Mutaxassis allergiya borasida xavotirli prognozni oshkor qildi
Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Ilmira Roziqova allergiya borasida muhim fikrlarni bildirdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, hozir Yer yuzi aholisining 35-40 foizi allergiyadan aziyat chekmoqda. Har uch kishidan biri allergik rinit, har o‘ninchi odam bronxial astmaga chalingan.
Bu atrof-muhit ifloslanishi, kimyoviy qo‘shimchalar va konservantlar bilan boyitilgan oziq-ovqat mahsulotlari iste’moli ortishi, dori vositalarini haddan tashqari ko‘p qabul qilish, kam xarakatlilik, stress kabi omillar bilan bog‘liq.
Eng yomoni, vaziyat kelgusida yanada yomonlashishi mumkin. Jumladan, JSST prognoziga tayansak, 2025-yilga borib, dunyo aholisining teng yarmi allergik kasalliklar bilan kurashishiga to‘g‘ri keladi. Ba’zi rivojlangan mamlakatlar esa hozirdanoq ushbu chiziqqa yetib ulgurdi.
Vaholanki, bundan 50-60 yil avval allergik kasalliklar sayyoramiz aholisining bor-yo‘g‘i 2-3 foizida uchragan. Biroq keyingi o‘n yilning o‘zida bu dardga chalingan bemorlar soni 2 barobar oshdi.
Ayniqsa, globallashuv jarayoni jadal kechayotgan AQSh, Yaponiya, Yevropa Ittifoqi davlatlarida bu borada vaziyat ancha xavotirli.
Qolaversa, koronavirus insoniyat boshiga tushgan og‘ir sinov bo‘ldi. Mazkur xavfli infeksiyaga chalinganlarni davolashda antibiotiklar, ferment va garmon preparatlari, vitaminlar, qon suyultiruvchi vositalardan ko‘p miqdorda foydalanish allergik kasalliklarni avj oldirib yubordi.
Oqibatda anafilaktik shok, toksikoallergiya, Layella va Stivens-Djonson sindromi kabi oxiri o‘lim bilan yakun topadigan allergik kasalliklar ko‘paydi. Shu sababli bugun allergiya epidemiyaga qiyoslanmoqda.
Bundan tashqari, nosog‘lom turmush tarzi insoniyat salomatligiga jiddiy putur yetkazyapti. Noto‘g‘ri ovqatlanish — ular orasida eng keng tarqalgan omil. Bu xastalik asosan bolalar, xususan, emizikli go‘daklar orasida ko‘p uchraydi. Uning xatarli tomoni – allergenning kam miqdori ham ba’zan inson hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter