Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekneftgaz» Boshqaruv raisi Gazlida bajarilayotgan ishlar holatini o‘rgandi

«O‘zbekneftgaz» Boshqaruv raisi Gazlida bajarilayotgan ishlar holatini o‘rgandi

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev va Ishchi guruh a’zolari tomonidan Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli «Uchqir» propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmasining qurilish ishlari holati o‘rganildi.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekneftgaz» AJning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilayotgan qiymati 49,4 mln. dollarlik ushbu loyiha natijasida yilllik 80 ming tonna suyultirilgan gaz va 37 ming tonna gaz kondensati ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

Uskunalar, moddiy texnik resurslar sotib olish bo‘yicha 13 ta import va 35 ta mahalliy shartnomalar imzolangan bo‘lib, ularni moliyalashtirish uchun hozirgacha 12,3 mln. dollar va 64,7 mlrd. so‘m yo‘naltirildi.

Qurilish ishlari bilan tanishgan Mehriddin Abdullayev yirik loyiha doirasida olib borilayotgan qurilish ishlari belgilangan muddatdan kechikayotgani, ishlarning sifatiga e’tibor berilmagani va sustkashlikka yo‘l qo‘yilganini tanqid qildi.

Yong‘in xavfsizligi, oshxona hamda telekommunikatsiya ishlari, qurilmani boshqaruvchi operatorlar uchun maxsus xonalardagi qurilish ishlarining sifat darajasida bajarilmayotgani va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani bois, bunga mas’ul bo‘lgan «Muborakneftgazmontaj» jamiyati rahbari Bahrom Qo‘shshayev ogohlantirildi.

Qurilish ishlarini sifatli davom ettirish va o‘zgarishlar qilish uchun ikki hafta muddat berildi. Shunda ham o‘z ishiga beparvolikka yo‘l qo‘yib, ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etmagan taqdirda, «Muborakneftgazmontaj» jamiyati rahbariga nisbatan qattiq ta’sir choralar ko‘rilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi rahbariyatiga «To‘maris» va «Doyaxotin» konlaridagi ishlar samarasini oshirish, ishlarni sifatli bajarish barobarida karantin qoidalariga to‘liq rioya etilishini ta’minlash, ishchi-xodimlar uchun barcha sharoitlarni yaratish, karantin qoidalariga to‘liq rioya etilishi kerakligi bo‘yicha topshiriqlar berildi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring