Bolalarning yurak nuqsoni bilan tug‘ilishiga nima sabab bo‘ladi?
Bu haqda SSV matbuot xizmatiga tibbiyot fanlari doktori, professor Hakimjon Abrolov quyidagilarni ma’lum qildi.
— Tug‘ma yurak nuqsonlari yoki umuman tug‘ma anomaliyalarning rivojlanishiga, asosan, oltita faktor ta’sir qiladi:
- homilador ayollardagi anemiya;
- ayolning surunkali yoki o‘tkir infeksiyali kasalligi;
- virusli kasalliklar;
- garmonal faktor;
- neyrogumoral faktor;
- yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh.
Kamqonlik, homiladorlikning dastlabki uch oyligida ayolning grippga chalinishi va bunga qarshi davolanmasligi, qolaversa, buyrak va boshqa a’zolardagi surunkali xastaliklar, onada uchraydigan turli infeksiyalar va virusli kasalliklar homilaning sog‘lom rivojlanishiga imkon bermaydi.
Natijada bolada tug‘ma nuqsonlar paydo bo‘lishi mumkin. Bu muammoning oldini olish uchun homiladorlikni rejalashtirishdan oldin bo‘lajak ota-ona tor doiradagi mutaxassislar ko‘rigidan o‘tib, kasallik aniqlansa, davolanishi lozim.
Buning eng samarali yo‘li homilador ayollarni skrining ko‘rigiga o‘z vaqtida jalb etishdir. Bugun mamlakatimizda ona-bola skrining xizmati rivojlanib borayapti. Qolaversa, tug‘uruq majmualarida har bir chaqaloq chuqur ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bolada tug‘ma nuqson bo‘lsa, shu yerning o‘zida aniqlash imkoni mavjud.
Tug‘ma yurak nuqsonlarining turlari juda ko‘p. Shu bois davolash ishlari kasallikning turiga qarab belgilanadi. Deylik, ochiq arterial protok —shunday turlardan biri.
Bola olti oylik bo‘lgunicha, organizmdagi fiziologik o‘zgarishlar tufayli bu tug‘ma yurak nuqson turi kichik hajmda bo‘lsa, o‘z-o‘zidan yopilib ketish imkoni bo‘ladi.
Qisqasi, har bir kasallikni davolashning o‘z standartlari bor. Davolash ishlarini shu asosda tashkil etish uchun bemor doimo shifokor kuzatuvida bo‘lishi lozim.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter