Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Buxoroda barpo etilayotgan innovatsion issiqxonani ko‘zdan kechirdi

Prezident Buxoroda barpo etilayotgan innovatsion issiqxonani ko‘zdan kechirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Buxoro Varnet» xorijiy korxonasi tomonidan Buxoro tumanida barpo etilayotgan innovatsion issiqxona hududida bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 10 iyuldagi qaroriga muvofiq viloyatning beshta tumanida «Buxoro-agro» erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgan. Ularda gidroponik issiqxonalar barpo etish orqali eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi daromadlarini oshirish mo‘ljallangan.

Bugungi kunda erkin iqtisodiy zona uchun 3 ming gektar yer maydoni ajratilgan. Joriy yilda 598 gektar yerda 98 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ular doirasida energiya tejamkor issiqxonalar tashkil etilib, mahsulotlarni saqlash va qadoqlash uchun ekologik toza qutilar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, 4 ming 300 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Qo‘shni davlatlarga 64 million dollarlik mahsulot yetkazib beriladi. 

Xususan, Turkiya investitsiyasi ishtirokidagi «Buxoro Varnet» korxonasi tomonidan 115 gektar maydonda oynavand issiqxona qurish rejalashtirilgan. Buning afzalligi shundaki, oyna quyosh nurini 97 foizgacha o‘tkazadi, uzoq yillar foydalaniladi. Issiqxonada har gektarda 300 tonnadan 560 tonnagacha pomidor yetishtiriladi, mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Hozirda 30 gektar maydonda issiqxona qurilmoqda. Turkiyadan uskunalar keltirilmoqda.  

Korxona 2019-2021 yillar davomida bosqichma-bosqich ishga tushiriladi.

Shu yerda Buxoro viloyatida meva-sabzavotchilik klasterlari tashkil etish, qayta ishlash va tashqi bozorga yetkazib berishga qaratilgan loyihalar taqdimotlari ham o‘tkazildi.

Prezidentimiz Buxoro viloyatida o‘zlashtirilmagan yerlar ko‘pligi, xorij tajribasi va texnologiyasi asosida ulardan foydalanib, bozorbop mahsulotlar yetishtirishni yo‘lga qo‘yish kerakligini ta’kidladi. Mutasaddilar va xorijlik investorlar bilan suhbatlashib, zarur ko‘rsatma va tavsiyalar berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring