BMW ishdan bo‘shaganlarga 600 ming yevrogacha tovon to‘lamoqda
Germaniyaning BMW avtokonserni 8 000 tagacha ish o‘rnini qisqartirishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Bild nashri. Qisqartirishlar dunyo bo‘ylab va asosan mamlakatning o‘zida amalga oshiriladi.
E’tiborli jihati, kompaniya xodimlarga yirik miqdorda tovon puli to‘lashni ko‘zda tutuvchi ixtiyoriy ravishda ishdan bo‘shash dasturini joriy etdi. Unga ko‘ra, 2026-yilda ishdan bo‘shaydiganlar uchun to‘lovlarga 1 milliard yevro ajratiladi, 2027-yilda bu xarajatlar yanada oshishi kutilmoqda.
Tovon pulining miqdori xodimning ish haqi, yoshi va mehnat stajiga qarab belgilanadi. Ayrim tajribali mutaxassislar kompaniyada ishlagan har bir yili uchun taxminan 50 ming yevrodan kompensatsiya olishi mumkin. Masalan, 12 yillik stajga ega xodim nazariy jihatdan 600 ming yevro olishi ehtimoldan xoli emas. Yana bir nemis nashri — Handelsblatt gazetasi yozishicha, ayrim holatlarda to‘lovlar miqdori 650 ming yevrodan ham oshishi mumkin ekan.
Shu kabi omillar ortidan bu dasturga qiziqish shu qadar yuqori bo‘ldiki (ayrim xabarlarga ko‘ra, yaxshi pul evaziga 40 ming nafargacha xodim ishdan ketishga rozi), avtokonsernning ichki korporativ portali yuklamani ko‘tarolmay, vaqtinchalik ishdan chiqdi. Oqibatda kompaniya yangi murojaatlarni qabul qilishni vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘ldi.
Garchi ishdan bo‘shatish dasturiga o‘ta ko‘p xarajat qilinsa-da, BMW rahbariyati bu qadam o‘zini to‘liq oqlashiga ishonmoqda. Loyiha ortidan kompaniya 2028-yildan e’tiboran yiliga taxminan bir milliard yevroni tejashni mo‘ljallayapti. Qisqartirishlarga esa mehnat samaradorligi oshirilgani, sun’iy intellekt keng joriy etilgani hamda yangi avlod («Neue Klasse») avtomobillari yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng dasturchilarning muayyan qismiga ehtiyoj kamaygani asosiy sabab qilib ko‘rsatilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter