Prezident sudlardan adolatni talab qildi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 30-iyun kuni odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda prezident Andijon shahar va Chiroqchi tuman ichki ishlar idoralarida sodir bo‘lgan fojiali holatlarga munosabat bildirdi.
Shuningdek, Hozirgi tergov sifati va xodimlar malakasi talabga javob bermasligi ta’kidlandi.
– Sud binosiga kelgan har bir inson O‘zbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak. Bu Prezident talabi! – deya ta’kidladi davlatimiz rahbari.
Biroq, joriy yilda aholidan kelib tushgan murojaatlarning 8 mingdan ziyodi yoki 44 foizida sudlarda ishlar to‘liq va xolis ko‘rilmayotgani, uzoq muddat cho‘zilayotgani bildirilgan.
Yana bir misol, 2019-yilda iqtisodiy sudlarda apellyasiya, kassatsiya va nazorat tartibida ko‘rilgan ishlarning 2,5 mingdan ortig‘i, ya’ni 44 foizi bekor qilingan yoki o‘zgartirilgan. Bu har ikki shikoyatdan biri bo‘yicha tuman va viloyat iqtisodiy sudi chiqargan qarorlar yuqori sudda o‘zgarayotgani, tadbirkor va investorlar sarson bo‘layotganidan dalolat beradi.
Mutasaddilarga ilg‘or tajribalar va xalqaro standartlar asosida sud tizimini «bir sud – bir instansiya» tamoyili asosida qayta ko‘rib chiqish topshirig‘i berildi.
Sud tizimida eskilik sarqiti bo‘lgan, o‘z nomi bilan ham sudning mazmun-mohiyatiga to‘g‘ri kelmaydigan «nazorat tartibida ishlarni ko‘rish» amaliyotidan to‘liq voz kechiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev sudyalarning adolatli qaror qabul qilishlariga ta’sir o‘tkazuvchi barcha omillarni, shu jumladan Oliy sud raisi va Bosh prokurorning protest keltirish huquqini bekor qilish taklifini ilgari surdi. Parlament palatalari ushbu taklifni ko‘rib chiqadi.
Sudlar chiqarayotgan qarorlar faqat sud majlisida tekshirilgan dalillarga asoslanishi lozimligi ta’kidlandi. Ayrim sudyalar tergov materiallariga bog‘lanib qolgani, bu esa qonun, sud va davlat obro‘siga putur yetkazishi qayd etildi. Odil sudlov xalqning ko‘z o‘ngida, ochiq-oshkora amalga oshirilib, adolat qaror topishi lozimligi aytib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari, shuningdek, sudga borish uchun ayrim tuman va shaharlarimizda odamlarga qulaylik yaratish zarurligi haqida gapirdi. Misol uchun, aholisi eng ko‘p tumanlardan biri bo‘lgan Urgutda (500 ming kishi, 102 ta mahalla) fuqarolik sudi yo‘qligi sababli 80 kilometr yo‘l bosib, Toyloq tumanlararo sudiga boriladi.
Shu bois sudlar va ularning faoliyatini optimallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Xususiy mulk qonun va sudning kafolatli himoyasida bo‘lishi zarur.
Oxirgi bir yarim yil ichida sudlar tomonidan hokimlarning yer ajratish, bino-inshootlarni buzish va xususiylashtirishga oid 1 ming 730 ta qarori bekor qilingan.
Sud orqali yer munosabatlari bilan bog‘liq mingta, uy-joy buzilishiga doir 51 ta, xususiylashtirishga oid 62 ta holatda fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari tiklangan.
Xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqishni bekor qilish, umuman, davlat idoralarining bunday tashabbus bilan chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik va bu qonunda mustahkamlanishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
– Yerga bo‘lgan huquqlar kafolati kuchaytirilib, mulkiy huquqlarni bekor qilish faqat sud tartibida hal etilishini qat’iy belgilash zarur, – dedi Prezident.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter