Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda ona va o‘g‘ilga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Buxoroda ona va o‘g‘ilga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Foto: «Xabar.uz»

Buxoroda fuqarolarga 10 foizga turli miqdorda qarz berib, muddatida to‘lanmagan foizlar o‘rnida ularning mulklarini majburan tortib olish bilan shug‘ullanib kelgan ona va o‘g‘ilga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. «Xabar.uz» ga bildirilishicha, ona va o‘g‘il qarzdor fuqarolarni o‘z uyi qurilish-ta’mirlash ishlariga ham majburlab kelishgan.

Departementning Buxoro viloyat boshqarmasi tergov bo‘limi surishtiruvida bo‘lgan mazkur holat yuzasidan Shofirkon tumanida yashovchi O.S. hamda uning o‘g‘li S.Sh.larga nisbatan to‘liq hujjatlar to‘plangan.

Holatga ko‘ra, O.S. hamda uning o‘g‘li S.Sh. noqonuniy ravishda fuqarolarga oyma-oy to‘lash sharti bilan turli miqdorda pul mablag‘larini qarzga berib kelgan. Muddatida to‘lanmagan foizlarni asosiy qarzdorlikka qo‘shib, odamlarning qarzdorligi haqida ularning ish, o‘qish va yashash joyida obro‘sizlantirish bilan qo‘rqitgan. Bundan tashqari, olingan qarzga to‘g‘ri kelmaydigan qo‘shimcha tilxatlar yozdirib olib, odamlarni o‘z uyida turli qurilish-ta’mirlash ishlariga majburlab, mulklarini tortib olish bilan shug‘ullanib kelgan.

Huquq-tartibot organlariga kelib tushgan arizalarga asosan, tekshiruv harakatlari olib borilib, hovli-joylari ko‘zdan kechirilgan. O.S. hamda uning o‘g‘li S.Sh.ning xonadonidan 10 foiz ortig‘i bilan qaytarish evaziga qarz ollgan ko‘psonli tilxatlar, 9 ta fuqarolik pasportlari, shuningdek, boshqa odamlarga tegishli bo‘lgan turli taqinchoqlar topilgan.

«2023 yilning yoz oyida fuqaro O.S.dan o‘z ehtiyojim uchun 23 million so‘m miqdorda qarz olib, noyabr oyida olgan qarzimning 10 million so‘mini qaytardim. 2024 yilning yanvar oyida esa mening boshqaruvimda, otamning nomida bo‘lgan «Matiz» rusumli avtomashinamni hovlisiga kiritib qo‘ydi. 23 million so‘mlik qarzini 100 million qilib qaytarishimga majburan tilxat yozdirib oldi. Belgilangan muddatda 100 million so‘mni qaytara olmasam, meni avtomashinani o‘z nomlari rasmiylashtirib beradigan sharoitga solib qo‘yishdi»,-deydi fuqaro O.Q.

Xuddi shuningdek, ona va o‘g‘il Shofirkon tumani, «Mingchinor» oilaviy shifokorlik punkti xodimi J.J.ni ham qiyin vaziyatga solib qo‘yishgan. J.J. 2022 yilning senyabr oyida har oyda olinadigan qarz summasining 10 foizini berish sharti bilan ulardan 1000 AQSh dollari qarz olgan. 2023 yilning aprel oyiga qadar foizlarni oyma-oy to‘lab kelgan. Shu davr mobaynida bir oylik foiz to‘lovini amalga oshira olmagani uchun J.J.ni shifokorlik punktiga borib, sharmanda qilish bilan qo‘rqitishgan. J.J.ning «Damas» rusumli avtomashinasini olib ketib, hovlisiga kiritib qo‘yishgan.

«48 million so‘m berishimni talab qilishdi, yo‘qsa, avtomashinamdan «ayrilishim»ni bildirishdi. Meni majburan 48 million so‘m pulni beradigan sharoitga solishdi va shuncha miqdordagi pulni ularga berishga majbur bo‘ldim. Shundan so‘nggina«Damas»imni qaytarishdi», — dedi J.J.

Ko‘psonli fuqarolarga tovlamachilik va o‘zboshimchalik jinoyatini «qo‘llab» kelishgan O.S. hamda uning o‘g‘li S.Sh.larning xatti-harakatlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 22-moddasiga ko‘ra, tergov harakatlari olib borilgan. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-(Tovlamachilik) hamda 229-moddalari (O‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ayni paytda holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring