Buxoro IIB boshlig‘i viloyatda sodir etilgan jinoyatlarni ochiqladi

Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoiy tajovuzlar, ya’ni kiberjinoyatlar sonining ortib borayotgani, bu turdagi jinoyatlarning masofadan turib sodir etilayotgani uni aniqlashda ichki ishlar organlari faoliyatida ham qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.
«Buxoroda joriy yilning birgina birinchi choragi davomida bu yo‘nalishda jami 451 ta jinoyatlar qayd etilib, asosan kibero‘g‘rilik 102 ta va kiberfiribgarlik 343 tadan iborat. Bunday jinoyatlarning 169 tasida turli aldovlar bilan yuborilgan soxta havola orqali fuqarolar karta boshqaruvini boy berishgan. 137 tasida internet orqali onlayn savdolarni amalga oshirishda pul to‘lashgan, 93 tasida go‘yoki «pulingiz ko‘payadi» degan soxta aldovlarga «uchishgan». Jinoyatchilar fuqarolar ishonchiga kirish maqsadida sun’iy intellektdan foydalanib, odamlarning soxta videolarini tayyorlab, uning ortidan qo‘rqituv va bosim orqali pul undirish jinoyatlarini sodir etishayotgani yanayam achinarli»,-deydi «Xabar.uz»ga Buxoro viloyat IIB boshlig‘i, polkovnik Ikromjon Tursunov.
Ikromjon Tursunovning so‘ziga ko‘ra, kiberjinoyatlarning oldini olish bo‘yicha ko‘plab ishlar bajarilayotganiga qaramay, uni aholiga yetkazishda haligacha muammolar bor.
«Yon atrofda kiberjinoyat borasida shuncha ko‘ngilsiz holatlar yuzaga kelayotgan bo‘lsa-da, fuqarolarda hali ularga qarshi immunitet to‘la shakllanmagan. Odamlarning o‘ta ishonuvchanligi, oson boylik orttirishga bo‘lgan qiziqishi bu qopqonga tushishiga sabab bo‘lmoqda. Oddiygina «Plastik karta pin-kodini begona shaxslarga bermang», «Masofadan turib elektron to‘lovlarni yoki pul o‘tkazmalarini amalga oshirish davomida maxsus kodni oshkor etmang», «O‘zini bank mutaxassisi sifatida tanishtirib, karta to‘g‘risidagi ma’lumotlarni so‘ragan shaxslardan ehtiyot bo‘ling!»-deya takror-takror targ‘ibot ishlari amalga oshirilsa-da, natija, deyarli ko‘zga ko‘rinmaydi. Bu judayam og‘riqli»,-so‘zida davom etdi Ikromjon Tursunov.
Buxoro viloyat IIB boshlig‘i giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlar haqida ham so‘z yuritar ekan, ushbu moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi keskin kurash olib borilayotgani xususida to‘xtaldi.
«Eng avvalo, yoshlar hamda voyaga yetmaganlar orasida bu illatlar keng tarqalishining oldini olish maqsadida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlarda shu yilning o‘zida 5 kg 749 gr giyohvandlik moddalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoiy holatlarga chek qo‘yildi. Tezkor tadbirlar davomida 325 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hujjatlashtirib olindi. Mazkur aniqlangan jinoyat ishlari doirasida jami
35 nafar shaxslar javobgarlikka tortildi. Bu turdagi aniqlangan narkotiklar agar muomalaga chiqib ketganida, 50 mingdan ortiq yoshlarni zaharlashi mumkin edi. Birgina misol sifatida aytadigan bo‘lsam, Buxoro shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, ikki nafar yoshlar tomonidan Buxoro shahar va Buxoro tumanlari hududida jami 12 ta joyga «zakladka» usulida giyohvandlik vositalarini yashirganligi aniqlandi. Ulardan birining yashash xonadonidan esa «qora bozor»dagi taxminiy narxi 190 million so‘mga teng bo‘lgan jami 200 gr «spays» sintetik giyohvandlik vositasi topildi. Ushbu giyohvandlik moddaning taxminan, 900 ta iste’mol dozaga yetarli ekani aniqlandi. Romitan tumanilik yosh fuqaroning o‘z yashash xonadonida 3 kg «marixuana» giyohvandlik moddasini muomalaga kiritayotganda qo‘lga olingani keyingi achinarli holatlardan. Ma’lumingizki, keyingi paytlarda bu turdagi jinoyatlar ham zamonaviylashib bormoqda. Giyohvand hamda psixotrop moddalar savdosi bilan shug‘ullanishning ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chayotgani, internet do‘konlari, ularning administrator va operatorlari, «kladmenlar» va «zakladchiklar» orqali yuzaga kelayotgani og‘riqli muammolardan. Bu jarayonga bizning sodda yoshlarimiz, ayniqsa, voyaga yetmaganlarning jalb etilayotgani esa o‘ta xatarli. Bu jinoiy guruhlar faoliyati xorijdan turib boshqarilmoqda. Ularga yetib borish turli qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda»,-dedi viloyat IIB boshlig‘i.
Ikromjon Tursunov yon-atrofda murakkab vaziyat, tahlikali davr kezayotgan bir paytda fuqarolar, ayniqsa, yoshlar ongiga ijtimoiy tarmoqlar orqali «ommaviy madaniyat», «soxta demokratiya», noto‘g‘ri diniy tushunchalar orqali tahdid bo‘layotgani misolida Buxoro aholisiga murojaat bilan chiqishiga to‘g‘ri kelganini ta’kidladi. Bunda fuqarolardagi loqaydlik va atrofdagi hodisalarga bee’tiborlik ham aynan ushbu turdagi jinoyatlarning keng quloch yoyishiga sabab bo‘layotganini bildirdi.
«Buxoroda jinoyatchilikning ikkinchi o‘rinda katta salmog‘ini firibgarlik jinoyatlari tashkil etayotganini yashirishga hojat yo‘q. Ushbu jinoyat turi ham ko‘lam va ko‘rinishini kengaytirmoqda. Jumladan, konsalting xizmat ko‘rsatuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatlar tomonidan yoshlarni chet davlat oliygohlariga imtihonsiz o‘qishga kiritib, bir yildan so‘ng, o‘qishni O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirib berishni va’da berish orqali soxta shartnomalar rasmiylashtirilyapti. Chet tillarini bilish bo‘yicha soxta sertifikatlarni tayyorlab berish, mansabdor shaxslar orqali ishga joylashtirishni va’da qilishlar oshyapti. Pul evaziga fol ochish, kelajakni aytib berish, soxta tabiblik bilan shug‘ullanayotganlar aldoviga ishonib qolayotganlar to‘g‘risida gapirmasa ham bo‘ladi. Hatto, ma’lum bir jinoyat ishi bo‘yicha o‘zini organ xodimi, deb tanishtirib, surishtiruv, tergov hamda sud qarorlarini ijobiy hal qilish, jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarni ozodlikka chiqarish evaziga pul talab qilayotganlik holatlari ham yo‘q emas. Zamon bilan birga tezlashib, mislsiz darajada turi oshib, «yangilanib» borayotgan jinoyatlarga qarshi hamjihatlikda, birgalikda kurashmas ekanmiz, ko‘zlangan maqsadlarga yeta olmaymiz»,-dedi viloyat IIB boshlig‘i Ikromjon Tursunov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter