Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Germaniyadan O‘zbekistonga xushxabar bilan keldim...» — Nils Annen

«Germaniyadan O‘zbekistonga xushxabar bilan keldim...» — Nils Annen

Nils Annen yurtimizga so‘nggi bor 2018 yil sentyabr oyida kelgan.

Foto: BPA/Steffen Kugler

Germaniya O‘zbekistonda turli yo‘nalishdagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 195 mln yevro mablag‘ ajratishi kutilmoqda.

Bu haqda mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Germaniya iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vaziri o‘rinbosari (parlament stats-sekretari) Nils Annen «Xabar.uz» muxbiri bilan suhbatda ma’lum qildi. Yuqori martabali mehmon geosiyosiy jarayonlarning O‘zbekistonga ta’siri, xalqaro sanksiyalarga doir savollarga ham aniqlik kiritdi.

«O‘zbekistonda rasmiy muzokaralar olib bormoqdaman. Zero, koronavirus pandemiyasi biroz chekindi. Endilikda ortga boqib, ishlarni sarhisob qilish va hamkorlik borasida yangi marralarni zabt etish vaqti keldi. Mamlakatingizga xushxabar bilan keldim: O‘zbekistonga 195 mln yevro ko‘mak taklif qilinmoqda. Ushbu mablag‘ qaysi yo‘nalishlarga sarflanishi borasida hozircha bir to‘xtamga kelinganicha yo‘q. Anig‘i shuki, mablag‘ning salmoqli qismi shaharsozlik loyihalariga yo‘naltiriladi», – deydi Nils Annen.

Germaniya hukumati, xususan, iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi ko‘magida yurtimizda tibbiyotdan atrof-muhitni muhofaza qilishga qadar – turli sohalarda loyihalar amalga tatbiq etilmoqda. Masalan, joriy yil 12 avgust ushbu vazirlik nomidan «KfW» banki O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi bilan 45 million yevro miqdoridagi imtiyozli kredit va 5,5 million yevro miqdoridagi grantni moliyalashtirish bo‘yicha kelishuv imzoladi.

Vazirlik, shuningdek, 2022-2026 yillarda amalga oshiriladigan Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi xavflarini boshqarish loyihasi uchun 10 million yevro ko‘mak ajratdi.

«Mamlakatingiz bilan o‘n yilliklar davomida yaqin hamkorlik qilib kelyapmiz. Ayniqsa, prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlari tufayli O‘zbekiston yanada jozibador davlatga aylandi. Jumladan, germaniyalik sarmoyadorlar ham turli sohalarga investitsiya kiritishga qiziqish bildirmoqda. O‘zbekiston 35 milliondan ziyod aholiga, katta tabiiy boyliklarga ega. Mamlakat salohiyatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish mintaqa uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Biz O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘lidagi qiyinchiliklarni yengish va yangi kelajak yaratishida ko‘makka tayyormiz», – deydi germaniyalik arbob.

Ma’lumotlarga qaraganda, joriy yilning birinchi yarmida, koronavirus pandemiyasi tarqalishi bilan bog‘liq cheklov choralariga qaramay, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshib, 499,4 million dollarni tashkil etgan. Mamlakatimizda olmon sarmoyasi ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni esa 200 dan oshgan.

Noyabr oyi boshida  O‘zbekistonga tashrif buyurgan Germaniya federal tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok suverenitet va davlatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi oliy qadriyat ekanini ta’kidlagan edi.

Olmon bosh diplomati, ayni choqda, Markaziy Osiyoda Xitoy va Rossiya ta’sirini kamaytirish lozimligiga e’tibor qaratgandi.

Suhbatdoshimiz Nils Annen ham Moskva va Pekinning ta’sirini kamaytirish qay jihatdan muhim ekaniga oydinlik kiritdi.

«Rossiyaning Ukrainaga bosqinchilik urushidan keyin Markaziy Osiyoga bo‘lgan munosabatimiz o‘zgardi. Annalena Berbok xonimning Rossiya va Xitoy ta’sirini kamaytirishga doir fikri ham ayni paytda Germaniyada kechayotgan bahs-munozaralarga hamohangdir. Albatta, Xitoy va Rossiya mintaqada muhim faktor bo‘lib qolishini tan olamiz. Ammo infratuzilmani yaxshilash kabi yo‘nalishlarga ko‘mak orqali muqobil yo‘l taklif etish niyatidamiz», – deydi olmon hukumati vakili.

N.Annenga ko‘ra, Rossiya bosqini ortidan Markaziy Osiyoda ham inflyasiya va oziq-ovqat narxi oshishi kuzatildi. Bu esa muqobil hamkorlik muhimligining yana bir tasdig‘idir.

Ma’lumki, Ukraina urushi ortidan kollektiv G‘arb, jumladan, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etdi. Keyingi vaqtlarda xorij matbuotida Rossiyaga ehtimoliy ko‘mak ortidan O‘zbekistondagi kompaniya va shaxslar ham ikkilamchi sanksiyaga tushishi mumkinligi haqida maqolalar e’lon qilindi. Germaniyalik arbob bu borada ham muxtasar mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

«Sanksiyalar faqat Rossiyaga, uning moliyaviy tuzilmalariga, ushbu mamlakatning tashkilot va shaxslariga qaratilganini ta’kidlashni istardim. Moliyaviy choralar Rossiyaga qattiq ta’sir ko‘rsatmoqda. Lekin sanksiyalar boshqa davlatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi ko‘zda tutilgan. Shunisi aniqki, dunyodagi hozirgi iqtisodiy inqirozning bosh aybdori – Rossiyadir. Agar rasmiy Moskva BMT qadriyatlari va hujjatlariga sodiqligini isbotlay olsa, o‘z armiyasini Ukrainadan olib chiqib ketsa, aksar masalalar yechim topadi», – deydi u.

Siyosatchining ta’kidlashicha, O‘zbekiston Germaniyaning mintaqadagi markaziy hamkorlaridan biri bo‘lib qoladi.

«Inqirozli-sinovli damlarda O‘zbekistonga tayansak bo‘ladi. Biz buni Afg‘onistondagi bir yil oldingi hodisalarda ko‘rdik», – deya xulosa qiladi Nils Annen. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring