Nizolashayotganlar suddan... sovg‘a bilan ketishdi!
Aynan shunday: meros bilan bog‘liq nizo ustida sudlashayotgan tomonlar suddan, to‘g‘rirog‘i, sudyalardan sovg‘a olishdi.
Nizo besh yildan buyon davom etardi deng. Boz ustiga, nizolashayotganlar bir-biriga begona emas: bir qorindan talashib tushmagan bo‘lsa-da, bitta otaning farzandlari!
Gap shundaki, Tursun ota rafiqasi vafotidan keyin uch nafar farzandi bilan qoladi. Bilasiz, oila ko‘rgan erkakka mahram kerak, busiz iloj yo‘q. Shu bois ota ikkinchi bor turmush qurib, undan bir nafar farzand ko‘radi.
Hamma muammo Tursun ota vafotidan keyin boshlanadi. Marhumdan qolgan uy-joy, avtomashina va boshqa mulklar avvalgi turmushidan tug‘ilgan uch nafar farzandi va keyingisidan dunyoga kelgan bola hamda ona o‘rtasida talashishga tushiladi. Bilsa-bilmasa aql o‘rgatadiganlar ko‘p-da: sen merosning falonchasiga, sen esa fistonchasiga ega bo‘lishing kerak, deguvchi «donishmand»lar ikki o‘rtada fitna qo‘zg‘aydi, xolos. Agar tomonlar bir-birining merosga oid huquqini tan olsa, olam guliston: nizoga o‘rin qolmaydi, qondoshlik rishtalariga putur yetmaydi...
Xullas, nizo chuvalashib sudgacha yetib bordi. Turgan gap, sud qaroridan ikki tomon ham mamnun bo‘ladigan holatlar kam. Har kim o‘zini haq deb bilaverganidan keyin sud qarori ustidan shikoyat yozilaveradi, yozilaveradi-da...
Shu tariqa tomonlar besh yilni o‘tkazishibdi.
Nihoyat, ushbu fuqarolik ishi Oliy sudda nazorat tartibida ko‘riladigan bo‘ldi. Sudlov hay’ati (X. Yodgorov, X. Hakimova, B. Tangabayev) qaraydiki, nizo yuzasidan chiqarilgan oxirgi ajrimda ayrim protsessual normalar buzilganday, biroq bu sud hujjati mohiyatiga ko‘pam ta’sir qilmaydi. Shunga qaramay shu me’yorning buzilishi ajrimni bekor qilib, ishni yangidan ko‘rish uchun quyi bosqichga yuborishga yetib ortadi. Keyin-chi? Keyin yana sudlashib yuriladimi? Bundan (ayrim advokatlardan boshqa) kimga naf?
Qisqasi, sudlov hay’ati hamma merosxo‘rlarni sudga chaqirdi. Ularning har biriga vorislik huquqi, otadan qolgan merosdagi ulushi miqdori obdon tushuntirildi. Va nizoni kelishuv yo‘li bilan hal etishni taklif etilib, hatto kelishuv bitimini tuzib ham berdi. Rozimisizlar?
Bu tomonlarga xo‘b ma’qul keldi. Roziliklarini bildirgach, kelishuv bitimi sud tomonidan tasdiqlanib, fuqarolik ishi ish yurituvdan tugatildi. Nuqta.
Aytgancha, sud majlisi tugagach, raislik etuvchi tomonlarni yana bir necha daqiqa ushlab qolib, ularga «O‘zbekistonda meros huquqi» va «Vorislik huquqi» nomi ostida chop etilgan kitoblardan sovg‘a qildi. Aytildiki, merosga oid nizolar amaliyotda ko‘p uchrayapti, shularni kamaytirish va aholining huquqi ongini shakllantirish niyatida Oliy sud shunday qo‘llanmalar chiqaryapti, o‘qinglar, boshqalarga ham tavsiya qilinglar, toki, sizlarday sudlarda yillab vaqtini yo‘qotmasin...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter