Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekneftgaz»: Afg‘onistonlik tadbirkorlar bilan savdo-tijorat aloqalarini yanada kengaytirish bo‘yicha amaliy ishlar davom ettirilmoqda (foto)

«O‘zbekneftgaz»: Afg‘onistonlik tadbirkorlar bilan savdo-tijorat aloqalarini yanada kengaytirish bo‘yicha amaliy ishlar davom ettirilmoqda (foto)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 noyabrdagi «Surxondaryo viloyati va Toshkent shahrida maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–6109-son Farmoniga muvofiq «Termiz xalqaro savdo markazi» erkin savdo zonasi tashkil etilganligi afg‘on tadbirkorlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kuchaytirishga keng yo‘l ochib berdi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi Raisi Mehriddin Abdullayevning topshirig‘i asosida mazkur tadbirning mantiqiy davomi sifatida Termiz tumanida joylashgan «Termiz  Kargo» logistika markazi hududida «O‘zbekneftgaz» AJning doimiy faoliyat yurituvchi savdo uyi tashkil etildi. Mazkur savdo uyida «O‘zbekneftgaz» AJ tizimi tarkibidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan 50 dan ortiq sanoat mahsulotlari namunalari, mahsulotlarni yetkazib berish shartlarini muhokama qilish va shartnomalarni rasmiylashtirish uchun barcha qulay sharoitlar yaratilgan.

«O‘zbekneftgaz» AJ Tijorat departamentining ma’lumotga ko‘ra,  amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yilning yanvar-may oylarida umumiy qiymati 9 mln AQSh dollari miqdoridagi (yoki o‘tgan yil shu davr ko‘rsatkichiga nisbatan 1,8 marta ko‘proq) korxonalarda ishlab chiqarilayotgan oltingugurt, suyultirilgan gaz, turli markadagi polimer mahsulotlari, neft mahsulotlari Afg‘oniston Islom Respublikasiga eksport qilindi. Yil yakunigacha bu ko‘rsatgichni yanada oshirib, 20 mln AQSh dollarigacha yetkazish ustida amaliy ishlar olib borilmoqda.

Joriy yilning 18 may kuni «O‘zbekneftgaz» AJ savdo uyida ikki mamlakat tadbirkorlari va mehmonlar ishtirokida neft-gaz korxonalari mahsulotlari va savdo uyi imkoniyatlari bilan tanishtiruv tadbiri tashkil etildi.

«O‘zbekneftgaz»  AJ departamentlari va «Termiz neft bazasi» MChJ vakillari tomonidan tashkil etilgan tadbirga afg‘onistonlik yosh tadbirkorlar, konsullik vakillari va O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan afg‘onistonlik talabalar taklif etildi.

Mehmonlarga «O‘zbekneftgaz» AJ tizimida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hamda savdo uyi imkoniyatlari bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar berildi.«Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MChJ  korxonasida ishlab chiqarilayotgan tomchilatib sug‘orish tizimi va unga zarur bo‘ladigan ehtiyot qismlari, polimer mahsulotlaridan olinadigan quvurlar, fitinglar, katta hajmdagi suv sig‘imlari, kompozit panellar tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbirga tashrif buyurgan Afg‘oniston Islom Respublikasining Termiz shahridagi Bosh konsuli Sangin Iskandariy ikki davlat o‘rtasida savdo tijorat aloqalarini kengaytirishga sabab bo‘lgan mazkur savdo uyini tashkil etilgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shovkat Mirziyoyevga hamda «O‘zbekneftgaz» AJ rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini izhor etdi.

Mazkur savdo uyida tadbirkorlar uchun barcha qulayliklar yaratilganini e’tirof etar ekan, Afg‘oniston Islom Respublikasi Jauzjon viloyatidan tashrif buyurgan tadbirkor Mirzo Yusuf Axmadiy bu yerda ma’lumotlarni ingliz va dariy tillarida berilganligi ishlash uchun yanada qulayliklar yaratishini aytib o‘tdi.

Joriy yilning may oyida Surxondaryo viloyati Termiz shahrida ikki mamlakat vakillari ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan sanoat kooperatsiyasi ko‘rgazmasi va biznes forumida «O‘zbekneftgaz» AJ korxonalari va Afg‘oniston Islom Respublikasi tadbirkorlari o‘rtasida savdo-tijorat aloqalarini yanada kengaytirish bo‘yicha amaliy ishlar davom ettiriladi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring