Bolalar — jannatning rayhonlari

Murg‘ak go‘dakni suyub-erkalab ko‘kka otsangiz, u qo‘rqmaydi, aksincha, shodon qiyqirib, sizni ham quvonchiga sherik qiladi. U biladi: ishonchli qo‘llar yiqilishiga aslo yo‘l qo‘ymaydi. Bu – buyuk ishonch! Ana shu ishonchning hech qachon so‘nmasligi sizu bizga, butun insoniyatga ulkan mas’uliyat yuklaydi.
Inson huquqi bola huquqidan boshlanadi
Inson tug‘ilishi bilan muayyan huquqlarga ega bo‘ladi. Ammo hali ona suti og‘zidan ketmagan bolaning o‘z haq-huquqini himoya qila oladigan darajaga yetguniga qadar ancha vaqt kerak. Ana shu vaqt oralig‘ida uning huquqlarini qonun kuchi bilan himoya qilish zarurati paydo bo‘ladi. Shu bois xalqaro huquq tizimida jismoniy va aqliy jihatdan kamolotga yetmagan, jumladan, alohida e’tibor va g‘amxo‘rlikka muhtoj bolalarning huquq, imtiyoz va kafolatlarini qamrab oluvchi «bola huquqlari» degan soha yuzaga kelgan. Inson huquqlarining ajralmas qismi sanaluvchi bu soha o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan.
Bola huquqlarini himoya qilish, kafolatlashni nazarda tutuvchi xalqaro huquqiy hujjatlar ro‘yxatining boshida «Hamma odamlar o‘z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo‘lib tug‘iladilar...» degan ulug‘vor e’tirof bilan boshlanuvchi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi turadi.
1959 yilda Bola huquqlari deklaratsiyasini qabul qilish orqali Birlashgan Millatlar Tashkiloti butun insoniyatni, ota-onalar, davlatlar hukumatlarini bolalarning huquq va erkinliklarini tan olishga, ularga rioya qilishga chaqirgan edi. Tavsiya xarakteridagi ushbu deklaratsiya bola huquqlari sohasida ulkan o‘zgarishlar davrini boshlab berdi.
Bola huquqlariga doir birinchi va asosiy xalqaro-huquqiy hujjat – Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya BMT tomonidan 1989-yilning 20-noyabrida qabul qilingan. 54 moddadan iborat ushbu konvensiya ayni paytda bola huquqlarining xalqaro miqyosda himoyalanishiga xizmat qilib kelmoqda va u bola huquqlariga doir milliy qonunchilikni rivojlantirishning mukammal andozasi sanaladi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng ratifikatsiya qilgan dastlabki xalqaro-huquqiy hujjatlardan biri ham Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bo‘lgan edi. 1992-yil 9-dekabrda ushbu konvensiyani imzolar ekan, O‘zbekiston dunyoning 193 davlati qatorida bola huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga doir qator majburiyatlarni o‘z zimmasiga oldi.
O‘tgan yillar davomida ushbu hujjat normalarini milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilish, xalqaro shartnomalar bajarilishini huquqiy tartibga solish bo‘yicha 100 dan ziyod qonun, farmon, qaror va boshqa normativ hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, Fuqarolik, Oila, Mehnat, Jinoyat, Jinoyat protsessual kodekslarida, «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida»gi, «Ta’lim to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi, «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi, «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonunlarda, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Sog‘liqni saqlash tizimini isloh etish bo‘yicha davlat dasturi, Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi va boshqa hujjatlarda bola huquqlari muhofazasiga doir normalar o‘z ifodasini topdi.
«Sog‘lom avlod» «Ona va bola», «Ayollar va bolalar sog‘lig‘ini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi davlat dasturlari, shuningdek, «Yoshlar yili» va «Barkamol avlod yili» davlat dasturlari va milliy harakat rejalarining joriy etilishi esa yurtimizda bolalar huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilish borasida o‘ziga xos huquqiy an’ana shakllanganini namoyon etdi.
Mamlakatimizda sohaga doir o‘ziga xos institutsional tizim yaratilgani ham e’tiborga molik. Bosh prokuror rahbarligida voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyasi, Ichki ishlar vazirligi qoshida voyaga yetmaganlarni ijtimoiy himoya qilish markazi faoliyat olib bormoqda. Bolalarning ijtimoiy himoyasini ta’minlovchi, iste’dodini qo‘llab-quvvatlovchi jamg‘armalar, jamoat tashkilotlari tashkil etilgan.
Voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlariga rioya etilishi doimiy ravishda nazorat qilib kelinmoqda. Masalan, 2012 yilda prokuratura organlari tomonidan voyaga yetmaganlarga doir qonunlar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishlar natijasida qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan 31354 nafar shaxs intizomiy, moddiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan. 9316 nafar mansabdor esa qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirilgan. Jiddiy qonunbuzilishiga yo‘l qo‘yilgan 842 ta holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Kafolatlangan huquq
Bola huquqlari himoyasiga doir qonunchiligimiz asosini, shubhasiz, O‘zbekiston Konstitutsiyasi tashkil etadi. Unga ko‘ra bola dunyoga kelishi bilan inson huquq va erkinliklari unga ham tegishli bo‘ladi hamda bu huquqlar davlatimiz tomonidan kafolatlanadi. Asosiy qonunimizda voyaga yetmaganlarning huquqlari davlat himoyasida ekanligi (45-modda), onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinishi (65-modda) kafolatlangan.
2008 yil 7 yanvarda qabul qilingan «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning asosiy maqsadi bola huquqlari sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish mexanizmini takomillashtirish yo‘li bilan barcha bolalarni, shu jumladan yetim bolalarni va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish tizimining samaradorligini oshirishdan iboratdir.
Ushbu qonun bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyada, O‘zbekiston qonunlarida nazarda tutilgan bola huquqlarining barcha asosiy va qo‘shimcha kafolatlarini o‘zida mujassam etadi hamda bu boradagi davlat siyosatining bosh yo‘nalishlarini belgilab beradi.
Qonunda bola (o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxs)ning yashash huquqi, induviduallikka va uni saqlab qolishga bo‘lgan huquqi, himoyaga bo‘lgan huquqi, bilim olish huquqi, g‘ayriqonuniy ko‘chirilishdan himoyalanish huquqi, oilaviy muhitga bo‘lgan huquqi, o‘z fikrini ifoda etish huquqi, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik va boshqa huquqlari kafolatlab qo‘yilgan.
Baxtli bolalik uchun
O‘zbekiston o‘z istiqlol va tarraqqiyot yo‘lini tanlab olar ekan, aqlan yetuk, ruhan tetik va sog‘lom, erkin va tanqidiy fikrlovchi, ayni paytda ijtimoiy mas’uliyatni his etadigan, muayyan kasb egasi bo‘lgan barkamol avlodni tarbiyalashni asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilab oldi.
Bu yo‘nalishdagi chora-tadbirlar yillar davomida takomillashib bordi va besamar ketmadi. Nufuzli xalqaro institutlarning baholashicha, hozirda O‘zbekiston dunyoning 125 davlati orasida onalik va bolalalikni muhofaza qilish borasida yetakchi o‘rinlardan birini egallab turibdi. Xususan, «Bolalarni asraylik» xalqaro tashkiloti tomonidan tuzilgan reytingda mamlakatimiz dastlabki o‘ntalikka kirganini ta’kidlab o‘tish joiz.
2011 yilda poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan «O‘zbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilishning milliy modeli: «Sog‘lom ona – sog‘lom bola» mavzusidagi xalqaro simpoziumda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YuNISEF va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan yurtimizda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar yuksak baholandi.
Yurtboshimiz «Sog‘lom avlod uchun» jamg‘armasi tashkil etilganining 20 yilligiga bag‘ishlangan anjumanda bu haqda: «Azal-azaldan o‘zining bolajonligi, oilaga mehri va sadoqati bilan tanilgan el-yurtimizning, xalqimizning qalbida doim saqlanib kelayotgan bunday olijanob intilishlar mustaqillik yillarida O‘zbekistonda tom ma’nodagi umummilliy harakatga aylandi desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Mamlakatimizda o‘tgan yillar davomida millat genofondini yaxshilash, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash maqsadida Toshkent shahri va barcha viloyatlar markazlarida zamonaviy perinatal va skrining markazlari bunyod etilgani, birgina 2012 yilda tibbiyot muassasalarini qurish va rekonstruksiya qilish, diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlash uchun 263 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanganining o‘zi, o‘ylaymanki, bu yo‘nalishdagi ishlarimizning ko‘lami va miqyosidan dalolat beradi.
Yurtimizda shakllangan reproduktiv salomatlikni ta’minlash bo‘yicha milliy model Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Sharqiy Yevropa, Boltiqbo‘yi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari uchun eng yaxshi mintaqaviy dastur sifatida tavsiya etilgani, hech shubhasiz, xalqaro miqyosdagi yuksak e’tirofdir», – degan edi.
Yurtimizda ta’lim tizimini isloh qilish, rivojlangan davlatlar darajasiga olib chiqish borasida ham keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bunda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Sohaga davlat budjetining 35 foizi yo‘naltirilayotganining o‘zi ham tizimga qaratilayotgan e’tibor darajasini ko‘rsatadi. Mamlakatimizda maktablarning deyarli barchasi yangitdan qurildi, kapital rekonstruksiya qilindi va zamonaviy o‘quv jihozlari bilan ta’minlandi. Qisqa muddat ichida 1500 dan ortiq yangi kollej va litsey barpo etildi.
Bu islohotlar samarasi o‘laroq bugun o‘zbek bolasi xalqaro standartlar darajasida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Yozning birinchi kuni...
Bolalarni himoya qilish, asrab-avaylash – kundalik vazifa. Butun insoniyat va insonparvar jamiyat uchun bundan muhimroq vazifaning o‘zi yo‘q, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsa-da, kalendarda 1 iyun Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida belgilab qo‘yilgan va bu sanaga odatdagi, hamma ham e’tibor beravermaydigan «...kuni»lardan biri sifatida qaralmaydi.
Bu kunning alohida belgilanishidan asosiy maqsad – kundalik tashvishlarga ko‘milib yashayotgan kattalarga bolalarning haq-huquqlari, bolalar ularning himoyasiga muhtojligi haqida eslatib qo‘yishdan iborat. E’tiborli jihat shundaki, 1950 yildan buyon xalqaro miqyosda nishonlab kelinayotgan bu bayram tashabbuskorlari ayollar – Xalqaro xotin-qizlar federatsiyasi vakillari bo‘lgan ekan.
Aholisining qariyb 40 foizini voyaga yetmaganlar tashkil etgan yurtimizda ham bu kun munosib tarzda nishonlanadi. Turli tadbirlar o‘tkaziladi, bolalar har qachongidan ham ko‘proq mehr-muruvvatdan, e’tibordan bahramand bo‘lishadi. Taqdir taqozosi bilan ota-ona mehridan mosuvo bo‘lgan norasidalar holidan xabar olinib, saxovatli insonlar tomonidan himmat ko‘rsatiladi. Maqsad – har bir bola chinakam bolalik gashtini sursin, mehrga qonib, ezgu hislar og‘ushida kamol topsin.
Bolaning begonasi bo‘lmaydi
«Insoniyat o‘zida mavjud bo‘lgan eng yaxshi narsalarning hammasini bolalarga berishga majbur», – deyiladi Bola huquqlari deklaratsiyasida. Ammo insoniyat bu majburiyatini anglab yetib, to‘liq ado etmoqda deyish qiyin. Yer yuzining qaysidir nuqtasida ochlikka mahkum etilgan yoki qo‘llariga o‘yinchoq emas, haqiqiy qurol olishga majbur qilingan yoxud odam savdosiday jirkanch illat sabab nafs bandalari qo‘lida tovarga aylanayotgan bolalar bor ekan, bunday deya olmaymiz ham.
Taraqqiyotdan ortda qolgan ayrim mamlakatlarda yoki urush o‘chog‘iga aylangan nuqtalarda bolalarga ochlik, OITS, savodsizlik kabi xatarlar tahdid solib turgan bir paytda, rivojlangan g‘arb mamlakatlarida bolalarni TV, kompyuter (internet, kompyuter o‘yinlari), barvaqt jinsiy yetilish kabi muammolar girdobidan asrash haqida qayg‘urilmoqda. Kunchiqar tomonlarda esa tarbiya bilan bog‘liq milliy an’analar yo‘qolib borayotgani oqibatida yangi avlod tarbiyasida uzilish yuz berayotganidan tashvishga tushishgan.
Bola hamma joyda ham bola. Uni yana nimalardan himoya qilish kerak?
Bugun internet, mobil aloqa, kompyuter o‘yinlari, audiovizual mahsulotlar iste’molchilarining aksariyati bolalar. Ular orqali tarqalayotgan buzg‘unchilik, axloqsizlik, zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi axborotlar iste’molchilari-chi? Bugungi bolani axborot xurujidan himoya qilish shart ekan.
Ota-onasidan, atrofidagilardan mehr ko‘rmagan bola, aqli bo‘lsa, ertaga kattalarning xatosini takrorlamaydi. Farzandiga, oilasiga, o‘zi yashayotgan jamiyatga borini beradi. Yoki aksincha – jamiyatga mehr ko‘rmagan, ertaga mehr ko‘rsatmaydigan bolalarni «tarbiyalab beradi». Bolani bemehr, toshbag‘ir ota-onalardan ham himoya qilish kerak ekan.
Bola katta orzular bilan ta’lim muassasasiga, deylik maktabga qadam qo‘ydi. Hamma sharoit muhayyo. Ammo... tezda bolaning shashti qaytdi. Bolaga ilmini, mehrini uning ota-onasining hamyoni-yu mavqeiga qarab taqsimlaydigan o‘qituvchi-murabbiydan ham himoya qilish kerak ekan.
Demak, bolalarni ularning bolaligini o‘g‘irlayotgan kattalardan himoya qilish kerak ekan.
Bolalarni «jannat rayhonlari» deya suyub-e’zozlagan payg‘ambarimiz Muhammad (SAV) har bir bola dunyoga toza fitrat bilan kelishini marhamat qilganlar. Uning qanday inson bo‘lib yetishishi tarbiyaga, atrofdagilarning unga bo‘lgan munosabatiga bog‘liq. Bolaning top-toza, beg‘ubor qalbida ezgulik urug‘ini undirish, har qanday zulm, haqsizlik va yovuzliklardan asray bilish baxti barchaga nasib etsin.
Shavkat Yodgorov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter