Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Milliy bank Buxoroda Yetti pir qadamjolarida mehmonxonalar qurilishini moliyalashtirdi

Milliy bank Buxoroda Yetti pir qadamjolarida mehmonxonalar qurilishini moliyalashtirdi

Foto: O‘zmilliybank matbuot xizmati

Bugungi kunda turizm, har qaysi mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan soha hisoblanadi. Dunyo statistikasiga nazar solsak, turizm jahon yalpi ichki mahsulotining 10 foizdan ko‘pini tashkil etadi. Ushbu sohada dunyoning mehnatga layoqatli aholisining 8 foizdan ortig‘i faoliyat yuritadi va dunyo eksportining 7 foizdan ortig‘i turizm xizmatlariga to‘g‘ri keladi.

Mamlakatimiz iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sifatida turizmni jadal rivojlantirish uchun, qulay iqtisodiy huquqiy va tashkiliy sharoitlarni yaratish, hududlarning ulkan sayyohlik salohiyatidan to‘liq va samarali foydalanish, turizm industriyasini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish, turizm bo‘yicha O‘zbekistonning ijobiy imidjini yaratish yo‘lida islohotlar amalga oshirilmoqda. Soha rivoji uchun qator normativ hujjatlar qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2019 yil 5 yanvardagi PF–5611-son Farmoniga muvofiq, Davlat Rahbarining Turizm tarmog‘ini rivojlantirish, shu jumladan, bugungi kun standartlari va talablariga javob beradigan zamonaviy mehmonxonalar va shu kabi joylashtirish vositalarini qurish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish, respublikada mehmonxona xo‘jaligini rivojlantirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida, O‘zbekiston Milliy banki tomonidan qator loyihalar moliyalashtirib kelinmoqda. Misol uchun, joriy yili, «MUXABBAT XAYRI SAXOVAT» MChJga mehmonxonalar tarmog‘ini tashkil etish uchun O‘zbekiston Milliy banki tomonidan 10,0 mlrd.so‘m miqdorida 5 yil muddatga uzoq muddatli kredit mablag‘i ajratilgan. Olingan kredit evaziga, mazkur MChJ tomonidan «Poykent Bukhara» brendi ostida faoliyat yurutuvchi tarmog‘ini tashkil etildi.

Mehmonxonalar Buxoro viloyatining eng mashhur ziyoratgohlaridan biri bo‘lgan Yetti pir qadamjolari yo‘nalishi, ya’ni, Shofirkon tumani «Xoja Orif Mohitabon ziyoratgohi», Vobkent tumani «Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy ziyoratgohi», Kogon tumani «Hazrati Mirkulol ziyoratgohi», Kogon tumani «Hazrat Bahovuddin Naqshbandiy ziyoratgohi» hududlarida tashkil etilgan.

Ziyoratgohlarga tashrif buyuruvchilarning aksariyati chet ellik tadqiqotchilar hisoblanadi. Ularning ta’kidlashicha qadamjolar hududida mehmonxonalar tashkil etilgani ayni muddao bo‘ldi. Sababi, har kuni Buxoro shahridan kelib-ketish ba’zi qiyinchiliklarni tug‘dirgan. Endilikda ular mazkur mehmonxonalarda yashab, hech qanday qiyinchiliksiz tadqiqotlarini amalga oshirish imkoniga ega bo‘ladilar. Ta’kidlash kerakki, har bir mehmonxona 1 kunda 200 dan ortiq ziyoratchilar hamda turistlarga xizmat ko‘rsatish salohiyatiga ega.

Muxtasar qilib aytganda, O‘zbekiston Milliy banki tomonidan moliyatashtirilayotgan mana shunday loyihalar, mamlakatda turizmni milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, hududlarni jadal rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholining daromadlari va turmush darajasini oshirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishni ta’minlovchi strategik tarmoqlardan biri sifatida rivojlantirishda katta hissa qo‘shmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring