Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh prokuratura «bosh shifokor ishi» bo‘yicha yana bir marta bayonot berishi kutilmoqda

Bosh prokuratura «bosh shifokor ishi» bo‘yicha yana bir marta bayonot berishi kutilmoqda

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining bosh shifokori — viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva masalasida yana bir marta bayonot berilishi kutilmoqda.

Ma’lumki, G. Yo‘ldosheva  hisbga olingani haqida shu yilning 10 sentyabr kuni xabarlar tarqalgandi. Shu kunning o‘zidayoq Bosh prokuratura matbuot xizmati tarqalgan xabarlarni tasdiqlab, unga nisbatan Jinoyat  kodeksining  167-moddasi 3-qismi «a» bandi hamda 207-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan  jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, ayblanuvchining jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishi yoki dalillarni yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, 9 sentyabr kuni «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanilganini bildirdi.

Shunga qaramay, o‘tgan bir oydan buyon «bosh shifokor ishi» bilan bog‘liq shov-shuvlar tingani yo‘q. Bu orada Chirchiq shahar prokurori OAV orqali chiqish qildi. Prokurorning aybsizlik prezumpsiyasiga zid ravishda, boz hali tergov harakatlari yakuniga yetmagan «delo»ni bir tomonlama ommaga «dasturxon qilgani» esa jamoatchilikning haqli noroziligiga sabab bo‘ldi. O‘z navbatida, G. Yo‘ldoshevaning advokati bunga go‘yoki javob tariqasida uning aybsiz ekani, tergov harakatlari noxolis va bir tomonlama olib borilayotganini bayon qildi. Shuningdek, Senat raisi Tanzila Norboyeva, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri birinchi o‘rinbosari Gulnora Marufova va Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqovadan «bosh shifokor ishi»ga e’tibor qaratish so‘raldi.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva G. Yo‘ldosheva «ishi»ga munosabat bildirib, unga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanganini ma’qullamasligini bildirdi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi ham jim turgani yo‘q. Vazirning birinchi o‘rinbosari G. Marufova O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) kotibiyati mudiri S.Azimov bilan birga hibsdagi G. Yo‘ldosheva bilan uchrashdi. Shu haqda vazirlik tarqatgan xabarda G. Marufova ham olti nafar voyaga yetmagan farzandning onasi bo‘lgan bosh shifokorning hibsda saqlanayotganidan tashvishda ekanini bildirib, unga qonun doirasida yordam ko‘rsatilajagi ma’lum qilinadi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatidan kutilayotgan bayonot «bosh shifokor ishi» atrofida bo‘layotgan shov-shuvlar, davlat va jamoat arboblarining nuqtai nazarlariga munosabat o‘laroq yangrashi ehtimoli katta.

Kutamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring