Havoda aylanadi va avtomobillar ustidan sakrab o‘tadi: «Tesla» yangi elektromobilni namoyish etdi (video)
Tesla kompaniyasi SpaceX bilan hamkorlikda yaratilgan raketa uslubidagi tezlatkichlar bilan jihozlangan yangilangan Roadster elektromobilini namoyish etdi. Avtomobilni ishlab chiqarish 2028 yildan boshlanishi rejalashtirilgan.
Oq rangdagi, ikki o‘rindiqli avtomobil maxsus tortish tizimi yordamida qator noodatiy harakatlarni amalga oshira oladi. Xususan, taqdimot paytida u maxsus qiya yo‘lakda teskari holatda harakatlangan, havoda aylanib, tezlatkichlar yordamida yerga qo‘ngan. Tadbirning keyingi qismida avtomobil yuk mashinasi va boshqa transport vositalari ustidan sakrab o‘tgan.

Tesla kompaniyasining avtomobillar muhandisligi bo‘yicha rahbari Lars Moravining aytishicha, Roadster elektromobili soatiga 97 kilometr tezlikka bir soniyadan kamroq vaqt ichida erisha oladi. Uning maksimal tezligi esa soatiga 370 kilometrdan oshadi.

Roadster bir marta quvvatlanganda 480 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘ta oladi. Biroq bu Mask 2017 yilda, ikkinchi avlod Roadster prototipi ilk bor namoyish etilganida va avtomobil yetkazib berish 2020 yilda boshlanishi aytilganida va’da qilgan masofaning yarmidan ham kam.

Avtomobilni qanchaga sotib olish mumkin?
Tadbirda Mask va kompaniyaning boshqa rahbarlari avtomobilning aniq sotuv narxini ma’lum qilmadi. Tesla qariyb o‘n yil avval Roadster’ning boshlang‘ich narxini 200 ming dollar deb e’lon qilgan edi.
Taqdimotdan keyin Tesla’ning Roadster uchun buyurtma sahifasida avtomobilning bir nechta versiyasi ko‘rsatildi. «Performance» versiyasini band qilish uchun 50 ming dollar, «Thrust» versiyasi uchun esa 250 ming dollar depozit talab etiladi. «Thrust» modeli tezlatkichlar bilan jihozlangan.
Tesla faqat taklif asosida taqdim etilishini bildirgan «Rocket» versiyasi esa to‘liq parvoz tizimiga ega, bir o‘rindiqli model sifatida tavsiflangan.
Avtomobil texnoolamda yangilik bo‘lganiga qaramay, Tesla investorlari u haqda turlicha fikrda
Kompaniya investorlaridan biri bo‘lgan Deepwater Asset Management kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Jin Menster X ijtimoiy tarmog‘ida taqdimotni izohlar ekan, shunday yozdi:
«Bu an’anaviy avtomobil ishlab chiqaruvchilarni noqulay ahvolga solishdan boshqa tijoriy qiymatga ega bo‘lmagan, muhandislik imkoniyatlarini namoyish etuvchi chiqish bo‘ldi».
Yana bir investor Saver Merritt esa boshqacha fikrda:
«Bu men ko‘rgan eng aql bovar qilmas mahsulot taqdimoti bo‘ldi. Men buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, ammo hamon bu qanday qilib sun’iy intellekt yordamida yaratilmaganiga hayronman», — deb yozgan u X tarmog‘ida.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter