Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Uyimdagi «megajin»

Uyimdagi «megajin»

Hamma ayb o‘zimda...

Borar joyi yo‘q, kimsasi yo‘q yetimcha debmanu uyimga boshlab kelaveribman. Erimga u yoqmadi: «Ko‘chaga hayda, bunaqalarning o‘rni ko‘chada, yaxshi bo‘lganida kimsasiz qolmasdi», dedi.

– Shuncha mebelu, gilam siqqan uyimizda shu jonginaga joy topilmaydimi, uyaling, – dedim.

«Buning ustiga, farzandlarim hammasi qiz, agar birorta o‘g‘lim bo‘lganidayam uni olib kelmasdim», deb o‘yladim o‘zimcha. Qisqasi, erim boshidayoq uni yoqtirmadi. Erimning ra’yiga qarab, unga alohida joy hozirladik, hatto ovqatlanishi ham alohida bo‘ldi. Oqshomlari erim bilan televizor tomosha qilib o‘tirsak, u kelib bexosdan yonimizga o‘tirib qolsa bormi, erim zarda bilan o‘rnidan turib ketvorardi.

Hammasi u betob bo‘lgan kundan boshlandi. To‘g‘rirog‘i, buni o‘sha kuni anglab yetdim. Uning joni og‘riyotganidan butun oilamiz bilan behalovat bo‘ldik. Erim surishtira-surishtira shifokor topdi, uyga kelishi, muolaja qilishi falon pul ekan. Mayli, faqat keling, shuni joni og‘rimasin, dedi telefonda iltijo bilan. Erimning unga nisbatan ko‘ngli yumshaganidan xursand bo‘lishimniyam, xafa bo‘lishniyam bilolmay qoldim. Shifokor muolaja qilgach, alohida taomnoma tuzdi. Erim taomnoma yozilgan qog‘ozni avaylab taxlab, ko‘krak cho‘ntagiga solib qo‘ydi.

Shu-shu, u nafaqat alohida ovqatlanadigan, hatto alohida taom yeydigan bo‘ldi. Bir safar kechasi, mehmondorchilikdan qaytayotib erim uning ovqati tugab qolganini eslab, mashinani boshqa yoqqa burdi. «Korzinka», «Makro», «Havas»u qo‘yingki, soat 23:00 dan keyin ishlayveradigan oziq-ovqat do‘konlarining hammasini kezib chiqib, u yeydigan taomni topdi. Men erimning bu qadar unga kuyib-pishayotganidan hayron, sovuq mashina salonida junjikib o‘tirgancha «o‘z yog‘imga qovurilardim». 

Keyinchalik, e’tibor bersam, ishdan kelgan erimga u yugurgancha peshvoz chiqarkan. Men unga to‘shab bergan eskiroq ko‘rpachaning o‘rniga bejirim yotoq olib kelindi. U go‘yo malikalardek, oldimdan sallona o‘tadigan odat chiqardi. Yo‘q, menga sira yomonlik qilmaydi, aksincha, hatto uning menga rahmiyam keladimey.

E’tibor bersam, kechasi yotog‘imizga sirg‘alib kirib keladigan odat chiqaribdi. Uyg‘otib yubormaslik uchun asta meni aylanib o‘tib, erimning qo‘llarini o‘padi, burniga burnini ishqalaydi, qulog‘ini tishlab tortqilaydimey. O‘zimni bilmaganlikka olib yotaverdim. Erim uyg‘onib, uni asta siypalagancha shivirlab: «Hozir», dedi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, erim, yarim tunda yotog‘imizdan oyoq uchida u bilan chiqib ketdi...

Endi oqshomlari u ham biz bilan televizor ko‘radigan odat chiqardi. Bezbetlarcha kelib, erim ikkimizning o‘rtamizga o‘tirib oladi. Erim bolalar uxlaganda yeymiz deb olib qo‘ygan pistayu, chipslarni dasturxonga qo‘yaman. U esa ko‘zlarini suzib, dasturxonga qaraydi. Hammasidan ham o‘tib tushgani, yonginamda u erimning qo‘llariga yumshoq qo‘lchasini qo‘yib, menga ham ber, deydi. Erim esa chipsni maydalab kaftida unga yediradi, pistani chaqib mag‘zini uning og‘ziga solib qo‘yadi. Bu menga qanchalik erish tuyulmasin, chidashga majburman. Agar e’tiroz bildirsam, erim «o‘zing olib kelgansan» deb og‘zimga «urishi» aniq.

Yarim tun... mana, u yana bezbetlarcha yotog‘imizga kirib keldi. Bu safar u meni aylanib o‘tmadi, ustimdan bosib o‘tib, erimga yaltoqlana boshladi. Men tishimni tishimga qo‘yib, go‘yo uxlayotgandek yotibman. Hammasiga chidashim kerak. Chunki uni uyga olib kelgan o‘zim, shu ko‘yga tushishimga ham faqat o‘zim sababchiman. Faqat bir narsani aniq bilaman, u oilamni buzmaydi! Chunki uning boradigan boshqa joyi yo‘q.

Erim har doimgidek, o‘rnidan sirg‘alib, u bilan birga yotoqdan chiqib ketdi. Yarim tun. Har doimgidek, oshxonada tunchiroqning «chiq» etib yoqilganiyu, muzlatgichning eshigi ochilgani qulog‘imga chalindi. Men ko‘zlarimni chirt yumgancha yotibman. Uning ochiqqan ovozi tun sukunatini buzib, butun uyga mayin eshitila boshladi: «miyov-miyov». Erim esa unga: «Hozir, ozgina sabr qil, buni isitish kerak» dedi...

Muhayyo Saidova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring