Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yig‘lama, qaq-qa oberaman» — andijonlik jurnalistlarning Prezidentga murojaati yuzasidan munosabat bildirildi

«Yig‘lama, qaq-qa oberaman» — andijonlik jurnalistlarning Prezidentga murojaati yuzasidan munosabat bildirildi

Andijonlik jurnalistlarning Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilgani haqidagi xabarga viloyat hokimligi matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Mazkur munosabatning ikki nuqtasi alohida e’tibor tortdi.

Birinchisi — munosabat favqulodda tezkorlik bilan bildirildi. Gap yo‘q. Shuningdek, Andijonda Prezident maktabi qurilishi ta’kidlanar ekan, u aynan shaharning 1-raqamli shohko‘chasida joylashgan shahar hokimligi va «Andijonnoma» tahririyati binosi o‘rnida qad rostlashi rasman tasdiqlandi.

Ikkinchisi — asosiy savol ochiq qolgan. Garchi munosabatda «tahririyat xodimlarining xavotiriga o‘rin yo‘qligi», «...Andijon shahri markazida barcha qulaylik va sharoitlarga ega, zamonaviy bino qurib bitkazilib, tahririyat ko‘chirib o‘tkazilgandan so‘ng (maktab) qurilish ishlari amalga oshirilishi» ta’kidlansa-da, bunga ishonchdan ko‘ra umid ko‘proq. Chunki, va’dalar ko‘pincha «tuya go‘shti yeb» qolayotganiga misollar bor. Masalan, uch oyda rekonstruksiya qilinishi ko‘zda tutilgan Bobur nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi qariyb ikki yildirki tugallanmagani, natijada noyob kitob fondi texnikumlarning birida, tiqilinch sharoitda zax bosgan holda saqlanayotgani, Yozuvchilar uyushmasining viloyat bo‘limi ham xuddi shunday turarjoysiz holatda kun ko‘rayotgani berilgan xabarda alohida ta’kid etilgandi. Viloyat hokimligini rasmiy munosabatida bu haqda negadir lom-mim deyilmaydi. Shunday ekan, va’dalar ulkan bo‘lmasin, uning amalga oshishi katta shubha ostida qolaveradi. Zero, «andijoncha spektal»dan so‘ng viloyat mutasaddilariga nisbatan jamoatchilikda ishonch singani ma’lum.

Eng muhimi, tahririyat uchun «shahar markazida barcha qulaylik va sharoitlarga ega, zamonaviy bino qurib berilishi» rost bo‘lsa, «Andijonnoma»ning pishiq va mustahkam binosini buzish o‘rniga shahar markazidagi o‘sha joyga Prezident maktabini qurish har tomonlama foydali emasmi? Budjetgayam, Prezident maktabining baxtiyor o‘quvchilarigayam... Qolaversa, tahririyat binosi va shahar hokimligi Navoiy shohko‘chasida joylashgani, bu yerdagi qatnov va tirbandliklar maktab o‘quvchilari uchun qo‘shimcha muammo tug‘dirishi, ayniqsa, ularning xavfsizligini katta so‘roq ostida qoldirishi hozirdan ayon-ku?!

Qisqasi, viloyat hokimligining tezkor rasmiy munosabati «jurnalistlarning ovozini o‘chirish» uchun qilingan shunchaki bayonotga yoki g‘irt anjancha aytsak, yosh bolani «yig‘lama, senga qaq-qa obera-aman», deya yupatishga o‘xshab turibdi.

Yana bir gap. «Xabar.uz» manbasiga ko‘ra, viloyat hokimligi tahririyat uchun vaqtincha boshpana topish ishlarini boshlab yuboribdi. Bu esa rasmiy munosabatdagi va’dalarga bo‘lgan shubhani badtar oshirayotir...

Davlat rahbari har chiqishida jurnalist va blogerlarni qo‘llab-quvvatlayotgan bir paytda hokimlikning ularga nisbatan bunday sovuqqon munosabati hech qanday qolipga sig‘maydi. Qolaversa, yangi bino qurilishlari «Andijoncha tender»ga aylanib ketmasligiga ham kafolat yo‘q.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring