Yo‘l chetiga uloqtirilgan o‘ramdan xavfli modda topildi
Buxoroda tezkor tadbir davomida «Labo» haydovchisi uloqtirgan o‘ramdan mefedron (sintetik giyohvandlik vositasi) topildi. Gumonlanuvchilarga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda «Xabar.uz»ga Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati xodimi Murodjon Rahmatullayev ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning 6 iyul sanasida tungi soat taxminan 23:00 larda Buxoro shahrining Otbozor mahallasi hududida harakatlanib kelayotgan «Labo» rusumli avtomashina xodimlarda shubha uyg‘otgan. Shu sababli to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Ushbu jarayonda avtomashina haydovchisi to‘xtagan joy yaqinidagi yo‘l chetiga shubhali o‘ram uloqtirib yuborilgan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, qizil rangli izolentaga o‘ralgan ushbu o‘ram ichida og‘irligi qariyb, 30 gramm bo‘lgan, oq-och sarg‘ish tusli, o‘ziga xos o‘tkir hidli «Mefedron» sintetik giyohvandlik vositasi mavjud ekani tasdiqlangan.
Tezkor-tergov harakatlari davomida gumonlanuvchilar ushbu moddani kelgusida qonunga xilof ravishda o‘tkazish maqsadida saqlab kelgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.
Ma’lumot uchun: Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismiga muvofiq, narkotik vositalar, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlarni sodir etganlik uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter