O‘zingni o‘zgartirishga qodirmisan?!
Hayotda dunyoqarashning o‘zgarishidan kuchliroq narsa yo‘q. Sen sochlaringning rangini, kiyinish usulingni, manzilingni, fuqaroligingni va hatto xotiningni ham almashtirishing mumkin. Lekin sening fikrlashing o‘zgarmasa, atrofda sodir bo‘layotgan voqealar qaytarilaveradi. Chunki nimaiki o‘zgargan bo‘lsa, uni shunchaki tashqi ko‘rinishi o‘zgargan, xolos. Ayni damda sening ichingdagi hamma narsa eski holicha qolgan bo‘ladi.
Agar sen hayotdan nimanidir istasang, o‘zingni o‘zgartirishni xohlasang, nimagadir erishishni, yuksak cho‘qqilarni zabt etishni, zararli odatlardan qutulishni xohlasang, buning uchun ter to‘kish kerak bo‘ladi. Bu juda ham og‘ir masala. Ko‘pchilik o‘zining iqtidori nimada ekanligini bilmay yashab o‘tib ketadi. Iqtidori nimadaligini bilganlarning ko‘pi esa, har doim ham uni rivojlantirish bilan shug‘ullanishmaydi.
Do‘stim, seni baxtli qilishi mumkin bo‘lgan yagona narsa bu – doimo bir pog‘ona yuqoriga qadam tashlashdir. Bu — sen nimalarga qodir ekanligingni his qilish tuyg‘usi.
Kundalik hayot tashvishlaridan bor kuching bilan bir lahzaga chiqib bo‘lsa-da, atrofdan haqiqiy «Men»ingni ko‘rish...
Boshinggacha o‘z qo‘rquvlaring botqog‘iga botib ketgan holingda ham yo‘lingda davom etishing uchun sen o‘z qo‘rquvlaringga qarshi total urush e’lon qilsang, ana shundagina sen orziqib kutgan voqealar sodir bo‘lishni boshlaydi.
Agar sen o‘zingni u yoki bu imkoniyatingni rivojlantirish uchun kuch topa olmasang, atrofdagilarning fikrlariga quloq solib, shu fikrlarning tor xonasida aylanib yuraversang yoki xudo ko‘rsatmasin, ularning maqtoviga uchsang, bu sening sinishing bilan tugaydi.
Atrofdagilar senga sen shug‘ullanayotgan ishlar foydasizligini singdirishga urinishadi. Agar ular maqsadiga yetsa, sen o‘z orzularingni qabrga qo‘yganing shu bo‘ladi.
Hayotda qancha vaqting qoldi? Qancha? Biz buni bilmaymiz, to‘g‘rimi? Yetar shunchaki yashash. Shunchaki yeb-ichib, uxlab turishdan zerikmadingmi?
Agar nimadir xohlasang, sen o‘zingga nisbatan rahmsiz, beshafqat shaxsga aylanishing kerak. Topqir bo‘lishni o‘rgan, g‘oyalar yarat. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, insoniylikni yo‘qotma. Cho‘kib ketmaslik uchun o‘zingda kuch top. Bu g‘oliblarning sifati.
Hamma narsaga chanqoq bo‘l, yutqazishni o‘rgan, ketma-ket yutqazganingda ham, qo‘llaringni tushirma. Bu hammasi, g‘oliblarning asosiy sifatlaridan. Men senga bu kuchni tushuntirib bera olmayman, lekin u bor. Inson nima xohlashini chin dilidan anglab yetganidagina bu kuch uning ongi va jismida paydo bo‘ladi.
Hammada buyuklikka imkon bor, atrofdagi tanqidlarni yurakka og‘ir olmaslikni o‘rganish kerak. Men o‘z irodamni mustahkamlayman, hech narsa meni to‘xtatib qolishiga yo‘l qo‘ymayman, men bunga loyiqman! Ko‘pchilik insonlar yengilgach, osongina orzu-maqsadlarini ko‘mib tashlashadi. Bekor qilishadi. Inson ruhiyati aql bovar qilmas darajada kuchli. Uni o‘ldirish, deyarli mumkin emas!
Sen g‘ayratlisan! Sen kuchlisan! Seni hech narsa to‘xtata olmaydi! Bilginki, ko‘p insonlar umrini doimo qo‘l tormozi bilan boshqarib kelishadi va bu ularni faqat orqaga tortadi. Faqat oldinga intilishni boshla!
Shu narsani o‘zingga singdirganingda, ongning yangi holatiga moslashganingda, har bir qilayotgan ishing qanday o‘zgarayotganligini ko‘rishing mumkin. Dunyoni qanday qabul qilishingni, qanchalik radikal o‘zgarib ketganidan shok holatiga tushasan.
Agar shu gaplarni har kuni o‘zing uchun takrorlasang, sening harakatlaring va ularning natijalari qanday kuchli o‘zgarayotganini anglab borasan... Bu men! Mening ruhiyatimda hamma narsa bor! Bugun mening kunim va meni bugun hech narsa to‘xtatib qola olmaydi!
Mark Tven shunday degan ekan: «Hayotdagi eng muhim ikkita kun bor, biri sen tug‘ilgan kun, ikkinchisi nima uchun tug‘ilganingni anglagan kun».
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter