Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tashqi geosiyosiy vaziyatning O‘zbekistondagi inflyasiyaga ta’siri qanday bo‘lmoqda?

Tashqi geosiyosiy vaziyatning O‘zbekistondagi inflyasiyaga ta’siri qanday bo‘lmoqda?

Markaziy bank boshqaruvi yig‘ilishida tashqi geosiyosiy vaziyat, ya’ni Rossiya va Ukraina urushi O‘zbekistondagi inflyasiyaga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani haqidagi savolga javob berilgan.

«So‘nggi yillarda O‘zbekistonda inflyasiya darajasi pasayuvchi dinamikaga ega bo‘ldi. Xususan, 2021 yil yakuni bo‘yicha inflyasiya darajasi 10 foizgacha pasaygan bo‘lsa, joriy yil mart oyi yakunida yillik 10,5 foizga teng bo‘ldi. Markaziy bank pul-kredit siyosatini inflyasion targetlash rejimiga o‘tkazish doirasida inflyasiya darajasini 2023 yil yakuniga qadar 5 foizgacha pasaytirishni maqsad qilgan. Jahon bozorida oziq-ovqat tovarlari, energiya resurslari va xomashyolar narxining qimmatlashishi import inflyasiyasi orqali bizga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi, albatta», deyiladi javobda.

Aytilishicha, yil boshida amalga oshirilgan makroiqtisodiy prognozlarda yil yakuni bo‘yicha inflyasiyaning 8-9 foizgacha pasayishi kutilgan. Biroq yuzaga kelgan tashqi xatarlar va noaniqliklar fonida Markaziy bank inflyasiya darajasining 12-14 foizgacha tezlashishi mumkinligini hamda 2023-2024 yillarda bir maromda pasayib borishi prognoz qilmoqda.

«Bunday sharoitda Markaziy bank iqtisodiyotda qat’iy pul-kredit sharoitlarini ta’minlash orqali monetar omillarning inflyasiya darajasiga ta’sirini minimallashtirish va o‘rta muddatli istiqbolda (2023 yilning oxiri va 2024 yilning birinchi yarmida) inflyasiyani o‘zining maqsadli ko‘rsatkichiga (5 foizlik targetiga) qadar pasaytirishga asosiy e’tiborni qaratadi», deyiladi Markaziy bank rasmiy izohida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring