Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qo‘shningiz televizor ovozini balandlatib qo‘yib, sizga xalaqit beryaptimi? Unda...

Qo‘shningiz televizor ovozini balandlatib qo‘yib, sizga xalaqit beryaptimi? Unda...

Endigina ko‘z ilinganda quloq ostida nog‘ora chalgandek shovqin-suron boshlansa, kimga yoqadi?

Foto: «Pikabu»

«Qo‘shnim yarim tunda uyida televizor ovozini baland qilib ko‘rib, bizni dam olishga qo‘ymaydi. E’tiroz qilsak, o‘zimning uyim, xohlagan ishimni qilaman, deydi. Bunga javobgarlik bormi o‘zi?»

O‘rinli e’tiroz, shunday emasmi? 8 soatlik (kimdadir 12 soat) ish vaqtidan so‘ng har qanday inson uyiga dam olish maqsadida keladi. Ammo endigina ko‘z ilinganda quloq ostida nog‘ora chalgandek shovqin-suron boshlansa, kimga yoqadi? Hech kimga.

Avvalo, qo‘ni-qo‘shnilarning tinchini o‘ylamaslik, ularga xalaqit berish odob doiralariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Shunday bo‘lsa-da, oramizda «O‘zim xon, ko‘lankam maydon», deguvchilar ham yo‘q emas. Aynan ular tufayli mahallalarda ba’zan turli tushunmovchiliklar, yetmaganiga janjallar uchrab turadi.

Yana shunday fuqarolar borki, qo‘shnisi qancha shovqin solmasin, yuzxotir qilib, unga bir og‘iz e’tiroz bildirmaydi, birovga shikoyat etmaydi. Aslida bu ish ham noto‘g‘ri. Axir har bir insonning o‘z uyida xotirjam dam olishga haqqi bor-ku. Ba’zilar bu jumlani xato tushunadi. Ya’ni, «O‘z uyimdaman, istagan vaqtim televizor ko‘raman, istaganimcha ovozini balandlataman», deb o‘ylaydi. Bu ham to‘g‘ri, ammo bunday fikrlovchilarning xohish-istaklari boshqa birovning istaklariga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Zero, bunday holatlar bo‘yicha qonunlarimizda ham tegishli javobgarliklar belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, tungi vaqtda — soat 23.00 dan 06.00 gacha — fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzish, ya’ni baland ovoz bilan qo‘shiq aytish, musiqa chalish, tovush signallari berish, xonadonlarda, turarjoylarning yo‘laklari va eshiklarida, ko‘chalarda ovozi baland qilib qo‘yilgan televizorlar, radiopriyomniklar, magnitofonlar va ovoz chiqaruvchi boshqa apparaturalardan foydalanish, turarjoy binolarida va ulardan tashqarida juda zarur bo‘lmagan holda shovqin chiqaruvchi ishlar qilish, shuningdek, maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzuvchi boshqa harakatlarni sodir etish — fuqarolarga eng kam ish haqining uchdan bir qismi, mansabdor shaxslarga esa — uchdan bir qismidan ikkidan bir qismigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, fuqarolarga eng kam ish haqining ikkidan bir qismi miqdorida, mansabdor shaxslarga esa ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Mazkur qonun «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 192-moddasida belgilab qo‘yilgan.

Albatta, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida o‘zaro hurmat va mehr-oqibat mustahkam bo‘lishi lozim. Shunday mahallalardagina tinchlik-osoyishtalik hukm suradi, shunday mahallalardagina yuqoridagi kabi dilxiraliklar sodir bo‘lmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring