Uyda o‘tirib olib IIVni tanqid qilayotganlarga javob berildi

Avval ma’lum qilinganidek, bugun AOKA shtabida Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Brifingda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.
— Blogerman. Ismim Aslan. Menga ko‘plab odamlar militsionerlarning zo‘ravonligidan shikoyat qilishadi: ko‘chada duch kelgan odamni ushlashadi, noma’lum avtobusda noma’lum joyga olib borishadi, qonunga zid ravishda velosipedlarni olib qo‘yishadi, fuqarolarga qo‘pol munosabatda bo‘lishadi, 15 sutkaga qamashadi. Bularning hammasi qachon tugaydi? Siz fuqaro huquqini buzayotganingizni tushunyapsizmi? Bu harakatlar faqatgina halqni g‘azablantiradi va organga nisbatan ishonchsizlikni keltirib chiqaradi. Xalqqa bosim o‘tkazishni to‘xtating!
— Bloger Aslan orqali, «divanniy kritik»lar, ya’ni uyda o‘tirvolib tanqid qiladiganlarga murojaat qilmoqchimiz!
Huquqbuzarlar hamma yerda bor. Bu muammo faqat bizda emas, butun dunyoda kuzatiladi, ya’ni odamlar tushunishni istamay, tartibga rioya qilmay ko‘chaga chiqishadi, tabiiyki ularga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi.
O‘z-o‘zidan tartibbuzarlarga ichki ishlar xodimlarining qat’iy choralari yoqmaydi. Biroq ayrim qoidabuzarlarning fikrlari yoki ommaviy chiqishlari ichki ishlar organlarining umumiy ishiga ta’sir o‘tkazmaydi.
Biz doim davlat talablarini xalq nomidan amalga oshiramiz. Kimnidir majburlash hech kimga yoqmaydi, lekin davlat 34 mln aholi salomatligini muhofaza qilish uchun bu choralarni ko‘rishga majbur.
Agar siz tartibga rioya qila olmasangiz yoki istamasangiz, ishontirib aytamanki, biz sizni tartibga rioya etishga majbur qilamiz.
Fursatdan foydalanib, bu qiyin kunlarda ichki ishlar organlari xodimlari harakatlarini xolis baholayotgan fuqarolarga, jumladan, bizni qo‘llab-quvvatlayotgan va asosiysi, aholiga to‘g‘ri, ishonchli axborot yetkazayotgan bloger va jurnalistlarga minnatdorlik bildiraman. Bu biz uchun ayni vaqtda haqiqatan juda zarur.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter