«Agentlikda alohida xavotir uyg‘otmoqda» — AOKA navbatdagi tajovuzkorlikka munosabat bildirdi
Andijonda Effect.uz internet nashri jurnalisti bir guruh shaxslar tomonidan kaltaklagani, holat yuzasidan Bosh prokuratura va Jurnalistlari ijodiy uyushmasi munosabat bildirgani xabar qilingandi.
Mazkur voqea bo‘yicha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ham o‘z rasmiy bayonotini e’lon qildi.
«Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga Effect.uz internet-nashri jurnalistlari tomonidan o‘z kasbiy faoliyatini yuritish jarayonida, ularga nisbatan Andijon shahar xalq deputatlari kengashi kotibiyati mudiri va uning o‘g‘li tomonidan kuch ishlatib tan jarohati yetkazilgani, uyali telefon apparatlari yaroqsiz holga kelgani to‘g‘risida murojaat kelib tushdi.
OAV vakillari faoliyatiga bu kabi noqonuniy va tajovuzkor qarshilik qisqa muddat ichida ikkinchi bor takrorlanayotgani Agentlikda alohida xavotir uyg‘otmoqda.
Takroran eslatib o‘tish joizki, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 8-moddasiga ko‘ra, jurnalist jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanadi. Mazkur qonunning 10-moddasida, jurnalist o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishida uning himoya qilinishi ta’minlanishi lozim, 14-moddada esa jurnalistning qonunda belgilangan huquqlarini buzganlik, uning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga tahdid, zo‘ravonlik yoki tajovuz qilganlik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilangan. Bu kabi himoyaviy kafolatlar «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasida ham mustahkamlangan.
AOKA voqea tafsilotlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligiga holatni chuqur o‘rganish orqali qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha so‘rovlar yubordi. Ishonamizki, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan voqelikka tegishli huquqiy baho beriladi hamda aybdorlarga qonuniy chora ko‘rish uchun zarur ishlar amalga oshiriladi», — deyiladi bayonotda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter