Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMT maxsus ma’ruzachisi nimalarni tavsiya etdi?

BMT maxsus ma’ruzachisi nimalarni tavsiya etdi?

Foto: Xalqaro press-klub

BMT Inson huquqlari kengashi Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diyego Garsiya-Sayan bir necha kun O‘zbekistonda bo‘lib, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishdi. Soha mutasaddilari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, joylarda bo‘ldi. Kecha mehmonning safari qarib, o‘z missiyasi yakunlari bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazdi.

«Advokatnews.uz» saytiga ko‘ra, matbuot anjumanida janob Diyego Garsiya-Sayan O‘zbekiston hukumatiga tizimni isloh qilishga doir olti banddan iborat tavsiyalari berganini ma’lum qilib, ularning umumiy mazmuni bilan tanishtirib o‘tdi.

Qayd etilishicha, tavsiyalardan ikkitasi – sudlar faoliyatini Davlat xavfsizligi xizmati va prokuratura organlarining ta’siridan xoli etish to‘g‘risida. Janob Garsiya-Sayan prokurorlar yozgan ayblov xulosalarining sud aktlarida deyarli aynan aks etayotgani haqida gapirib, bu kabi holatlar va ularning omillari bartaraf etilmas ekan, sudyalar qaror qabul qilishda xolis va mustaqil bo‘la olmasligini ta’kidladi.

Yana ikki tavsiya sudlov tizimidagi islohotlarga oid. BMT maxsus ma’ruzachisi O‘zbekistonda sudyalarni tayyorlash, o‘qitish va tayinlash amaliyotidagi yangiliklarni umuman olganda ijobiy baholaydi. Shu bilan birga, islohotlarni izchillik bilan davom ettirish va tizimni mumkin qadar shaffoflashtirishga intilish lozimligiga urg‘u berdi. Jumladan, dedi janob Garsiya-Sayan, sud majlislarini yozib olish, sudyalar chiqargan aktlarni matbuotda muntazam chop etish yo‘lga qo‘yilsa, katta ijobiy qadam bo‘lur edi.

BMT maxsus ma’ruzachisining yana bir tavsiyasida inson huquqlari ta’minlanishini kafolatlovchi xalqaro me’yorlarni milliy qonunchilikka singdirish xususida so‘z boradi.

Nihoyat, oltinchi tavsiya advokatura sohasiga bag‘ishlandi. Janob Garsiya-Sayan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan advokatlarga tazyiq o‘tkazish, advokatning professional faoliyatiga va shu orqali uning himoyasidagi fuqaroning himoyalanish huquqidan foydalanishiga xalal berish holatlari haqida ma’lumot olganini aytdi va «muammo tizimli tus olmaganiga umid qilishini» bildirdi.

«O‘tgan kunlarda men tergov izolyatorlarida, ma’muriy qamoq jazosini o‘tash joylarida bo‘ldim, – dedi Maxsus ma’ruzachi. – Advokat o‘z mijozi bilan uchrashishi uchun alohida xonalar jihozlanganini ko‘rdim. Bu ishlar yaxshi, albatta. Endi bu xonalardan amalda to‘laqonli foydalanilishiga sharoit yaratish kerak».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring