Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Biz dunyomizning qorong‘i o‘tmishga qaytishiga aslo yo‘l qo‘ya olmaymiz» – AQSh elchixonasi

«Biz dunyomizning qorong‘i o‘tmishga qaytishiga aslo yo‘l qo‘ya olmaymiz» – AQSh elchixonasi

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi 9-may – Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alaba sanasi munosabati bilan bayonot berdi. Unda bu sana O‘zbekistonda Xotira va qadrlash kuni sifatida bayram qilinishi alohida ta’kidlanadi.

«Ushbu Xotira va qadrlash kunida O‘zbekiston xalqini Ikkinchi jahon urushida ittifoqchi kuchlarning natsizm ustidan qozongan g‘alabasining 77 yilligi bilan tabriklaymiz. Bugun biz Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya va boshqa ittifoqchi davlatlar bilan birgalikda Sovet qo‘shinlarining 34 million a’zosi safida xizmat qilgan 530 mingdan ortiq o‘zbekistonlik qo‘shgan hissa va qurbonlarni xotirlaymiz hamda sharaflaymiz. Biz ularga, ularning oilalari va avlodlariga chuqur hurmat bajo keltiramiz»,  – deyiladi bayonotda.

Elchixona bugungi kunning eng og‘riqli mavzusi – Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga munosabat bildirar ekan, insoniyatni qorong‘i o‘tmishga qaytarish yo‘lidagi bu kabi urinishlarga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini urg‘ulaydi.

«9-may tinchlik va ozodlik g‘alabasi sifatida nishonlanayotgan bir pallada, afsuski, bugungi kunda ham 1945 yildan avval bo‘lgani kabi dahshatli xatti-harakat ko‘rinishiga guvoh bo‘lmoqdamiz: ya’ni bir davlat o‘z qo‘shnisini bo‘ysundirib, uning hududini kuch bilan bosib olishga urinmoqda. Biz dunyomizni bunday qorong‘i va xatarli o‘tmishga qaytishiga sira yo‘l qo‘ya olmaymiz. Shu bois biz bunday harakatlarni qoralaymiz hamda o‘z mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilishga intilayotgan barcha xalqlarning jasoratini e’tirof etamiz», – deb ta’kidlanadi rasmiy munosabatda.

Diplomatik vakolatxona zulmga qarshi kurashda O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi mushtarak tarixni ehtirom bilan yodga olgan va g‘ururli mustaqil O‘zbekiston xalqiga ezgu tilaklar bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda AQSh elchisi Deniyel Rozenblyum O‘zbekistonning Ukrainadagi urush bo‘yicha betaraf pozitsiya egallaganiga munosabat bildirgandi.

Joriy yil 9 mart kuni Vashingtonda tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashgan davlat kotibi Entoni Blinken esa AQSh tomoni O‘zbekistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga butkul sodiq ekanini ta’kidlagandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring