Adliya vaziri Shvetsiya elchisi bilan hamkorlikni muhokama qildi

2019-yil 20-fevral kuni Adliya vaziri Ruslanbek Davletov rezidensiyasi Stokgolmda bo‘lgan Shvetsiya qirolligining Favqulodda va muxtor elchisi Ingrid Tersman bilan uchrashdi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unda tomonlar qonun ijodkorligi jarayonini takomillashtirish, investitsiyalarni jalb etish, yuridik va davlat xizmatlarini ko‘rsatish (notariat) hamda mediatsiya va arbitraj orqali nizolarni hal etish, yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlash sohalari bo‘yicha hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilishdi. Ikki tomonlama va ko‘p tomonlama formatlardagi munosabatlarning amaliy jihatlari bo‘yicha konstruktiv fikr almashildi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan jadal islohotlar jamiyat hayotining barcha sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratayotgani qayd etildi. Shvetsiya elchisi Toshkentda 19-20 fevral kunlari O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi hamda mintaqa davlatlarining yetakchi tahliliy muassasalari hamkorligida tashkil etilgan «Markaziy Osiyoda o‘zaro mushtaraklik: tahdidlar va yangi imkoniyatlar» mavzuidagi xalqaro konferensiyadagi taassurrotlari bilan o‘rtoqlashdi. Samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda tomonlar o‘zaro manfaatlarni ifodalovchi boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqishdi va munosabatlarni yanada rivojlatirish va mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Uchrashuv yakunida R. Davletov Shvetsiyalik hamkasblarini «Tashkent Law Spring» xalqaro yuridik forumida qatnashish uchun taklif etdi.
Ma’lumot uchun: I.Tersman O‘zbekiston va Shvetsiya kompaniyalari o‘rtasidagi savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish, shved kompaniyalarining O‘zbekistonda biznesni yuritish bo‘yicha taqdimoti, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalarini hal etishga yo‘naltirilgan O‘zbekiston-Shvetsiya biznes forumida ishtirok etish uchun Toshkentga tashrif buyurdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter