Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sensatsiya! Bug‘doydan bo‘shagan maydonlarga ekilgan g‘o‘za gulladi

Sensatsiya! Bug‘doydan bo‘shagan maydonlarga ekilgan g‘o‘za gulladi

Foto: Innovatsiya vazirligi matbuot xizmati

Navro‘zni nishonlaymiz-u, dehqonlar dalaga urug‘ qadashni boshlab yuboradilar. Ayniqsa, aprel oyi ayni chigit ekiladigan palla sanaladi. G‘o‘za yetishtirishning necha asrlik agrotexnikasi shuni talab qiladi. Biroq endi bu tamoyillaru tartib-qoidalarga ham o‘zgartirish kiritilmoqda. Ko‘klam mehnati bilan ko‘rkamligicha qolib, maydonlarga bug‘doy ekilyapti, ana undan bo‘shagan yerlarda esa paxta yetishtirish masalasi ustida olimlarimiz va fermerlarimiz tomonidan amaliy ishlar olib borilmoqda, deb xabar beradi Innovatsiya vazirligi matbuot xizmati.

G‘o‘zadan erta, sifatli va yuqori hosil olish paxtachilikning eng asosiy maqsadi. Shu boisdan olimlardan ertapishar, hosildor va yuqori sifatli tolaga ega g‘o‘za navlarini yaratish talab etiladi. Ushbu talablardan kelib chiqib, yurtimiz olimlari tomonidan bir qancha tadqiqotlar olib borilgan va natijada tezpishar, hosildor va ayniqsa tola sifati yuqori bo‘lgan ko‘plab g‘o‘za navlari yaratilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi olimlari tomonidan so‘ngi yillarda amalga oshirilgan tadqiqotlar natijasida «genlarning faoliyatini susaytirib qo‘yish» hamda «genom seleksiyasi» texnologiyalarini qo‘llab tez pishar, hosildor va tola sifati o‘ta yuqori «Porloq» va «Ravnaq» navlar seriyasi yaratildi.

G‘o‘za hosilining pishib yetilishi uchun umumiy hisobda 100-140 kun talab etilganligi bois bir yilda bir marta ekib, hosil olinadi. G‘o‘za mamlakatimiz iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, asosan mart va aprel oylarida ekiladi hamda sentyabr, oktyabr va hattoki noyabr oylarida ham hosil yig‘ib olinadi.

Mamlakatimiz olim va dehqonlari tomonidan bug‘doydan bo‘shagan yerlarda ham g‘o‘zani parvarishlash borasida bir qancha tadqiqotlar va sinovlar olib bormoqdalar. Joriy yilda Naviy viloyati Navbahor tumanidagi tashabbuskor fermer xo‘jaliklari xususan, «Abdurahmon Furqat kelajagi» hamda «Laziz fayz» tomonidan bug‘doydan bo‘shagan maydonlarga «Porloq-3» g‘o‘za navi ekildi. Bug‘doy yig‘ishtirib olingandan keyin, ya’ni iyun oyining oxirida ekilgan g‘o‘za avgust oyining boshidayoq 4-5ta gullar bor.

Ushbu nav xususiyatiga ko‘ra gullashga kirganidan so‘ng o‘rtacha 40 kunda paxta hosili pishib yetiladi. Bu esa, sentyabr oyining oxiri va oktyabr oyining boshiga borib paxta hosili yetilib pishishi va uni yig‘ishtirib olish mumkinligidan dalolat beradi. Natijada, fermerlarimiz bug‘doydan bo‘shagan yerlarda ham paxta yetishtirib, daromad olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring