Germaniya ciyosiy sahnasida «falokat» ro‘y berdi
Joriy yil 20-sentyabr kuni Germaniyaning ikki hududi — Meklenburg-Old Pomeraniya va Berlinda mahalliy qonunchilik idorasi (landtag) saylovi bo‘lib o‘tdi. Mamlakat kansleri, Xristian-demokratik ittifoq (XDI) yetakchisi Fridrix Mers mazkur ikki hududdagi saylov natijasini «falokat» deb atadi.
Fridrix Mers rahbarligidagi XDI Meklenburg-Old Pomeraniyadagi saylovda bor-yo‘g‘i 4,9 foiz ovoz yiqqan. Landtagga o‘tishning minimal chegarasi esa 5 foizni tashkil etadi. Radikal qarashlari bilan tanilgan «Germaniya uchun muqobil» (Alternative für Deutschland, AfD) partiyasi 38,2 ovoz bilan g‘alaba qozongan.
Berlindagi saylovda esa 25,7 foiz elektorat ishonchiga sazovor bo‘lgan So‘llar partiyasining qo‘li baland keldi. XDI 18,8 ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. So‘llar partiyasi vakili, asli turk millatiga mansub Elif Eralp Berlin burgomistri lavozimini egallash imkoniga ega bo‘ldi. Ammo «Germaniya uchun muqobil» partiyasi ham, So‘llar ham boshqaruvni shakllantirish uchun raqib partiyalar bilan til topishishi talab etiladi.
Meklenburg-Old Pomeraniya va Berlindagi saylov yakuni kansler Fridrix Mersning reytingi tobora tushib borayotganidan dalolat beradi. Gap shundaki, joriy yil 6 sentyabr kuni Saksoniya-Anxalt federal yerida bo‘lib o‘tgan saylovda ham o‘ta o‘ng qanotga mansub «Germaniya uchun muqobil» partiyasi elektoratning 43,8 foiz ovozini va mahalliy parlamentdagi 83 ta o‘rindan 39 tasini olishga muvaffaq bo‘lgan edi. XDI esa atigi 17,2 foiz ovoz yiqqan.
Ushbu siyosiy mag‘lubiyatlar fonida Fridrix Mers kanslerlikni muddatdan oldin tark etishi haqida xabarlar tarqaldi. Mers hozircha hukumatni boshqarishda davom etishini ma’lum qilgan. Ammo muxolif partiyalar vakillari mamlakat o‘zgarishlarni talab etayotgani, binobarin, Mers ham lavozimdan ketishi kerakligini aytmoqda. Jumladan, «Germaniya uchun muqobil» partiyasi hamraisi Tino Xrupalla Germaniyaning «oyog‘ini osmondan qilish» niyatini ochiq bayon qilgan.
Natsistlar partiyasi sabab Ikkinchi jahon urushining boshlanishi va millionlab insonning o‘ldirilishiga sababchi bo‘lgan Germaniyada millatchilik o‘ta nozik masala sanaladi. «Sutdan og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi» deganlaridek, nemislar millatchilik harakatlariga nisbatan o‘ta ehtiyotkor munosabatda bo‘ladi. Ammo shunday ehtiyotkorlik muhitida ham millatchilik, irqchilik va aksilislom ruhidagi siyosiy dasturni ilgari surayotgan «Germaniya uchun muqobil» partiyasining mavqei oshib borayotgani o‘ta xatarli tendensiya deb baholanmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: 2025-yil may oyida Germaniyaning Konstitutsiyani muhofaza etish bo‘yicha federal idorasi (BfV) «Germaniya uchun muqobil» partiyasini ekstremistik tuzilma deb e’lon qilgan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter