Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YPX xodimiga xalaqit bergan shaxs 10 sutkaga qamaldi. Ammo bir savol ochiq qoldi

YPX xodimiga xalaqit bergan shaxs 10 sutkaga qamaldi. Ammo bir savol ochiq qoldi

Foto: YHXBB axborot xizmati

Qashqadaryoda YPX xodimining o‘z xizmat vazifasini bajarishiga qarshilik ko‘rsatgan fuqaroga sud tomonidan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Ijtimoiy tarmoqda Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumani hududida tezlikni me’yoridan oshirgan transportlarni qayd etuvchi maxsus moslama bilan jihozlangan avtomobilda xizmat olib borgan YPX xodimiga haydovchi Sh.A. e’tirozlar bildirgani aks etgan video tarqalgandi. Unda haydovchi multiradar avtomobili belgi bo‘lmagan joyda ishlayotgani, yo‘lda tezlikni cheklovchi va radar qo‘yilgani haqidagi yo‘l belgisi qo‘yilmaganini iddao qilgandi.

Video yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv olib borilayotgani aytilgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, Qashqadaryo viloyati IIB YHXB mas’ullari tomonidan  tegishli hujjatlar to‘planib, holat 2021 yil 13 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tumani sudida o‘rganilib chiqilgan.

Fuqaro Sh.A. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 195-moddasida ko‘rsatilib o‘tilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Ammo holat bo‘yicha bir savol ochiq qolgan: YPX xodimi yo‘l belgisi qo‘yilmagan hududda faoliyat olib borganmidi? U holda ma’muriy jarimalar qanday tuzilgan?

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalarining 5.43-bandiga ko‘ra, «Radar» yo‘l belgisi — tezlikka rioya etilishi radar yordamida nazorat qilinayotganligini bildiruvchi belgi hisoblanadi.

Ushbu yo‘l belgisi belgilangan harakatlanish tezligi nazoratga olingan barcha joylarga o‘rnatilishi shart.

Statsionar maxsus texnika vositalaridan foydalaniladigan joylarda doimiy yo‘l belgilarini, ko‘chma maxsus texnika vositalaridan foydalaniladigan joylarda esa ko‘chma ustunga vaqtinchalik yo‘l belgilarini o‘rnatish ko‘zda tutiladi.

Shuningdek, yo‘llarda xizmatni yashirin olib borish taqiqlanadi. Ko‘chma fotoradar va mobil komplekslar biriktirilgan YPX xodimlarining kunlik dislokatsiyasi bo‘lishi lozim.

Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi shu masalaga oydinlik kiritmagan va «ko‘plab YTHlarga tezlik sabab bo‘layotgan bir vaqtda, tezyurar, uchar haydovchilarni tartibga chaqirish maqsadida xizmat olib borayotgan xodimlarning faoliyatiga halaqit bermaslikni so‘raymiz» degan izoh bilan cheklanilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring