Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yer maydonlarini noqonuniy egallaganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Yer maydonlarini noqonuniy egallaganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Yer – strategik jihatdan eng muhim tabiiy resurs. Shuning uchun yer maydonlaridan maqsadli va samarali foydalanishda qonuniylikni ta’minlash davlatning ustuvor vazifalaridan biri.

Qonunchilikda yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallash, undan xo‘jasizlarcha foydalanish va yer hisobini yuritishdagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.

Amaldagi qonun normalarida bunday huquqbuzarlik uchun qo‘llaniladigan jarimaning minimal va maksimal miqdorlari belgilanganligi huquqni qo‘llash amaliyotida ko‘pchilik holatlarda bitta turdagi huquqbuzarlik uchun aybdorlarga nisbatan turlicha chora ko‘rilishiga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, yer munosabatlarida huquqbuzarlik sonining oshib borayotgani sohadagi belgilangan minimal jarimalarning ta’sirchanligi kamligidan dalolat beradi.

Xususan, o‘tgan ikki yil davomida 50 mingdan ortiq holatda 6 ming gektarga yaqin sug‘oriladigan va 10 ming 400 gektar boshqa yer o‘zboshimchalik bilan egallanib, noqonuniy qurilishlar qilingan. Yer sotish, talon-toroj qilish bilan bog‘liq qilmishlari uchun 492 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Amaldagi ma’muriy jarima miqdorlari yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallanishining oldini olish bo‘yicha yetarlicha to‘siq bo‘la olmayotganligi bois javobgarlik choralarini kuchaytirish zarurati tug‘ilmoqda.

Shu bois ushbu masala yuzasidan tegishli qonun loyihasi ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra, yer sohasidagi huquqbuzarlik uchun amalda belgilangan jarimalarning minimal miqdori chiqarilib, faqat amaldagi maksimal miqdori qat’iy summada qoldirilmoqda.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik uchun fuqarolarga 3,67, mansabdor shaxslarga 7,3 millchion so‘m, sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘yganlik uchun ma’muriy qamoq jazosi bekor qilinib, jarima miqdori fuqarolar uchun 4,9, mansabdor shaxslar uchun 12,2 million so‘m belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, yer uchastkasi va turar joyga bo‘lgan huquqni o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazmaslik uchun fuqarolarga nisbatan 490 ming so‘mgacha bo‘lgan jarima 1,2 million so‘mgacha ko‘tarilmoqda, shuningdek, jarima qo‘llash vakolati sud, prokuratura va soliq organlaridan kadastr organlariga o‘tkazilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, noqonuniy egallangan yerlarda qurilgan binolarni elektr, gaz, issiqlik, vodoprovod va kanalizatsiya kabi hayotiy muhim kommunikatsiya tarmoqlariga ulab berganlik uchun javobgarlikning belgilanmaganligi yerlarni o‘zboshimcha egallashga imkoniyat yaratmoqda.

Shu sababli, endi o‘zboshimchalik bilan egallangan yerda qurilgan imoratlarni ushbu tarmoqlarga ulaganlar uchun ham ma’muriy javobgarlik belgilanib, ularga nisbatan 7,3 million so‘mdan (fuqarolar) 17,1 million so‘mgacha (mansabdor shaxslar) jarima joriy qilinmoqda.

Jinoyat kodeksida ham yer munosabatlari bilan bog‘liq jazolar kuchaytirilishi belgilanmoqda. Xususan, takroran yerni o‘zboshimchalik bilan egallaganda aybdorga belgilangan jinoiy jarima 24,5 dan 98 million so‘mgacha oshirilmoqda. Shuningdek, sug‘oriladigan yerlarni qurilish qilgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik (122,5 million so‘mgacha jarima, 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi) joriy etilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, Jinoyat kodeksiga yangi 2296-modda kiritilib, unda sug‘oriladigan yer uchastkasi yoki uning qismiga bo‘lgan huquqni sotganlik yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda o‘zga shaxsga berganlik uchun 122,5 million so‘mgacha jarima, 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jinoiy jazosi belgilanmoqda. Ushbu jinoiy qilmish ko‘p yoki juda ko‘p miqdorda, bir guruh shaxslar, jinoiy guruhlar, takroran yoki retsidivist tomonidan yoxud xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilganligiga qarab yanada og‘irroq (eng ko‘pi 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish) jazolanishi ko‘zda tutilmoqda.

Loyihadagi yana muhim bir o‘zgartish «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi Qonunga kiritilmoqda, unga ko‘ra fuqarolar, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar xalq deputatlari Kengashi qabul qilgan hujjatlar ustidan sudga shikoyat qilishlari mumkin bo‘ladi.

Yer munosabatlarida huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishdan maqsad – yerlarni noqonuniy egallash, ulardan xo‘jasizlarcha foydalanish kabi salbiy holatlarni oldini olish orqali sohada qonuniylikni ta’minlash hisoblanadi.

Qonun loyihasi bilan regulation.gov.uz da tanishish mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring