Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ekoshapaloq (hajviya)

Ekoshapaloq (hajviya)

foto: chatgpt

Shunday qilib desangiz, martning ilk kunida ko‘klamdan darak berganicha kulrang bulutlari-yu, salqin shamolini olib kelib ko‘nglimga xush yoqqan, ammo yig‘ib qo‘ygan tog‘-tog‘ chiqindilarimni (ko‘chadan yig‘ishtirib olgan bo‘lsam ham endilikda menikida!) to‘zg‘itib, hazillashib asablarim bilan o‘ynashayotgan bahor nafasiga supurgini o‘qtalar ekanman, miyamga tuyqus ajoyib fikr kelib qoldi. Hech ikkilanmasdan ayta olamanki, ko‘chaga chiqindi tashlaydigan bolalarni ota-onasiga jazo qo‘llash kerak. (Haligacha jazo turi haqida o‘ylab ko‘raman, balki shapaloqdir yoki jarimadir) Chunki, ota-onasi ko‘chaga chiqindi uloqtirganiga guvoh bo‘lgan bola buni albatta takrorlaydi. Keyinchalik, borib-borib bu odatiy holga aylanadi va shu tariqa farosatsizlik avloddan avlodga o‘tib ketaveradi.

Masalan, o‘zimdan kelib chiqadigan bo‘lsam, bolaligimizdan onam ko‘chamizni boshigacha chiqindilarni yig‘ib, tozalab supurib qo‘yishga, chiqindi tashlamaslik, suvga har xil narsalar oqizmaslik va tuflamaslik, hovli-uylarni ozoda tutishga o‘rgatganlar. O‘z navbatida men ham bolalarimga shu tarbiyani amalda ko‘rsatib berishim tabiiy hol. Bu atay o‘rgatish emas, shunchaki odamiylikning kichik bir ko‘rinishidan bola katta saboqni oladi.

Bolalarim bilan ko‘chaga chiqsak, qo‘limizdagi chiqindini tashlash uchun maxsus joyni qidirgan (ayniqsa shahar markazida) paytlarimiz ko‘p bo‘ladi. Toki topmagunimizcha chiqindi plastik idish yoki muzqaymoq qadog‘i bo‘lar, qo‘limizda olib yuraveramiz. Idish ko‘rinish berishi bilanoq kichkinam saralanish belgisiga qarab chiqindini solib keladi. Ishonchim komilki, endi bolalarimni bolalari ham hech qachon ko‘chaga chiqindi uloqtirib ketishmaydi. O‘ylab qolaman, hammamiz shunday o‘rnak ko‘rsatsak, biror kishi uloqtirib ketmasa chiqindilarsiz olam naqadar go‘zal bo‘lardi-ya. Ortimizdan tozalab yurishlariga hojat ham qolmas edi. Suv havzalari, gulzor, ko‘kalamzorlar, ko‘chalar, ariqlarda chiqindilar emas, ozodalik, go‘zallikka ko‘zimiz tushardi. Badbo‘y hidlar qayda deysiz, gullar iforidan mast bo‘lardik. Go‘zal makonimizni madh etaverib bulbullarni tomog‘i bo‘g‘ilib, sulayib qolardi. Naqd susambilni o‘zida toza havodan nafas olib, hech qanday kasalliklarsiz, allergiya, asabbuzarliklarsiz baxtli yashardik.

Tasavvur etolmadingiz ha!? Men ham! Amalga oshira olishimiz mumkin bo‘lgan oddiy narsa, ammo, ijobat bo‘lishi uchun oltin baliq tutib olishimiz yoki sehrli chiroq ishqalashimiz shartdek tuyuladi. Biz odamzotga tekkan kasal, eng mayda narsalardan katta muammolar orttirib yuramiz va bu doim o‘zimizga qarshi ishlaydi. Axir, chiqindilar sayyorasiga aylanayotgan bechora yerimiz, har xil sanoat chiqindilari bilan bulg‘anayotgan dunyo ummonlari, kundan kun nafasi og‘irlashib hansirayotgan ekologiya, biz noshudlarga javoban borgan sari vahshiylashayotgan tabiat, tobora kengayib chekinayotgan ozon qatlami, ifloslanib yaroqsiz holga kelib qolgan tuproq, turli xil kasalliklar birgina farosatsizligimiz ortidan sodir bo‘layotgani barchamizga ma’lumku! Hozir keltiradigan faktlar haqida eshitsangiz fikrlarim to‘g‘ri ekanini tasdiqlab, manavi chiqindilarni yig‘ishda menga yordam berib yuborishingiz turgan gap.

Butun dunyo olimlari olib borgan kuzatuv va tadqiqotlarga ko‘ra, oziq-ovqat chiqindilari 4-6 haftagacha, karton va turli xil qog‘ozlar 1 oydan 2 yilgacha, sigaret qoldig‘i va plastik paket 10 yildan 20 yilgacha, plastik stakan 50 yil, batareya 100 yil, alyumin banka 80 yildan 200 yilgacha, plastik baklajka 450 yil, bir martalik bolalar tagliklari 550 yil, shisha 1 million yil (yoki umuman chirimaydi)gacha chirimasdan tuproq, suv hamda atrof-muhitni ifloslantirib, ta’bir joiz bo‘lsa, yaroqsiz holatga keltirishga xizmat qilaveradi. Bundayin chiqindilar bilan to‘lib toshgan makonlarda ekologiya, ona tabiat, sog‘lom avlod, porloq kelajak haqida orzu qilishning o‘ziyoq nihoyatda kulguli va achinarlidir. Ana shunday, olmonlar yoki yaponlar kabi ommaviy farosatsizlik va chiqindilar bilan kurashishni o‘rganmas ekanmiz, jismimiz ham ruhiyatimiz ham sog‘lom bo‘lolmaydi nazarimda.

Valaqlab falsafa so‘qib qaqqayib turishimni qarang, keling manavi xilma-xil chiqindilarni yig‘a turib gapira qolay a, nima dedingiz?

G‘urur bilan ayta olamanki, mahalladagi eng keng va katta, serqatnov ko‘cha bizniki. Butun mahalla odamlari shu ko‘chadan o‘tib qaytadi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Mashinalar, kattalar, bolalar... Ayniqsa, bolajonlar chug‘ur-chug‘ur o‘tishadi, o‘yinlar o‘ynashadi. Velosiped uchishadi, koptok tepishadi. Xullas ko‘chamiz gavjumlikda shahri azimning manaman degan saylgohlarini ham ortda qoldiradiki, ortidan qoldiradigan chiqindilari ham bemalol kuch bellasha oladi. Shu sababli ikki-uch kunda chiqib, uyim devoridan ham oshib anchayin cho‘zilib ketgan, kami 30 metrcha joyni supurib tozalayman. Bilasizmi, har safar huddiki bir oydan buyon tozalanmagandek turadi. Odatim qursin, qarg‘ab-qarg‘ab tozalab olaman. O‘tgan qaytgan bolalarga yana chiqindi tashlasang ko‘chadan o‘tkazmayman deb po‘pisa ham qilaman. Yo‘q, baribir foydasi bo‘lmaydi. Keyingi safarga yana shu ahvol. Ko‘chalarga bamaylixotir chiqindi uloqtirib ketayotgan odamlarni ko‘rib, buni to‘g‘rilash juda mushkul ishligini tushunib qolaman. Shunday paytlarda, farosat irsiyatdan o‘tadigan gen ekanini tushunib yetaman va “Ha, chiqindi genlaring mutatsiyaga uchragurlar!” — deb qarg‘anib olamanda yana ishimni davom ettiraman. Nazarimda, yaqin kunlar ichida obodonlashtirish mutaxassisligi bo‘yicha mahalladan yarim stavka ish o‘rni olamanov!

Bir qarorga keldim, shu yili “Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi" fakultetiga hujjat topshiraman va chiqindiga qarshi o‘ylab qo‘ygan barcha chora-tadbirlarni amalga oshiraman. Birinchi navbatda, maktab va ishxonalarda joriy qilingan “o‘lmas-yetmas” ish haqiga ham befarosat kimsalarning ortini tozalash zahmatini bo‘yniga olgan ishchi kuchlarini vazifasidan ozod qilamiz va ekologik birlashmamizga ishga olamiz. Endilikda ularning vazifasi tozalash emas, tozalatishga aylanadi. Yuqorida aytgan xuddi o‘sha maskanlarga tayinlanib, o‘quvchi hamda ishchilar orasida rejali tozalash tartibi o‘rnatadi. Natijada har kim o‘z chiqindisini o‘zi oladigan, iflos qilgan joyini o‘zi tozalaydigan, ya’ni o‘z-o‘ziga xizmat qiladigan bo‘ladi. Qani endiyam chiqindi tashlab ko‘rsinchi! Keyingi bosqich, butun respublikamiz bo‘ylab shapaloqli to‘lov shoxobchalarini tashkil etish bo‘ladi. Bu harakatimizda chiqindi uloqtiruvchi shovvozlarni “Maxsustrans” va “Obodonlashtirish” xizmatchilari tutib keltirib beradilar (chunki ular ishsiz qoladilarda). O, tan olayki, so‘nggi bosqich menga ilhom beradi.

Mahallalar, ko‘chalar, ish xona va boshqa joylardan tutib keltirilgan farosat genisiz dunyoga kelgan mutantlarni ekoshapaloqchilarimiz kutib olishadi va maxsus xonada achchiqqina ikki porsiya shapaloq bilan mehmon qilishadi. Bu jarayon ota-onalarga farzandlari guvohligida ijro etiladi (juda achchiq, lekin samarali). Bu “shavqatsizlik”ni kim ijro etadi deysizmi? Eh-hey, nomzodlarni to‘plasak, Everest cho‘qqisi pastda kaftini peshonasiga soyabon qilganicha angrayib qoladiku. Xullas, bu nomzodlar: ota-onalardan kaltak yeb, ularni farzandlariga ta’lim-tarbiya berayotgan o‘qituvchilar, bemorlar tomonidan do‘pposlanib, gohida och biqiniga pichoq joylab qo‘yishsa ham burchini bajarayotgan shifokorlar, qora mehnat qilib ish haqini ololmay yurgan dala ishchilari... aytaversak tugamaydigan qator-qator jabrdiyda mutaxassislar shay turishadi. Ana bu ish tugagach, mahkumlar yo‘lakdagi kassamizga jarimani ham shaqqillatib sanab to‘lab ketishadi. Kamiga ko‘chalarda tashkil qilingan qorovullik postlari nazorati ostida har bir jazolanuvchi bir hafta oilaviy tarzda bo‘lib berilgan hududni tozalashadi. Ishchilaringizni maosh bilan qanday ta’minlaysiz deysizmi? Albatta jarimalar hisobiga-da! His etyapsizmi, mendan yaxshiroq ekologiya vazirini Ko‘hiqofdan ham topolmaysiz...

“Hoy, bola bo‘lmay har balo bo‘lgur, to‘xta, qochma! Tashlagan chiqindingni tez olginchi! Ha, maymunni bolasi, tozalab qo‘ygan joyimga chiqindi uloqtirib ketdi-ya! Hali qo‘limga tusharsan, bir xumordan chiqib ota-onangni shapaloqlamasammi!”

Mana ko‘rib turganingizdek, shunaqa gaplar! Duo qilinki, niyatim amalga oshib, oliygohni bitirib Ekologiya vaziri lavozimiga o‘tirib qolmayin. Kuniga uch mahal ikkitadan shapaloq mazasini tatib, otni kallasidek jarimani qurtdek sanab bermang deymanda! A, labbay!

Mastura Abduraimova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring