Taqdirda bor ekan, ikki tomonlama zotiljam tashxisi menga, onamga va ukamga qo‘yildi – bloger Shahnoza Soatova
Hozir davolanyapmiz. O‘zimda his qilganlarim va shifokor tavsiyalaridan kelib chiqib, shuningdek, o‘quvchilarimdan kelayotgan iltimoslarga ko‘ra, quyidagilarni yozyapman, kimgadir foydasi balki tegar.
- Agar sizda kovid alomatlari bo‘lsa, testdan ham avval shifokorga yuguring, chunki hozir vaqt siz uchun juda g‘animat.
- Test javobi manfiy chiqsa ham, to alomatlar yo‘qolmaguncha shifokor tavsiyalariga qat’iy amal qiling va o‘zingizni atrofdagilardan ihotalang. Orada bir-ikki kun yaxshi bo‘lib qolganingizga aldanmang. Men ham orada ikki kun yaxshi bo‘ldim, ammo keyin mana zotiljam chiqdi.
- Nafas mashqlarini albatta qiling, tez-tez qiling, har soatda besh daqiqadan. Aniq foydasi bor. Menda saturatsiya 88% ga tushib ketdi, nafas qisdi, nafas mashqlaridan keyin juda yengillashdim. Bugun saturatsiya 97%.
Nafas mashqlari internetda ko‘p. Juda oson va samaralisi bo‘sh plastik idish (baklajka)ni g‘ijimlash va puflab joyiga keltirish. Har soatda 5 daqiqa va bir kundan keyin ahvol yaxshilanganini aniq sezasiz. Pufak puflash ham mumkinu, bir yomon tarafi, puflangan pufakni bo‘shatganda, ichidagi havo uzoqlarga purkaladi, gigiyenaga to‘g‘ri kemaydi.
- Suv ichish kerak, ko‘p-ko‘p, kuniga 7 litrgacha. Busiz tuzalib bo‘maydi!
- Harakat ko‘p qilish kerak. Aytishlaricha, harakatlanganda o‘pka yaxshiroq ishlaydi, ellik, to‘qson baravargacha yaxshiroq ishlaydi.
- Oz-ozdan tez-tez sifatli taom yeyish kerak.
O‘zingizni ehtiyot qiling. Bir ho‘plam havoga zor yotganlarni o‘ylang, hozir kasallanish grafigi tikka bo‘lgan paytda virus yuqtirmaslik eng muhimi ekanini unutmang.
Shu bilan birga, ayrim tashkiliy masalalarga doir fikrim. Testlar javoblari kechikishining sabablaridan biri – ba’zi jarayonlarda inson ishtiroki ko‘p, avtomatlashtirilmaganida. Masalan, test javobini qo‘lda yozib ma’lumotnoma tarzida berishyapti. Bu bir tomondan jarayonni sekinlashtiradi, ikkinchi tomondan xatoliklar ehtimolini oshiradi, uchinchi tomondan o‘rta tibbiyot xodimlarining virus yuqtirganlar bilan kontaktini ko‘paytiradi, to‘rtinchidan korrupsiyaga yo‘l ochadi (tezroq javobni olish uchun qistir-qistir imkoni paydo bo‘ladi). Shuni avtomatlashtirib, umumiy bazadan test topshiruvchining telefoniga sms-xabar berish tarzida tashkillashtirish, barcha tibbiyot maskanlarini esa shu bazaga ulash mumkinmi? 21-asrda, menimcha, mumkin.
Ikkinchi masala, tez yordam tanqisligiga olib kelayotgan muammolardan biri. Tez yordam kasallarni hududiy tegishlilik bo‘yicha kasalxonaga olib boryapti, ammo yo kasalxona eshigida 40-60 daqiqalar kasalni topshira olmay kutib vaqt yo‘qotyapti, yo u kasalxonadan bunisiga haydab sarson bo‘lyapti. Natijada boshqa kasallarga tez yordam yetib bormayapti. Shuni tartibga solish kerak. Ammo qanday qilib tartibga solish bo‘yicha taklifim yo‘q, afsuski.
Hozir hamma o‘zini o‘ylayapti. Biroq, eng avvalo, tibbiyot xodimlarimizni o‘ylaylik. Biz ularni ayasak, ular bizga, yaqinlarimizga qarashadi. Ayniqsa, kovid alomati borlar shifoxonalarda iloji boricha kamroq shifokor bilan kontakt qilishlari, doktorning telefon raqamini olib, ko‘proq telefon orqali muloqot qilishlari kerak. Shifokorlar kasal bo‘lsa, ahvolimiz battarlashadi.
O‘zingizni ehtiyot qiling!
P.S. Konditsionerni va muzdek ichimliklarni unuting. Garchi tandir ichida o‘tirgandek issiqda bo‘lsangiz ham!!!
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter