Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Allergik rinit: kuzgi kasallikdan saqlanish uchun nimalar qilish muhim?

Allergik rinit: kuzgi kasallikdan saqlanish uchun nimalar qilish muhim?

​Mavsumiy kasallik: Allergik rinitni davolash va uning oldini olish uchun nimalarga amal qilish kerak? SSV bu haqda material e’lon qildi

Kuz fasli kirib kelishi bilan ko‘pchilikda turli surunkali kasalliklar qo‘zg‘aladi. Shulardan biri — allergik rinit. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo aholisining taxminan uchdan bir qismi ushbu xastalikka chalingan. 

Mazkur kasallik nima sababdan kelib chiqadi? Uni davolash uchun nimalar qilish kerak? 

 Bu savollarga Sog‘liqni saqlash vazirligining otolaringologiya bo‘yicha bosh mutaxassisi Ulug‘bek Ergashev javob berdi. 

— Allergik rinit burun shilliq qavatining yallig‘lanish kasalligi bo‘lib, immunitetning turli allergenlarga qarshi o‘ta kuchli javob reaksiyasi natijasida yuzaga keladi, — deydi mutaxassis. — Bunda tez-tez aksirish, burin oqishi, bitishi, ko‘zlar qizarishi va qichishi kabi belgilar kuzatiladi. Allergik rinitning kelib chiqishida irsiy moyillik asosiy omillardan hisoblanadi.

Bu xastalik mavsumiy — bahor va kuz fasllarida avj olishi yoki surunkali, ya’ni yil davomida kuzatilishi mumkin. Ko‘pincha allergik rinit kon’yunktivit, bronxial astma, atopik dermatit kabi boshqa allergik kasalliklar bilan birga kechadi. 

Allergik rinitni vazomotor rinit, O‘RVI va anatomik nuqsonlar tufayli kelib chiqqan patologiyalardan farqlash uchun shifokor bemorning kasallik tarixini chuqur o‘rganib, qator tekshiruvlardan o‘tishni tayinlaydi. 

Jumladan, agar xastalik alomatlari ma’lum o‘simliklarning gullash davriga mos kelsa, bu mavsumiy allergik rinitga ishora qiladi. Bunday holat o‘simliklarning gullash davri bilan bog‘liq bo‘lmasa, alomatlar doimiy tus olsa va allergenni aniqlash qiyinchilik tug‘dirsa, bu surunkali rinitdan dalolat beradi.

Shuningdek, burun shilliq pardasi holatini o‘rganish uchun otolaringolog tomonidan rinoskopik tekshiruv o‘tkazilishi zarur. Aniq tashxis qo‘yish uchun qonning umumiy tahlili, bemor terisi va burun shilliq qavatidan namuna olinadi.

Aksariyat hollarda yengil shakldagi allergik rinit antigistamin preparatlar yordamida davolanadi. Xastalik og‘ir shaklda kechsa, kompleks terapiya belgilanadi. 

 Agar dori vositalariga qarshi ko‘rsatmalar yoki ular samarasiz bo‘lsa, bemorga desensibilizatsiya, ya’ni allergen ekstrakti dozasini bosqichma-bosqich oshirib teri ostiga yuborish buyurilishi mumkin. Bu amaliyotni bronxial astma va yurak-qon tomir tizimi kasalliklari bo‘lgan bemorlarda bajarish mumkin emas.

Agar davolash samara bermasa, burunda doimiy shish va nafas olishning qiyinlashishi bilan bog‘liq holatlarda otolaringolog ko‘rsatmasiga ko‘ra bemorga jarrohlik amaliyoti — quyi burun bo‘shlig‘ining vazotomiyasi belgilanishi mumkin. 

Mavsumiy allergik rinit aynan kuzda qo‘zg‘alishining sababi shundaki, bu vaqtda havoda zamburug‘ sporalari, o‘simliklar changi ko‘p miqdorda bo‘ladi. 

Odatda, bu xastalik insonning kundalik hayotiga jiddiy ta’sir qilmaydi, ammo u og‘ir shaklda kechsa, bemorda uyquning buzilishi, ish qobiliyatining pasayishi kabi alomatlar kuzatilishi mumkin. 

Kasallik profilaktikasi uchun eng samarali chora — allergenlar bilan aloqaga kirishishdan maksimal darajada saqlanish. 

Masalan, allergen bo‘lib uy hayvoni yungi xizmat qilsa, uni uyda saqlashdan voz kechgan ma’qul. Allergik reaksiya o‘simliklar changi va zamburug‘ sporlariga bo‘lgan holda uyda va ish joyida havo tozalash tizimlaridan foydalanish tavsiya etiladi. 

 Agar allergik rinitni uy anjomlari va jihozlari qo‘zg‘atsa, ularni tez-tez tozalash va almashtirish kerak bo‘ladi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring