O‘zbek shifokorlari tomonidan ilk bor noyob operatsiya yordamida siam egizaklari ajratib olindi
Tibbiyot tarixida ilk bor o‘zbek shifokorlari tomonidan siam egizaklari o‘ta noyob operatsiya natijasida ajratib olindi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Jajji Fotima va Zuhra tanasining qorin qismi, aniqrog‘i, jigari bilan birlashgan edi. Bitta ichki a’zolarga ega egizaklarni ajratish esa o‘ta murakkab va xavfli operatsiya edi. Ular yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, ya’ni opa-singillarning farzandlaridan dunyoga kelgan.
Tug‘uruqdan 10 kun o‘tgach, ota-onaga bolalarning yashab qolish imkoni umuman yo‘qligi aytilib, uyiga ruxsat berilgan. Ammo farzandlarining yashab ketishidan umid uzmagan ota-ona oradan bir oy o‘tgach, O‘zbekistondagi Respublika perinatal markazi qoshidagi neonatal xirurgiya markazi rahbari Baxtiyor Ergashevga telefon orqali murojaat qilishdi.
Bemorlar holatidan xabardor bo‘lgan tajribali neonatal xirurg, professor B. Ergashev ularni yanada chuqur tibbiy ko‘riklardan o‘tkazish zarurligini aytadi. Ammo O‘sh shahrida buning imkoni bo‘lmaydi. Shunga qaramay, tajribali mutaxassis egizaklarni har oy onlayn tarzda tibbiy nazorat qilib boradi. Nihoyat oktyabr oyida go‘daklar Respublika perinatal markazining Neonatal xirurgiya o‘quv-davolash-metodik markaziga olib kelinadi. Bu paytda ular 5 oylik bo‘lib qolgan edi...
O‘zbekistonda siam egizaklari avval ham operatsiya qilinganmi?
Shu paytgacha yurtimizda bu turdagi amaliyot faqat bir marta Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida amalga oshirilgan. Unda ham operatsiya chet eldan chaqirilgan mutaxassis boshchiligida va bevosita ishtirokida kechgan.
O‘tgan yilning 16 dekabr kuniga qadar Respublika perinatal markazi jamoasi o‘zaro maslahatlashdi. Egizaklar to‘liq konsilium qilindi. Muassasadagi barcha yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalar tekshiruvdan o‘tkazildi. Eksperiment tariqasida sinov amaliyotlari o‘tkazilib, tibbiy jamoa ham, texnologiyalar ham shay holatga keltirildi. Shundan so‘ng 19 dekabr kuni operatsiya belgilandi.
Amaliyotni ustozlar roziligi bilan professor Baxtiyor Ergashev boshlab berdi.
— Amaliyot 3 soat davom etdi. Bolalar bir-biri bilan jigar orqali birlashgani o‘z isbotini topdi. Bolalarni ajratganda jigardan va boshqa qon tomirlardan qon ketishining oldini olish maqsadida ultratovush va argon skalpeli, shuningdek, «Bloodstop» deb atalgan zamonaviy gemostatik materialdan foydalandik. Natijada minimal darajada qon ketishi bilan bolalar ajratib olindi, — deydi B.Ergashev.
Omadni qarangki, bemorlarning o‘t pufaklari alohida-alohida shakllangan edi. Bu esa ikki tana ajratilganida, bu a’zolar o‘z vazifasini bekamu ko‘st bajarishini ta’minlar edi.
Shunday qilib, egizaklar muvaffaqiyatli ajratib olindi. Operatsiyaning keyingi bosqichida tibbiy jamoa ikki guruhga bo‘linib, ish olib borishi kerak edi.
Siam egizaklari bir-biridan ajratilgach, Fotimaxonni Baxtiyor Ergashev, Nasriddin Ergashev va Nurbek Egamnazarov, Zuhraxonni esa Habibullo Oqilov, Javlon Muxtorov va Abdujamil Abdug‘aniyevdan iborat neonatal xirurglar jamoasi operatsiya qildi.
Ularga Resbpublika perinatal markazining neonatolog, reanimatolog va anesteziologlari U.Azimova, M.Shovazova, A.Qurbonova, F.Jo‘rayeva, D.Xaliqulova, M.Miryunusova, shuningdek, malakali operatsiya va tibbiy hamshiralar guruhi yaqindan yordam berdi.
Ushbu amaliyotlar xirurglar tili bilan aytganda «silliq» o‘tdi.
Operatsiya xonasiga bir vujud sifatida olib kirilgan chaqaloqlar ikki mustaqil organizm sifatida olib chiqildi. O‘ta murakkab amaliyotni boshdan o‘tkazishgani va nimjonligi ularning tiklanish jarayonini sekinlashtirdi. Ayniqsa, Zuhraxonning buyraklari me’yordan ancha kichik ekani shu yerda o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi. Uning salomatligini tiklashda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining bolalar bo‘limi mutaxassislari ham katta hissa qo‘shdi, deyiladi SSV xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter