Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ishtixondan Amerikaga jo‘natishni va’da qilgan folbinga qamoq jazosi tayinlandi

Ishtixondan Amerikaga jo‘natishni va’da qilgan folbinga qamoq jazosi tayinlandi

Ishtixon tumanida istiqomat qiluvchi Baxtiyor AQShga ketish, u yerda ishlash maqsadida «Grin karta» o‘ynaydi. Lotereyasiga «yutuq» chiqavermagach, folbindan umid qiladi. Xurshida folbinga esa xuddi shunday «o‘lja» kerak edi.

2019 yil aprel oyida Baxtiyorning fol bilan uch kunda «yo‘lini ochib», Amerikaga ketishiga yordam berishini va’da qiladi. Uning ishonchiga kirib aldab, Oqdaryo tumani, Loyish shaharchasi, Zarafshon ko‘chasidagi uyida 9.500.000 so‘m miqdoridagi pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritadi. Baxtiyor uch kundan keyin «AQShga ketaman», deya hozirlik ko‘radi. Ushbu vaqt o‘tgach, chindan ham uning telefoni jiringlaydi: «Biz AQSh elchixonasidanmiz, keling, hujjatlaringizni oling».

Buni eshitgan Baxtiyor shoshilinch poytaxtga yo‘l oladi. Borganida, elchixonadan hech kim qo‘ng‘iroq qilmagani aniq bo‘ldi. Tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan Baxtiyor aldanganini bilib, ortga qaytadi. Tegishli organlarga murojaat qiladi.

Ichki ishlar organlari ko‘magida unga qo‘ng‘iroq qilingan yashirin raqam Xurshida folbinniki ekanligi aniqlanadi. Ish sudga oshiriladi. Sud tomonlarning fikrlarini tinglaydi. Xurshida folbin yetkazilgan zararni qoplab berishini aytadi.

Ammo bir emas, bir necha bor mazkur modda bilan sudlangan folbinga 1 yil 9 oy 28 kun ozodlikni cheklash hamda 10.714.300 so‘m jarima jazosi belgilandi.

I.DONIYoROV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Oqdaryo tumani sudi raisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring