Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijon shahri jinoyatlar o‘chog‘iga aylanmoqdami? Senator javob beradi

Andijon shahri jinoyatlar o‘chog‘iga aylanmoqdami? Senator javob beradi

Oliy Majlis Senati a’zosi Farhod Boqiyev.

Kuni kecha Oliy Majlis Senati qo‘mitasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish yuzasidan Andijon viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar holati muhokama qilindi.

Ta’kidlash joizki, Andijon viloyatida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, fuqarolarning huquq va erkinligi hamda qonuniy manfaatlarini himoyasini ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Hamkorlikda ko‘rilgan tizimli choralar natijasida 2019 yil davomida viloyatda sodir etilgan umumiy jinoyatlar 133 taga, ya’ni 3,8 foizga kamayishiga erishilgan. Bu yaxshi ko‘rsatkich, albatta.

Biroq umumiy ahvol maqtangudek emas. Buning birinchi sababi huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasida jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlar yetarli darajada olib borilmaganligiga taqaladi. Mana, ahvol:  viloyatda 463 nafar  ayollar, 1 233 nafar yoshlar hamda 1 394 nafar ishsizlar tomonidan jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Bu borada Andijon shahrida vaziyat nisbatan og‘irlashganini alohida qayd etish joiz. Viloyatda jinoyat sodir etgan yoshlar va ishsizlarning har to‘rtinchisi hamda ayollarning har uchinchisi shahar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

2020 yilning birinchi choragida viloyatda oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar masalasida ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan va  buning oqibatda shu kabi 492 ta turli jinoiy qilmishlar sodir etilgan.O‘z navbatida viloyat bo‘yicha 243 ta og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar qayd etilgan bo‘lib, ularning 82 tasi Andijon shahriga to‘g‘ri keladi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, viloyatda, ayniqsa, Andijon shahrida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikni jilovlash borasida samarali natijalarga erishilgan, deb bo‘lmaydi. Boisi, jinoyatlarning o‘z vaqtida oldini olish choralari mavjud bo‘lgan bo‘lsa-da, sektor va boshqa mutasaddi idoralar rahbarlari tomonidan o‘z vaqtida zaruriy chora-tadbirlar belgilanmagan.

Shu bilan birga, viloyat IIB probatsiya guruhlarining faoliyati ham lozim darajada tashkil  qilinmaganligi, jinoyatchilarni qidirib topish va sud hukmining ijrosini ta’minlash choralari ko‘rilmaganligi oqibatida probatsiya guruhlari nazoratida turib jazo o‘tayotgan jami 28 nafar, shu jumladan, Andijon shahrida 6 nafar shaxs jazoni ijro etishdan bo‘yin tovlab xorij va MDH davlatlari hamda respublikaning boshqa hududlariga qochib ketgan.

Yana bir jihat. Tezkor xizmat faoliyati yetarli darajada tashkil qilinmaganligi sababli 2020 yilning birinchi choragi davomida viloyat bo‘yicha qidiruv e’lon qilingan 963 nafar shaxslarning 912 nafari ushlanmasdan qolgan hamda 132 ta jinoyatlarni fosh etish choralari ko‘rilmagan. Ular hududlar kesimida tahlil qilinganda, asosiy qismi, ya’ni  310 nafar yoki qariyib 33 foizi Andijon shahriga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, viloyat ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan hisob-qayd etish intizomini buzish holatlariga yo‘l qo‘yilib, 2019 yilda 245 ta va 2020 yil birinchi choragida 30 ta holatlar bo‘yicha qabul qilingan qarorlar prokuratura organlari tomonidan bekor qilinib, hisobga qo‘yilishi ta’minlangan. Xususan, hisob-qayd etish bilan bog‘liq holatlarning har uchinchisi (275 tadan 95 tasi yoki salkam 35%) birgina Andijon shahriga to‘g‘ri kelgan.

Ta’kidlash joizki, viloyat prokuratura organlari tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risidagi qonunchilik ijrosi bo‘yicha 2019 yil va 2020 yilning birinchi choragida tuman-shahar IIB boshliqlari nomiga 65 ta taqdimnoma kiritilgan bo‘lsa, shundan bor-yo‘g‘i 28 nafar xodimga intizomiy chora qo‘llanilgan, xolos.

Andijon viloyatiga boshqa hududlardan yoki qo‘shni mamlakatlardan kelib jinoyat sodir etish hollari odatiy tus olgan. Jumladan, boshqa hududdan kelib jinoyat sodir etish hollari 2019 yilda 70 tani tashkil qilgan bo‘lsa, uning asosiy qismi Andijon shahrida (23 ta) tashkil etgan. 2020 yilning birinchi choragida esa jinoyatlarning 62 foizi asosan Andijon shahrida sodir etilgan. 

Yuqoridagi raqamlar hududda «jinoyatchilikni jilovlash» va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqazo etadi. Xususan,  viloyatda ochilmay qolayotgan 132 ta jinoyatlarni fosh etish hamda 912 nafar qidiruvdagi shaxslarni qidirib topish bo‘yicha tezkor-qidiruv ishlarini jadallashtirish kerak. Fuqarolarning sog‘lig‘iga nisbatan, ayniqsa oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilayotgan har bir jinoyatning sabablarini o‘rganib, oldini olish bo‘yicha aniq choralar belgilash zarur.

Shuningdek, Xalq deputatlari Andijon viloyati, tuman va shahar Kengashlari sessiyalarida har oyda tuman-shahar sektor rahbarlari, har chorakda viloyat darajasidagi sektor rahbarlari ishtirokida kriminogen vaziyat murakkab, eng ko‘p jinoyat sodir etilayotgan mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash borasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish borasidagi vazifalar haqida mas’ul mansabdor shaxslarning hisobotini eshitib borishni yo‘lga qo‘yish shart. 

Farhod Boqiyev, Oliy Majlis Senati a’zosi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring