Samarqandda ota-bolani bolg‘a bilan o‘ldirgan qotilga hukm o‘qildi

O‘tgan yilning oktyabr oyida Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida mudhish jinoyat sanoqli kunlarda fosh etilgani, ota-bolani o‘ldirib ketgan qotil tezda qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudida ushbu qotillikka oid ish ko‘rib chiqildi. Bu haqda Yoshlar kanalining «Yangi davr» ko‘rsatuvida xabar berildi.
2020-yilning 8-oktyabr kuni soat 02:00 larda O.O. ismli shaxs o‘zining hamqishlog‘i — Paxtachi tumani Qarnobota qishlog‘ida yashovchi S.P.ning xonadoniga boradi va uni o‘zi bilan olib kelgan bolg‘a yordamida urib o‘ldiradi. Uydagi qimmatbaho narsalarni olish uchun hovliga chiqqanida, xonadon egasining 19 yoshli o‘g‘li S.O‘. shovqindan uyg‘onib ketganini ko‘rib qoladi.
Qotil unga «otangning mazasi qochdi» deya yigitni omborga olib kiradi va uni ham bolg‘a bilan urib o‘ldiradi. Shundan so‘ng u uydan jami 72,7 million so‘mlik pul va qimmatbaho buyumlarni olib, jinoyat joyini tark etadi.
Sud ishida Samarqand viloyati prokuraturasi xodimi ayblanuvchi uchun Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida uzil-kesil 25 yil qamoq jazosini tayinlashni so‘ragan. Sudning yakuniy hukmiga ko‘ra, ayblanuvchi O.O. 22 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter