Biz bir viloyatda investitsion tadbirda qatnashish uchun telefon qilib biletimizgacha olamiz, joyning pulini ham to‘laymiz, deganmiz, qatnashsak bo‘ldi deganmiz. Shunda ham rozilik bildirmagan viloyatlar bo‘lgan. Bugun qarangki, biz ma’lumot olishimiz uchun mahalliy jurnalistlar bilan teng sharoitlar yaratib berilyapti».

Baxtiyor xorijiy va mahalliy jurnalistlar birlashtirilgani ajoyib tajriba bo‘lganini ta’kidladi. «Ko‘rdik, tanishdik. Hammaning ham nozik tomonlari bor. Deylik, mahalliy muxbirga qiziq bo‘lmagan narsaning bizga qizig‘i bor. Bizga ahamiyatsiz tuyulgan narsa mahalliy muxbir e’tiboriga tushishi mumkin. Hammamiz qonun doirasida turib vazifamizni bajarishimiz kerak», — deydi Baxtiyor.

 

Baxtiyor Abdukarimov tarqatgan xabarlari (suratda o‘ngda) Turkiya tadbirkorlarida Zominga qiziqish uyg‘otishiga shubha qilmaydi.

«O‘zbekistonning tijoriy sheriklari — Xitoy, Rossiya va Qozog‘iston. Lekin bularning turizm imkoniyatlari Turkiyachalik emas. Turkiyada sayyohlik firmalari deysizmi, mehmonxonalar deysizmi, xizmat ko‘rsatish eng yuqori darajada. O‘sha firmalar uchun Zomin bo‘lsin, O‘zbekistonning boshqa hududi bo‘lsin, Aydarko‘l bo‘lsin, Chorvoq bo‘lsin, hammasi ahamiyatli. Turkiya sarmoyadorlari sayyohlikka sarmoya kiritishni boshlagan va yanada qiziqishsa ajab emas».

Mediatur o‘z ishini yakunladi. Lekin jurnalistlarda qolayotgan ma’lumotlar, tassurotlar hali ko‘p asqotadi, qiyoslanadi, tahlil qilinadi.  

Safardan topgan hikmatim: jurnalist bir yerda o‘tirib qolmasligi kerak.

Kelgusi safarlarda uchrashguncha!

Toshkent-Jizzax-Toshkent

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети