O‘qituvchiga tarsaki tushirgan buviga nisbatan sudga da’vo arizasi kiritiladi
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda maktablardan birida o‘qituvchi o‘quvchining buvisi tomonidan kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilinib, yuziga tarsaki tushirgani holati aks etgan video tarqaldi.
Xalq ta’limi vazirining Nazorat–huquqiy xizmati tomonidan hodisa 2020-yilning 15-fevral kuni Kitob tumani Xalq ta’lim bo‘limiga qarashli 85-umumta’lim maktabida yuz berganligi aniqlandi.
«Ma’lum bo‘lishicha, maktabda fan amaliyoti o‘tab, 5-sinfda dars mashg‘ulotlari olib borayotgan Qarshi davlat universitetining tarix fakulteti 4–kurs talabasi Bobonazar Xurramov o‘quvchining tartibsizlikka yo‘l qo‘ygani, uy vazifasini bajarmaganligi bois tanbeh bergan.
O‘qituvchining sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazganligi uchun o‘quvchining buvisiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 197(5)-moddasiga asosan ma’muriy ish qo‘zg‘atish to‘g‘risida ariza kiritilayotganini ma’lum qilamiz.
Hurmatli ota-onalar!
Sizlar tomondan o‘qituvchilarga qilinayotgan har qanday nojoiz munosabat bolaning ongiga salbiy ta’sir qilib unda o‘qituvchi va maktabga nisbatan hurmatsizlik hissini yanada avj oldiradi. Farzandlaringizga maktab muqaddas dargoh, o‘qituvchi esa hurmatli inson ekanligini uqtirib boring, aks holda keyingi pushaymon o‘zingizga dushman bo‘lishi mumkin!
Hurmatli o‘qituvchilar!
O‘zbekiston Respublikasi «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuning 45-moddasiga asosan sizning huquqlaringiz, sha’ningiz, qadr-qimmatingiz va ishchanlik obro‘ingiz davlat himoyasida.
O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 197(5)-moddasiga ko‘ra hech kim sizning xizmat vazifalaringizni bajarishiga to‘sqinlik qilishga haqli emas. Shunday huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda siz to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga murojaat qilish huquqiga egasiz.
«Talim to‘g‘risida»gi Qonunga binoan O‘zbekiston Respublikasida ta’limning ustuvorligi ta’minlangan.
Sizga bu borada huquqiy maslahat zarur bo‘lgan taqdirda «Ustoz ovozi» virtual inspektoriga yohud hududingizdagi vazirning Nazorat–huquqiy Xizmatiga murojaat qilishingiz mumkin.
Sha’ningiz va qadr-qimmatingiz poymol bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang!», — deyiladi XTV xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter