Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YI Toshkent viloyatida tejamkor sug‘orish tizimini moliyalashtirdi

YI Toshkent viloyatida tejamkor sug‘orish tizimini moliyalashtirdi

Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlardan biri Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi aholi tomorqa yerlarida yangi tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi.

Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan loyiha BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

«Suv taqchilligi ortib borayotgani sabab qishloqlardagi aholi o‘z tomorqa yerlarida sabzavot ekinlarini yetishtirishda tobora qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bunday dolzarb muammoni hal etish uchun innovatsion yechimlar ilgari surilmoqda», – deyiladi YeI delegatsiyasi xabarida.

180 metr chuqurlikdan suv chiqaradigan vertikal sug‘orish qudug‘ining nasoslari quyosh panellaridan quvvatlanadi. Masalan, 10 ta xonadonning 0,8 gektar yerini tomchilatib sug‘orish orqali egatlab sug‘orishga nisbatan 60 foizga yaqin suv tejab qolinmoqda.

Quyosh panellari quvvatidan ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasi davlat elektr tizimiga sotiladi, olingan daromad esa sug‘orish qudug‘i va tomchilatib sug‘orish tizimini saqlash va boshqarish uchun sarflanadi.

«Quyosh energiyasi bilan ishlaydigan ushbu tomchilatib sug‘orish tizimi nafaqat suv tanqisligini bartaraf etadi, balki O‘zbekistonda yanada barqaror qishloq xo‘jaligiga yo‘l ochadi. Eng muhimi, mahalliy tomorqa yer egalari muqobil elektr energiya va sug‘orish tizimidan samarali foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritmoqda. Bu esa oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda ularning daromadlarini oshirishga xizmat qiladi», – deydi YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamkorlik bo‘limi rahbari Vim Riyepma.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi va suvga bo‘lgan talabning ortishi atrof-muhit va oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solar ekan, mamlakat hukumati iqlimga moslashishning asosiy chorasi sifatida fermer xo‘jaliklari  boshchiligida tejamkor sug‘orish tizimini joriy qilishni targ‘ib qilmoqda. «Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining yashil iqtisodiyotga inklyuziv o‘tishini qo‘llab-quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish (EU-AGRIN)» loyihasi ham shu maqsadga uyg‘undir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring