Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda bunyod etiladigan atom elektr stansiyasi qay darajada xavfsiz?

O‘zbekistonda bunyod etiladigan atom elektr stansiyasi qay darajada xavfsiz?

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

«O‘zekspomarkaz»da mamlakatimizdagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasining boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ramziy tugmani bosib, ushbu yirik loyihaga start berdi. 

Tadbirni videoaloqa orqali kuzatib turgan «O‘zatom» agentligi va «Rosatom» davlat korporatsiyasi O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasi qurilish maydonini tanlash uchun muhandislik tadqiqotlari boshlanganini e’lon qildi.

«Bugun biz Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlikning yangi strategik yo‘nalishi — atom energetikasini rivojlantirishga qo‘l urmoqdamiz. Ushbu loyiha mamlakatimiz iqtisodiyotida yangi tarmoqni vujudga keltiradi. Bu sanoat salohiyatini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotimizning turli tarmoqlarida yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi», dedi davlatimiz rahbari.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish uchun Vazirlar Mahkamasi huzurida Atom energetikasini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.

Xorijiy loyihalar soni va ko‘lami bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinda turadigan – 12 mamlakatda 34 ta energoblok bunyod etgan «Rosatom» korporpatsiyasi bilan O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Ushbu stansiya har biri 1 ming 200 megavatt quvvatga ega ikkita, «3+» avlodiga mansub eng zamonaviy va xavfsiz energiya blokidan iborat bo‘ladi. Ular Xalqaro atom energiyasi agentligining barcha xavfsizlik talablari javob beradi. 

Atom energiyasi ekologik toza bo‘lib, bunday stansiyalar is gazi hosil qilmaydi. Atom elektr stansiyasining ishga tushirilishi natijasida katta miqdorda tabiiy gaz iqtisod qilinadi, atmosferaga karbonad angidrid chiqarilishi yiliga 14 million tonnagacha, azot oksidlari chiqarilishi 36 ming tonnaga kamayadi.

O‘zbekiston Xalqaro atom energiyasi agentligiga a’zo davlat sifatida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarga muvofiq yadroviy xavfsizlik masalalariga katta e’tibor qaratmoqda. Ushbu loyihani amalga oshirishda AES qurilishi bo‘yicha barcha xalqaro talablarga qat’iy rioya qilinadi.

Xalqaro atom energiyasi agentligi mutaxassislari O‘zbekistonning Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish milliy dasturini amalga oshirish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatladi va uni ro‘yobga chiqarishda har tomonlama ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdi.

Avval erishilgan kelishuvlarga muvofiq Toshkentda «Moskva muhandislik-fizika instituti» milliy tadqiqot yadroviy universitet filialini ochishga qaror qilindi. Kelgusi o‘quv yilida ushbu filial ilk talabalarni qabul qiladi.

Joriy o‘quv yilidan boshlab 30 nafar o‘zbekistonlik talaba Moskvadagi ushbu nufuzli bilim yurtida ta’lim olmoqda.

Uni bitirgach, talabalarimiz yuqori malakali mutaxassis bo‘lib yetishadi va atom elektr stansiyasining xavfsiz ishlashini ta’minlaydi. Ularning ishonchli qo‘llarida atom energiyasi haqiqatan tinch bo‘ladi, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring