Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosqinchilarga yosh qizlar yordam berishdi

Bosqinchilarga yosh qizlar yordam berishdi

Joriy yilning 7 iyun kuni 24 yoshli G‘.B. Toshkent tumani IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qiladi.

Uning qayd etishicha, shu kuni soat 01:20 larda «Spark» rusumli avtomashinasida yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanayotgan vaqtida, TXAY yo‘lining Toshkent shahri Yunusobod tumani I.Karimov mahallasi hududidan o‘tgan qismidan yo‘lovchi sifatida ikki nafar noma’lum ayol avtomashinasiga o‘tiradi. Aytilgan manzilga — Qibray tumani Parvoz mahallasiga olib borilganida mazkur mahalladan ayollarning tanishi bo‘lgan yana ikki nafar noma’lum erkak avtomashinaga chiqadi.

Ularni «Uch-Qahramon» blok posti yaqinidagi ichki ko‘chaga olib borgan vaqtida, avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan ikki nafar erkak unga pichoq o‘qtalib, qo‘llari bilan urib tan jarohati yetkazishib, so‘ngra zo‘rlik bilan avtomashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tkazishadi. Ulardan biri avtomashina rul boshqaruviga o‘tirib, ikkinchi erkak esa pichoq o‘qtalib haydovchidan «Redmi-5» rusumli telefon apparatini va qo‘lida bo‘lgan soatini tortib oladi. Toshkent shahar Uchtepa tumani hududidagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasiga kirgan vaqtlarida, kirakash avtomashinadan tushib qochishga ulguradi.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan noma’lum shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 267-moddasi 2-qismi «b,v» bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirgan holda zo‘rlik ishlatib transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor ishlar natijasida, mazkur jinoyatni 21 yoshli P.F. (erkak), 18 yoshli S.M.(ayol), 22 yoshli N.B. (erkak) va 18 yoshli A.Yu. (ayol)lar sodir etganliklari hamda jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan avtomashinani Zangiota tumani Mustaqillik ko‘chasida joylashgan uylarning biri oldida tashlab ketilganligi aniqlangan va avtomashina ko‘zdan kechirilib, ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur jinoyatni sodir etgan shaxslar qo‘lga olinib, ulardan jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan «Redmi-5» rusumli telefon apparati ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan, hozirda ularga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda yuqoridagi shaxslar nima sababdan ushbu jinoyatga qo‘l urganligi aniqlanmoqda.

Tergov harakatlari davom etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring