616 mln so‘mlik tanlov bog‘cha tarbiyachilari o‘rtasida ham o‘tkaziladi
616 million so‘mlik mukofot berilgan tanlov endi bog‘cha tarbiyachilari o‘rtasida ham o‘tkaziladi.
Kelasi yildan «Yil o‘qituvchisi» tanlovini bog‘cha tarbiyachilari va texnikum ustalari o‘rtasida ham o‘tkazish taklif etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ayni daqiqalarda ta’lim tizimi vakillari bilan o‘tayotgan uchrashuvda bu tashabbusni bildirib, ularning mehnatini ham munosib rag‘batlantirish zarurligini ta’kidlagan.
Bu yil yangi formatda o‘tkazilgan tanlovda 208 ta tuman va shahar g‘olibining har biriga 616 million so‘mdan mukofot berilgan.
«Kelasi yildan ushbu tanlovni 14 ta hududdagi bog‘cha tarbiyachilari va texnikum ustalari o‘rtasida ham o‘tkazib, ularni ham mukofotlasak, sizlarga ma’qulmi?» — dedi davlat rahbari.
Shu tariqa, 2027 yildan bolalarga ilk ta’lim-tarbiya berayotgan bog‘cha tarbiyachilari va yoshlarga kasb o‘rgatayotgan texnikum ustalarini ham mazkur tanlov orqali taqdirlash ko‘zda tutilmoqda.
Prezident o‘qituvchilarning daromadiga ham to‘xtaldi. Uning aytishicha, hozir 40 ming o‘qituvchi ming dollardan, yana 1,5 ming nafar o‘qituvchi esa ikki ming dollardan yuqori maosh olmoqda.
«40 ming emas, 140 ming ustoz 1000 dollardan olsa — buyam kam, men ko‘payishi tarafdoriman», — dedi Prezident.
Ma’lumot uchun, bu yilgi «Yil o‘qituvchisi» tanlovida respublika bo‘yicha 46 mingdan ortiq pedagog ishtirok etib, 208 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter