Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston – Germaniya: tovar ayirboshlash hajmi bir milliardlik dovondan oshdi

O‘zbekiston – Germaniya: tovar ayirboshlash hajmi bir milliardlik dovondan oshdi

2023 yil yakuniga ko‘ra O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshdi. Germaniya sarmoyalarining o‘zlashtirilgan hajmi esa 913,2 million yevroni tashkil etdi.

Bu haqda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Germaniyaning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Tilo Klinner uchrashuvida qayd etildi.

Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muzokarada ikki tomonlama sheriklikning bugungi holati, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Vazir va elchi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga intilishni tasdiqlab, o‘zaro savdoni yanada kengaytirish va diversifikatsiya qilishga kelishgan.

O‘zbekistonda olmoniyalik hamkorlar bilan birgalikda qiymati 10 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 100 dan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda Germaniya kapitali ishtirokida 215 ta korxona, jumladan, 112 nafar yakka tartibdagi tadbirkor faoliyat ko‘rsatmoqda. Hamkorlar orasida «CLAAS», «Knauf», «Gunter Papenburg», «Linde Group» va «Falk-Porsche-Technik» kabi Germaniya iqtisodiyotining lokomotivlari ham bor.

Berlin O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi hamda Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imkon qadar tez imzolashida qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil may oyidagi Germaniyaga safari davomida iqtisodiyot, savdo, moliya, ta’lim, fan va innovatsiya sohalarida 16 ta hukumatlararo va idoralararo hujjat imzolangan. Qo‘shma biznes-forum yakunida umumiy qiymati 9 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring