Jizzaxda fuqaro ukasini operatsiya qilgan xirurgni qasddan pichoqladi
2019-yil 29-iyun kuni soat 10-30larda fuqaro J.K. Jizzax viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazi xirurgiya bo‘limiga kelib, bo‘lim mudiri T.H. uning 2005-yilda tug‘ilgan ukasi Q.J.ni 26.06.2019 yil kuni «exinokok» tashxisi bilan operatsiya qilishi natijasida ukasi vafot etganligi sababli uni qasddan o‘ldirish maqsadida o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘i bilan T.H.ning hayoti uchun muhim organlari ko‘kragiga va qorin qismiga bir necha marta pichoq bilan urib tan jarohati yetkazgan vaqtida bo‘lim shifokori B.G‘. ularni ajratib qolishi natijasida J.Q. jinoiy maqsadini oxiriga yetkaza olmasdan voqea joyidan qochib ketgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Fuqaro T.H.ga shifokorlar tomonidan o‘z vaqtida malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishi natijasida uning hayoti saqlanib qolingan.
Voqea joyiga viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari, shahar prokurori, viloyat IIB boshlig‘i, shahar IIO FMB boshlig‘i va boshqa tezkor xodimlar chiqishgan.
Tezkor qidiruv chora-tadbirlar natijasida J.Q. Zafarobod tumani, «Uzun» qishlog‘ida ushlanib, qo‘lidagi oshxona pichog‘i ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan 29.06.2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi JKning 25, 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jinoyat ishining tergovi viloyat prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter