Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chigit mojarosi: Qashqadaryo hokimligi qonunni buzgani aytildi

Chigit mojarosi: Qashqadaryo hokimligi qonunni buzgani aytildi

Antimonopoliya qo‘mitasi Qashqadaryo viloyatida salkam 100 tonna chigit noqonuniy ushlab turilganini aytdi. Qo‘mitaga ko‘ra, bu kabi holat avval ham 3 ta viloyatda sodir bo‘lgan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi chigit «Umekey» postidan o‘tkazilmayotgani yuzasidan Qashqadaryo voloyati hokimiyati va Qashqadaryo voloyati IIBga so‘rovnoma yuborgan.

Qayd etilishicha, 2020 yilda ham 3 ta viloyatda bu kabi holat kuzatilgan. Qo‘mita tomonidan 2020 yil 27 noyabrdagi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 12-moddasi talablari buzilgani holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 12 oktyabrdagi 225-sonli qaroriga muvofiq Qashqadaryo, Xorazm va Surxandaryo viloyat hokimliklariga, ushbu viloyatlarning IIBlariga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan edi.

Qonunning 12-moddasida mahalliy hokimiyatlar tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilishiga yo‘l qo‘yilmasligi yozilgan. Qonunchilik talablari buzilgani o‘z tasdig‘ini topganiga qaramay, Qashqadaryo viloyatida bu kabi holat qayta kuzatilmoqda.

«Hozirgi kunda Qashqadaryo viloyatining tegishli korxonalari tomonidan birja savdolariga qo‘yilgan chigit mahsulotlari birja orqali tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan sotib olinganligiga qaramay, ushbu chigit mahsulotlarini viloyat hududidan olib chiqishda to‘siqlar borligi noroziliklarga sabab bo‘lmoqda», deyiladi qo‘mita axborotida.

Ayni paytda holat o‘rganilmoqda, qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Eslatib o‘tamiz, Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari chegarasida 100 tonna chigitni Qashqadaryo hokimi va uning birinchi o‘rinbosari topshirig‘i bilan noqonuniy ushlab turilganini aytgandi.

Keyinroq Qashqadaryo hokimligi axborot xizmati mazkur holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring