Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Турсунали Акбаров

Suv keltirgan xoru ko‘za sindirgan azizmi?

Suv keltirgan xoru ko‘za sindirgan azizmi?

Yozmishimizga jimjimador «kirish so‘zi» shartmikan? Yo‘-o‘q, shartmas.

Gapning indallosiki, beshta tadbirkorlik sub’yektining keyingi faoliyati katta so‘roq ostida turibdi. Bu yuzga yaqin ish o‘rni yo‘qolishi xavfini yuzga keltirayotir.

Muammo nimada? Javob oddiy: aldovda, yolg‘onda, ko‘zbo‘yamachilig-u tomoshabinlikda! 

Voqelikni yoyibroq tushuntirsak: 2014-yilning yozi. Qurilish ashyolari ishlab chiqarish uchun qulayroq joy qidirib yurgan tadbirkor Abdurahmon Uzoqovni qismat Uchtepa tumani, Sanoat hududi, THAY 11-manzilda joylashagan «Avto Trans Gaz Sanoat» MChJ rahbari O.Jumanazarovga yo‘liqtiradi. MChJ rahbari tadbirkorning maqsad-muddaosini xo‘b ma’qulladi. Va MChJ hududi hisoblangan chiqindilar uyulib-uyulib yotgan 2 gektar atrofidagi yer maydonini ko‘rsatadi: mana  joy!

Taklif etilmish yerning «turqi-tarovati»dan ko‘ngil ag‘darilardi. Biroq yurakda ishtiyoq, bilakda kuchi bor odam xarobotni obod qilmasa, tadbirkor bo‘ptimi?! Xullas, kelishiladiki (og‘zaki), tadbirkor yeng shimarib ishni boshlayveradi, qurilishni yakunlab, rostmona faoliyat yuritishga tushgach, o‘zi tiklagan binoni avval ijaraga, so‘ng qonun ko‘taradigan tarzda sotib oladi... Ensangiz qotdi-a: «Ibi, tadbirkor nega o‘zi qurgan inshootni avvaliga ijaraga olishi kerak?»  To‘g‘ri savol, ammo biz ham alahsirayotganimiz yo‘q. Chunki,  qonunga ko‘ra quruq yerni oldi-sotdi qilib bo‘lmaydi. Buning uchun yer betida hech-yo‘g‘i qo‘qqaygan bir nima bo‘lishi  kerak-da...

Alqissa, Abdurahmon Uzoqov «bismillo» deb yeng shimardi.

Salkam ikki gektar axlatxonani «odam» qilmoq osonmi?! Tozalashning o‘zi endigina katta ish boshida turgan bir tadbirkorning belini chiqarmoqqa yetib-ortar?! Shu bois A.Uzoqov o‘ziga o‘xshash tadbirkorlarga tavsiya qildi: «Shahar chetirog‘ida shunaqa-shunaqa yer maydoni bor, ozroq riyozat chekilsa, ishlab chiqarish uchun xo‘b maqbul joy ekan-da!» Shu tariqa yoniga bitta, ikkita, uchta... xullas, o‘nga yaqin tardbirkor  qo‘shildi. Yuzlab mashina axlat tashildi, chiqindilardan bo‘shagan yer maydoni og‘ir texnikalar yordamida tekislandi, elektr, gaz, suv tortib kelindi… Xullas, xarobotxona obod bo‘lib, har bir tadbirkor o‘z ishlab chiqarishiga monand bino-inshoot tiklaguncha 2016 yil eshik qoqdi... Bu yog‘iga  amalda bajarilgan ishlarni  hujjatda aks ettirish qoldi, xolos. Ya’niki, avvaliga ijara, so‘ng «oldi-sotdi»... 

Biroq ish «oldi-sotdi”»gacha yetib bormadi. «Avto Trans Gaz Sanoat»   rahbari O.Jumanazarov, juda yumshoq aytganda, nomardlik qildi: tadbirkorlarning mablag‘i va mehnatiga barpo etilgan bino-inshootlarni pinhona «Kafil Sugurta» MChJga sotib yubordi!.. Pinhona demoqqa asos yetarli. Qarang: «Avto Trans Gaz Sanoat» MChJ qator tadbirkorlar bilan 2016-yilning 1-may sanasida ijara shartnomasi tuzishmoqda. Amalda esa u o‘sha bino-inshootlar o‘n ikki  kun avval, 2016-yilning 18-aprel kuni «Kafil Sugurta» MChJga sotib bo‘lgan ekan?!

Bozordan hatto ikki kilo kartoshka u yoq-bu yog‘iga qarab olinadi: chirigi yo‘qmi, so‘liganlarini tiqvormadimi, degan o‘yda. «Kafil Sugurta»ni esa inshootlar MChJ balansida aks etgan-etmagani qiziqtirsa, qani?! Kadastr idorasi inshootlarni noqonuniy qurilma, degan shahodatidanam  xavotirga tushmagani-chi?!

Albatta, tadbirkorlar bunaqangi nomardlikka jim qarab turishmadi. G‘avg‘o ko‘tarilgach, «Avto Trans Gaz Sanoat»  MChJ rahbari O.Jumanazarov  ularni «yangi sohib» — «Kafil Sugurta» MChJ direktori F.Artiqov huzuriga olib bordi: og‘ajonlar, mulk bu kishimga o‘tdi, biroq kelishuv o‘sha-o‘sha...

Tadbikorlar nima qilsin? Sudlashsinmi yoki murosai madora? Ikkinchi yo‘lni tanladilar. «Vaqting – naqding!» degan hikmat bejizga emas. Ayniqsa, tadbirkor qavmi uchun! Sudda sarg‘ayganda ko‘ra, murosa ma’qul-da. «Sobiq sohib» lafzini bulg‘adi, «yangi sohib» bunchalikka bormas?..

Baxtga qarshi, tadbirkorlar yana aldandi: «Kafil Sugurta» MChJ, qorlar yog‘ib, izlar bosilayozgandan so‘ng, 2018-yilning fevralida bino va inshootlarni  «Kichik sanoat markazi» MChJga sotib yuborish harakatiga tushadi. Tadbirkorlar bundan voqif bo‘lib, to‘polon ko‘targach, tayyor «kelishuv» oxiri yetmay qoldi...

Mulkni qo‘ldan qo‘lga o‘tkazishga harakat – uni (mulkni) begonalashtirishni anglatadi. Natijada, oxirgi xaridor qonunda ko‘rsatilgan «insofli egallovchi» maqomiga erishadiki,  qani,  birov «g‘iring» deb ko‘rsin?! 

Qonunlarimizdan aylaning – qonunlarimizdan o‘rgiling: yo‘rig‘i topilsa, shunaqa, aslida «insofsiz egallovchi»ni bir dumalatib, «insofli egallovchi»ga aylantirib qo‘yadi?! Ana, «Kafil Sugurta» MChJ  mol-mulklarni «Kichik sanoat markazi»ga sotmoqchi edi, biroq «o‘xshamadi», shunga qaramay ortga chekingani yo‘q. Shartta o‘sha bino-inshootlarni 30 (o‘ttiz) foiz ulush tariqasida  «Kichik sanoat markazi» MChJ  ta’sischisi biqiniga kirvoldi – vassalom! Ya’ni «sotuvchi»ligi o‘xshamagandi, «ta’sischiligi» o‘xshadi: qo‘ylar omon, bo‘rining ham qorni to‘q!

Bu hali hammasi emas, «o‘yin» davom etdi: bino-inshootlar ulush shaklida «Kichik sanoat markazi» MChJga  o‘tkazilgach,  ma’lum fursatdan so‘ng «Kichik  biznes markazi» degan yana bir MChJga sotildi. Navbatdagi «sohib» ishni yanayam puxta qildi: inshootlarni garovga qo‘yib, bankdan kredit olvoldi... Shu tariqa birovning puliga qurilgan bino-inshootlar «qonuniy» o‘zlashtirildi go‘yo. Bankdan kredit olinishi esa bino-inshootlarni ma’lum vaqt «qimirlamay turishiga» xizmat qilishini anglab yetgan bo‘lsangiz kerak?!

Qoyilmisiz?..

Yana qoyilki, bu bino-inshootlarning «yangi va yangi xilma-xil sohiblari» bo‘lmish xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning nomlanishiga borib taqaladi: «Kichik sanoat markazi», «Kichik biznes markazi»... Bunday nom bilan bir o‘qdan kamida ikki quyonning oyog‘i osmondan keladi:  MChJlarning «egizak nomi» jilov bitta qo‘lda ekanini anglaysiz. Ayni paytda «Kichik biznes markazi»  MChJ rahbari va ta’sisichisi O‘tkir Isaqov hisoblanadi.  Bino-inshootlarning avvalgi «egasi» – «Kichik sanoat markazi» MChJning ta’sischisi va rahbari rasman boshqa shaxslar ko‘rsatilgan esa-da, uning davlat  organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan hujjatning «aloqa-bog‘lanish» grafasida O‘.Isaqovning uyali telefon raqami turibdi: +99891....0909!   Endiyam «egizak» MChJlarning sohiblari bir-biriga begona, deb ko‘ring-chi?!

Ikkinchidan, kechagi xaroba, bugun obod joyda o‘nlab tadbirkorlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotganini, boz bu joy «Kichik biznes markazi» deb atalishini ko‘rgan odam chiqindixonani shunday maskanga aylantirgan mutasaddilarga rahmatlar aytishi mumkin. Aslida-chi? Bu joyni obod qilgan tadbirkorlar, «sohibi»ning jarangdor «nomi»idan   boshqa «hissasi» yo‘q darajada. Vaziyat shunga olib kelindiki, bu maskanda teskari tadbirkorlik izzatda, chin tadbirkorlar g‘urbatda! Xalq hikmati bilan aytsak, suv keltirgan xoru ko‘za sindirgan aziz!

Ta’kidlash kerak, «sohibi mulk» tadbirkorlarni kaltak olib quvayotgani yo‘q.  Quvsa, o‘zlariga zarar ekanini bilmaydigan ahmoq emas-da. Ijara shartnomasi taklif etishayotirki, narxi vaqt-fursatga qarab ko‘tarilib boraveradi. Taklifga ko‘nganlar o‘z hisobiga qurgan inshootlarni ijaraga olib ishlashyapti. Boshqa chora yo‘q, shunga majbur. Faqat beshtasigina haq-huquqlarini talab qilish bilan ovora. Bular:       

  1. «Yakka tartibdagi tadbirkor Mansur Otajonov» (taxtaga ishlov-shakl berish bilan shug‘illanadi, 20 nafarga yaqin ishchisi bor);
  2. «Integral Memor Qurilisn» xususiy korxonasi (beton-plita, bruschatka ishlab chiqaradi, 30 nafar nari-berisida ishchiga ega);
  3. «Orginal Gold Business» xususiy korxonasi (pilorama, ya’ni yog‘ochga shakl berishga ixtisoslashgan sex, 15-20 nafar atrofida ishchining qozoni shu joydan qaynaydi);
  4. «Well Concrete» MChJ – (bruschatka ishlab chiqaradi, mavsumda 60 nafargacha odam ish bilan band bo‘ladi);
  5. «Bisnes Prof» MChJ – ( bruschatka ishlab chiqaradi, chog‘roq ishxona, ammo kamida 10 nafar bekorchini ishli qilish imkoniyati mavjud)...

Ro‘yxati keltirilgan «zako‘n»chilar shikoyat yoza-yoza uzoqqa bormasligining ehtimoli yuqoriday. Rost-da, «yozg‘uvchilar»ga kimning toqati bor? «Mulkdorlar» esa o‘zganing hisobiga qurilgan bino-inshootlarni qo‘lma-qo‘l qila-qila, qonundan libos kiydirishayozdi. Besh tadbirkor qayerga dod deb borishmasin, bu «libos» etagidan ko‘taradigan mard chiqqani yo‘q hali. Prokuraturaga arzi-dod qilishgandi. Toshkent shahar prokuraturasi mas’ullari vaziyatni o‘rganishganday bo‘ldi, tadbirkorlar nolasida asos borligiga ishonishdi, ammo quvvati tomonlarni murosa qilishishga tavsiya  berishga yetdi, xolos. Natija chiqmagach (bir necha bor og‘zi kuyganlarda ishonch qoptimi?!),  qonunlardan quloch-quloch iqtibos keltirib, nihoyasida «...sudga murojaat eting» mazmunidagi javob bitish bilan cheklanishdi. Holbuki, muammo halol va xolis tergovoldi surishtiruv talab etadi. Sal oldinroq portalga yuborilgan shikoyat Savdo-sanoat palatasiga kelib tushgan ekan. Palataning Toshkent shahar hududiy boshqarmasining javobi esa prokuraturanikidan sa-al farq qiladi, lekin pirovard-mazmun bir xil: sudga...

Yuqoridagi bayonlarni o‘qib, Prezidentning kuyib-pishib, takror-takror aytgan gaplari qulog‘ingiz ostida jaranglayotgan bo‘lsa kerak: «Ikkita ish o‘rni yaratgan tadbirkorni, kerak bo‘lsa, boshimga ko‘taraman!». Tadbirkorlar huquqi himoyasiga mas’ul-u majbur  organlarning mutasaddilari-chi?! Quloq ostidagi jaranglarga qaramay, yuzga yaqin ish o‘rni yaratgan tadbirkorlar oyoq-osti bo‘layotganini ko‘rib, quruq «tushuntirish»dan nariga o‘tmaydimi?

O‘tolmaydimi?

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети