Bosh prokuratura tadbirida Andijon hokimining nomi ikki bor tilga olindi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanining savol-javob qismida «Andijoncha spektakl» yana bir bor eslandi.
Ma’lumki, bir necha oy avval, davlat rahbarining Andijonga tashrifi arafasida viloyat hokimligi mutasaddilari 5 nafar ehtiyojmand ishchilarga kottej berilishini va’da qilib, ulardan bu haqda OAVga intervyular uyushtirilgan, tasvirda ular (kottejlarga) uy egasi sifatida ko‘rsatilgan, biroq yakunda bu ishlar ko‘zbo‘yamachilik ekani fosh bo‘lgan edi. Mazkur holat Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilib, yakunda zudlik bilan aybdor shaxslarning intizomiy javobgarligi masalasini hal qilish hamda bu kabi holatlarga chek qo‘yish choralarini ko‘rish to‘g‘risida Andijon viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov nomiga taqdimnoma kiritilgandi.
Mazkur taqdimnoma taqdiri bilan qiziqqan jurnalistning savoliga Bosh prokuratura matbuot xizmat rahbari H.Shamsutdinov «...qo‘shimcha javob berilishi»ni aytdi.
Eslatib o‘tamiz, andijonlik amaldorlarning aldovlariga laqqa tushib, uysiz qolgan ayollardan biri — M.Rahimova o‘z joniga qasd qilgani xaqida Xotin-qizlar qo‘mitasi xabar tarqatdi.
«Andijoncha spektakl» shov-shuvlari sovumay viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov yana jamoatchilik diqqat markaziga tushadi. Ya’niki, uning ovozi ekani aytilgan audioyozuvda hokim viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ini haqoratlar to‘la gaplar bilan «siylashi» ortidan mahalliy aholini zarur dori vositalari bilan ta’minlashda budjet mablag‘lari go‘yoki to‘g‘ri sarflanayotgani aytib, vazir (sog‘liqni saqlash vazirini nazarda tutib, uni «vazircha» deydi) Bosh prokuraturaga murojaat qilganidan jazavaga tushgani bilinadi. Hokimning haqoratli so‘zlariga o‘z vaqtida sog‘liqni saqlash vazirligi munosabat bildirib, vaziyat aslidan boshqacha ekani ta’kidlagan edi.
Hokimning jazavasi, shuningdek, vazirlikning bayonotida ham gap aylanib, prokuraturaga borib taqalgani e’tiboridan viloyat aholisini dori-darmon bilan ta’minlashda budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani yoki maqsadsiz sarflangani ehtimoli bor-yo‘qligi xususidagi savolga ham Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbarining javobi qisqa bo‘ldi: «Bu masala Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda. Yakuni haqida qo‘shimcha ma’lumot beramiz...».
Kutamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter